Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Zlatan Ibragimovich: «Milan»ni yomon sog‘inaman hali»

Zlatan Ibragimovich: «Milan»ni yomon sog‘inaman hali»

Baho:
+ | -

Mag‘rur Zlatan Ibragimovich qo‘qqisdan samarali futbolchilik fao­liyatiga nuqta qo‘yishni lozim topdi.

«A» seriya 38-turidan o‘rin olgan «Milan» - «Verona» (3:1) o‘yinidan keyin «rossonerlar» tarixida yorqin iz qoldirgan shvesiyalik to‘purar hujumchi sharafiga maxsus xayrlashuv matbuot anjumani tashkil etildi.

- Zlatan, xayrlashuv oqshomi qanday bo‘ldi?

- Men uchun alohida sana, o‘zgacha oqshom. To‘g‘risi, oxirgi damgacha kimgadir futboldan ketayotganimni aytgim kelmadi. Faqat klub rahbariyatiga so‘nggi o‘yin uchun tantanali biror tadbir tayyorlash taklifi bilan chiqdim, lekin faoliyatimni yakunlashga qaror qilganimni bildirmadim. Jurnalistlarga sabr-toqat bilan chidashgani uchun rahmat, endi ularda ish hajmi kamayadi. Ertadan futbolcha hayotdan qutulgan ozod odamga aylanaman. Ortimda uzundan-uzun faoliyat qolmoqda. Albatta, futbolda bosib o‘tgan yo‘lim bilan faxrlanaman, g‘oyat baxtiyorman. Zlatan ertagi juda ko‘p davom etdi. O‘ynashdan chekinmasligim uchun qo‘shimcha kuch, adrenalin, ishtiyoq va his-tuyg‘ular baxsh etib turganlardan bag‘oyat minnatdorman. Bugun professional futbolchi sifatida oxirgi kunni o‘tkazyapman, shunday ekan, avvalo, «Milan»ga barcha ishlari uchun tashakkur izhor etishim kerak. Qolaversa, men bilan birga o‘ynaganlar, qolgan klublarim va terma jamoaga ham ta’zim qilaman. Meni yaqindan taniydiganlar samimiy gapirayotganimni yaxshi bilishadi. Kelajagim? Keling, shoshilmaylik, hozircha ushbu lahzalardan boricha zavqlanaylik.

- Qiziq, futboldan nimani ko‘proq sog‘inasiz?

- Uzoq yillar professional futbolchi uchun odatiy sanalgan dastur-tartib asosida yashadim. Endi esa amal qilinishi zarur aniq shartlarni unutaman. Sog‘inch masalasiga kelsak, avvalo, kiyinish xonasi muhitini qo‘msashim tayin. Shu kunga qadar o‘zimda borini kiyinish xonasida jamoa bilan baham ko‘rdim, endi esa uyda, turmush o‘rtog‘im va farzandlari davrasida shunday qilaman. O‘ylaymanki, bunga to‘liq tayyorman.

- Nuqta qo‘yish vaqti kelganini qachon tushundingiz, qaror chiqarishda ikkilanmadingizmi?

- Hammasi oddiy: uyqudan turganimda, yomg‘ir yog‘ayotgandi va ketishimdan hattoki, osmon ham yig‘layotgandek tuyuldi. Hammasi oxirgi 10 kun ichida hal qilindi. Qisqasi, qalbimga quloq tutib, ketish fursati kelganini angladim. Muhimi, bugun shunchalik go‘zal muhit aro yayradimki, buni umr bo‘yi eslab yuraman. Endi avtomobilim Milanelloga mensiz boraversin, o‘zimga yangi yo‘nalishlar topishim kerak. «Milan»ga qaytishda katta mas’uliyatni zimmamga olgandim, xuddi jamoa haydovchisi kabi edim. Bu rol juda yoqdi. Aslida AQSHdan Yevropaga qaytishni o‘ylamagandim, lekin do‘stim Mino (agenti, marhum Mino Rayo­la) meni ishontirdi. Futbolga nisbatan ishtiyoqim juda baland. Menda shunday mentalitet borki, doimo rivojlanish, oldinga siljishni xohlayman, hech qachon o‘zimdan to‘liq qanoatlanmayman. Albatta, Milanelloni sog‘inaman, lekin jamoadoshlar bilan suhbatlashish uchun kelib turaman.

- Endi kelajagingizni qanday ko‘ryapsiz?

- Ayni payt faqat ozgina tin olish va va yutuqlarimdan qayta zavqlanishni xohlayman. Ichimda hali beqiyos his-tuyg‘ular bor va bu vaqtda shoshilinch to‘xtamga kelish noto‘g‘ri. Hozir yozdan shunchaki, zavqlanishim, dam olib, qanday ishlarga ulgurganimni o‘ylashim ma’qul. Ehtiroslar bosilganidan keyingina xotirjam holda qanday variantlar borligini ko‘rib chiqaman, albatta. Murabbiy yoki direktor bo‘lish - katta mas’u­liyat. Futbolchida o‘zligini saqlab qolish imkoniyati ko‘proq, murabbiyda esa cheklovlar anchagina, baribir. Deylik, murabbiy mashg‘ulotlarga bemalol «Ferrari»da kelmasligi kerak. To‘g‘ri, agar Ibra murabbiy bo‘lsa, ehtimol, mumkindir. Vektorni biroz o‘zgartiraylik. Yo‘q, futboldan butunlay chiqib ketmasam kerak, lekin agar qayt­sam, zinapoyani qayta o‘rnatib, undan sekin-asta ko‘tarilishni boshlayman. Qolaversa, top-murabbiyga aylanishimga ham kafolat yo‘q.

- Aytingchi, sizga o‘xshagan futbolchi bormi?

- Zlatan - yagona! Yo‘q, bu xudbinlik emas, shunchaki, hammamiz boshqachamiz. Bolaligimda meni ko‘pincha Marko van Basten bilan taqqoslashardi. Amalda u - van Basten, men esa - Zlatan. Albatta, ayrim nyuanslar o‘xshashi mumkin, ammo o‘yinchilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqqoslashdan ma’no yo‘q. O‘ylashimcha, xuddi shu «men»ga ega yana bir Zlatanning dunyoga kelishi mumkin emas.

- Marhum Mino Rayolaga biror gap aytishni xohlarmidingiz?

- Qarorlarni hamisha u bilan maslahatlashgan holda qabul qilardim, hattoki, futboldan tashqari masalalarni ham birga hal etardik. Aslida mutlaqo mustaqil insonman, hech kimni shaxsiyatimga yaqinlashtirmayman, lekin Mino bundan mustasno. U bilan muammolarimni ham baham ko‘rdim. Do‘stimning o‘limi fojia va endi hech narsa avvalgidek emas. U mayda-chuyda ishlarni hal qilar va men bemalol o‘ynashda davom etardim. Mino hayot bo‘lganida, futbolda qolarmidim? Ehtimol. Binobarin, u o‘z ulushini qanday olishni bilardi... Kechirasan, Mino, lekin bu haqiqat (kuladi).

- Faoliyatingizning qaysi lahzasi yuragingizga chuqurroq muhrlangan?

- Bugungi kun! Ochig‘i, bunaqasini hatto orzu ham qilmagandim. «Milan»dagi ilk kundanoq o‘zimni uydagidek erkin tutdim. Birinchi tashrifda ham, ikkinchisida ham. Hammasi yaxshi bo‘ldi. Bu klubni ko‘p sog‘inaman hali. Mana, «Milan» bugun hammaga haqiqiy Ibragimovichni ko‘rsatdi.

- Futbolchilik faoliyatini tugatish qarori qanday keldi?

- Vaqtning o‘zi buyurdi. Atrofimdagilar bilan juda ko‘p maslahatlashdim, ammo «Bas, yetarli» deyish va shaxsiy hayotdan boshqacha bahra olishga qaror qilishim uchun eng muhim dalillarni aynan vaqt keltirdi. Aslida takliflar oldim, lekin sen to‘xtashni lozim topganingda, ular uncha qiziqtirolmaydi. Uzoq yillar davomida har kuni nimanidir o‘rgandim, kelajakda zavqlanish uchun xayoliy xotiralar to‘pladim. Endi har bir vaziyat hosilidan bahra olishim, uzoq yurish mobaynida nimalarga erishganimni tushunishim kerak. Yana futbolsiz yashash qandayligini his etish zarurati ham bor.

- Zlatan, juma kuni La Gazzetta dello Sport nash­riga bergan intervyungizda faoliyatingizni tugatishga hali tayyor emasligingiz haqida gapirgandingiz. Biroq... 

- Aslida o‘sha intervyuni berayotgan payt allaqachon butsamni mixga ilish masalasida aniq to‘xtamga kelgandim, faqat bu haqda hech kim bilmasdi, shuning uchun dabdurustdan to‘g‘ri javob berolmadim. Oddiy aytganda, qarorimni hammaga bir vaqt­da yetkazishni istadim...

Professional faoliyatini 1999 yili boshlagan Zlatan Ibragimovich futboldagi yurishi davomida «Milan»dan tashqari, «Malmyo», «Ayaks», «Yuventus», «Inter», «Barselona», «PSJ», «MYU» va «Los-Anjeles Geleksi» klublari sharafini munosib himoya qildi. Jami 511ta gol - bu Ibraning buyukligidan bir nishona. Shvesiyalik futbolchi Niderlandiyada 2 marta, Italiyada 7 marta, Fransiyada 4 marta va Ispaniyada 1 marta chempion bo‘ldi - afsona ekanligiga yana bir dalil.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 17:00, 16.06.2023.
O'qildi: 1438 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.