"Napoli" Luchano Spalettining o‘rniga kutilmagan murabbiy topdi.
Endi Kvarasxeliya, Osimxen va boshqa Italiya chempionlarini Rudi Garsiya boshqaradi. Atigi uch oy oldin Krishtianu Ronalduning tuhmati bilan “An-Nasr”dan haydalgan 59 yoshli fransuzni Neapol klubining boshida ko‘rishni hech kim kutmagandi. "Napoli" prezidenti Aurelio De Laurentis Garsiya bilan jamoa oldinga yana bir qadam tashlashiga ishonch bildirmoqda.
“Menimcha, Skudetto, biz ko‘p yillardan beri intilib kelayotgan va nihoyat erishgan maqsadimiz faqat birinchi qadamdir. O‘ylaymanki, bu "Napoli" muxlislari uchun faqat boshlanishi bo‘ldi. Umid qilamanki, biz bu muvaffaqiyatni takrorlaymiz. Men Chempionlar ligasi finaliga chiqishni istardim”, - dedi neapolliklar prezidenti fransiyalik murabbiyning tayinlanishini sharhlar ekan.
De Laurentis turli nomzodlar orasidan uni tanladi. "Napoli" prezidentining o‘zi Garsiya bilan shartnoma imzolashdan biroz avval uning ro‘yxatida bosh murabbiylikka 40 (!) nomzod borligini ma’lum qilgandi va hamma shartlarga javob berardi: ular 4-3-3 sxemasi bo‘yicha o‘ynashlari kerak edi. Ommaviy axborot vositalari va insayderlar Spalettining o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan murabbiylar – Luis Enrike, Yulian Nagelsmann, Antonio Konte, Roberto Manchini, Jan Pyero Gasperini, Kristof GaltYE, Rafael Benites, Vinchenso Italyano va hatto “Real Madrid”ning amaldagi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti nomini tilga oldi. Ushbu mutaxassislardan ba’zilarining ismlari Garsiyanikidan ancha balandroq yangradi, ammo De Laurentis Rudini past narx bo‘yicha eng yaxshi variant deb hisobladi.
Garsiyaning ustunligi nimada? Javob oddiy - Rudi murabbiylik qilgan barcha jamoalar o‘z natijalarini yaxshilagan
2002 yilda Garsiya o‘shanda uchinchi divizionda o‘ynagan "Dijon"ni boshqargan. Rudi jamoasini Liga 2ga olib chiqdi va bir marta u bilan Fransiya kubogining yarim finaliga chiqdi. Natijada 2007 yilda yosh murabbiy elitada o‘ynagan "Le Man"dan taklif oldi. Garsiya bu jamoani 12-o‘rindan to‘qqizinchi o‘ringa ko‘tardi va mavsum so‘nggida beshinchi o‘rinni egalladi. Fransiya kubogida esa yana bir yarim final!
Rudi 2007/2008 yilgi mavsumni yettinchi o‘rinda tugatgan yanada ambisiyali "Lill"ni boshqarishga rozi bo‘ldi, bir mavsumdan so‘ng jamoa kuchli beshlikka kirdi. Umuman olganda, Garsiya "Lill"da besh yil qolib, jamoani Chempionlar ligasiga olib chiqdi. Eng muvaffaqiyatli mavsum 2010/2011 yilga to‘g‘ri keldi. O‘shanda jamoa Fransiya kubogi va chempionlikni qo‘lga kiritdi. "Lill"dan Eden Azar o‘sha paytlar porlab chiqdi. 2013 yilning yozida Garsiya "Lill" bilan xayrlashib, "Roma"ning taklifini qabul qildi. Rimliklar fransuz kelishidan oldin oltinchi o‘rinni egallagandi. Rudi boshchiligida “Roma” birinchi mavsumdayoq Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi, mavsumni ikkinchi o‘rinda tugatdi. Bir yil o‘tgach, jamoa yana ikkinchi o‘rinni egalladi. Ammo uchinchi mavsumning boshlanishi unchalik yaxshi natija bermadi va rimliklar beshinchi o‘ringa tushib qolishi bilanoq Garsiya klubdan ketdi.
2016 yilning oktyabrida Rudi Liga 1ga qaytdi va "Marsel"ni qabul qilib oldi. Garsiya maydonga tushgan paytda jamoa 12-o‘rinda edi. Provansliklar beshinchi o‘rinni egalladi - ular Yevropa ligasiga yo‘l olishdi. Keyingi ikki mavsumda murabbiy jamoani kuchli beshlikdan pastga tushirmadi, qolaversa, u bilan Yevropa Ligasi finaliga chiqdi va u yerda “Atletiko”ga yutqazdi.
2019 yilning oktyabrida Garsiya mavsum boshidan yana "Lion" boshqaruviga kirishdi. “To‘quvchilar” Liga 1da 14-o‘rinni egalladi. Rudi "Lion"ni yettinchi pog‘onaga ko‘tardi, lekin, eng muhimi, jamoa bilan Chempionlar ligasining yarim finaliga qadar yetib bordi. Boz ustiga, 1/8 finalda uning jamoasi Ronalduning “Yuventus”ini, chorak finalda esa “Manchester Siti”ni mag‘lub etdi. Qolaversa, “Lion” Liga kubogi finaligacha chiqib, u yerda “PSJ”ga faqat penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘ldi. Oradan bir yil o‘tib, jamoa Fransiya chempionatining kuchli to‘rttaligiga kirdi.
Shunga qaramay, 2021 yilning yozida Garsiya klub rahbariyati bilan kelishmovchilik tufayli "Lion"ni tark etdi.
"An-Nasr"da Garsiya Ronalduni qo‘lga kiritishdan oldin natija ko‘rsatayotgandi. U 2022 yilning yozida Saudiya Arabistoni jamoasini qabul qilib olgandi. O‘tgan mavsumda "An-Nasr" uchinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2023 yilning yanvarida "sariq-ko‘klar" yangi chempionatda allaqachon peshqadam bo‘lishgandi. Biroq aprel oyida Rudi shogirdlari ikkinchi o‘ringa tushib ketganidan so‘ng, fransiyalik ishdan bo‘shatildi. Mish-mishlarga ko‘ra, rahbariyat Garsiyadan norozi bo‘lgan Krishtianuning taklifini ma’qullagan.
Ammo De Laurentis tushunadiki, agar murabbiyni Ronaldu yoqtirmasa, bu uning yomon mutaxassis ekanligini anglatmaydi. So‘nggi yillarda buning aksi kuzatildi. Garsiya “An-Nasr”ni tark etgach, jamoa peshqadam “Al-Ittihod”dan 3 ochko ortda qolayotgandi va yakunda bu besh ochkogacha yetdi.
Garsiya barcha jamoalarda o‘zidan oldingi murabbiylardan ko‘ra ko‘proq ochko to‘pladi, faqat "Napoli" bilan buni qilish eng qiyin bo‘ladi.