Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Sarhisob: Italiya chempionati yakunlari

Sarhisob: Italiya chempionati yakunlari

Baho:
+ | -

2022|2023 yillar mavsumi Italiyada ikki xil taassurot qoldirdi.

Bir tomondan, g‘oliblik poygasida intriga kuzatilmadi - «Napoli» raqobatchilarga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Lekin boshqa tomondan, mavsumda bir qator qiziqarli, ajablanarli va qayg‘uli voqealar ham bo‘lib o‘tdi. Marhamat, yakuniy natijalar bilan tanishing.

Chempion: «Napoli»

YECHL ishtirokchilari: «Napoli», «Lasio», «Inter», «Milan»

YEL ishtirokchilari: «Atalanta», «Roma»

KL ishtirokchisi: «Yuventus»

Quyi ligaga tushib ketganlar: «Kremoneze», «Sampdoriya», «Spesiya»

Mavsumning eng yaxshi jamoasi

Bu safar «A» seriyasining eng zo‘r jamoasi unvoni ta’qibchilaridan katta farq bilan o‘zib ketgan «Napoli» klubiga nasib etdi. Neapolliklar 90 ochko jamg‘arib, eng yaqin ta’qibchi - «Lasio»ni naq 16 ochkoga ortda qoldirdilar. «Adzurri» mavsum davomida bor-yo‘g‘i 4 marta mag‘lubiyat alamini 28 marta g‘alaba nashidasini totib ko‘rishdi. Jamoa har 2 ko‘rsatkich bo‘yicha ligada yetakchi bo‘ldi. Bundan tashqari,  chempion o‘z raqiblarini 77 marta darvozalaridan to‘p olib chiqishga majbur etdi, ya’ni, «Inter»dan 6ta ko‘proq gol urdi. Eng muhimi, «Napoli» afsonaviy Diyego Maradona davridan buri ilk bora o‘ta barqaror o‘yin ko‘rsatdi va haqli ravishda skudetto sohibiga aylandi.

Eng yaxshi to‘purar

Mavsumning eng yaxshi snayperi unvonini «Napoli» hujumchisi Viktor Osimxen qo‘lga kiritdi. U 33ta o‘yinda 26ta gol urdi va Italiya futboli tarixida ilk marta «Oltin butsa»ga sazovor bo‘lgan afrikalik futbolchi bo‘ldi. Osimxen chindan ham mavsumni a’lo darajada o‘tkazdi va jamoa g‘olibligiga ulkan hissa qo‘shdi. Hozir u top-klublar e’tiborida. Biroq o‘zi kelajak faoliyatini klub prezidenti hal etishini ta’kidlamoqda. Merganlik bobidagi 2-o‘rinni o‘z hisobiga 21ta golni rasmiylashtirgan «Inter» hujumchisi Lautaro Martines rasmiylashtirdi. Mavsumni 16ta aniq zarba bilan yakunlagan «Salernitana» hujumchisi Bulaye Dia yetakchi uchlikdan joy oldi.

Eng yaxshi assistent

Bu yuksak unvonni ham yangi chempionning gruziyalik vingeri Xvicha Kvarasxeliya qo‘lga kiritdi. U 10 marta o‘z jamoadoshlarini samarali uzatma bilan ta’minladi. qo‘shimchasiga, o‘zi 12 marta raqiblari darvozalarini ishg‘ol etdi. Undan keyingi natijani bir yo‘la 3 nafar futbolchilar - Mussa Barrou («Bolonya»), Rafael Leau («Milan») va Sergey Milinkovich-Savich («Lasio»)lar qayd etishdi. Ular o‘z jamoadoshlarining 8ta gollariga hammuallif bo‘lishgan. Xvicha xususida yana shuni ta’kidlash joizki, u «A» seriyadagi ilk mavsumidayoq 22 ochko jamg‘ardi. Bu yog‘iga gruziyalik futbolchidan yanada sermahsul o‘yinlarni kutishlariga shubha yo‘q.

Eng yaxshi darvozabon

Mavsumda 21 (50 foizdan ko‘proq) uchrashuvda o‘z darvozasi daxlsizligini ta’minlagan Ivan Provedel haqli ravishda posbonlar uchun ta’sis etilgan sovringa sazovor bo‘ldi. U «Lasio»ning kumush medallar sohibiga aylanishiga ulkan hissa qo‘shdi. Italiyalik darvozabon «Napoli»dagi kasbdoshi Aleks Meretdan (16ta «quruq» o‘yin) sezilarli darajada o‘zib ketgandi. 15ta o‘yinda gol o‘tkazib yubormagan Voysex Shesni («Yuventus») 3-o‘rinni egalladi. Darvoqe, rimliklar posboni «quruq» o‘yinlar soni bo‘yicha o‘z vaqtida Janluiji Buffon va Morgan de Sanktislar tomonidan o‘rnatilgan rekordni takrorladi.

Mavsum jarimasi

So‘nggi mavsumda «Yuventus» bir qator noxush vaziyatlarni boshdan kechirdi. Avvaliga Turin grandini moliyaviy firibgarlikda ayblab, jamg‘argan ochkolaridan 15 ochko olib tashlashdi. Natijada jamoa turnir jadvalining o‘rtasiga tushib ketdi. Keyin ochkolar qaytarib berilgach, «Yuve» YECHL hududiga chiqib oldi. Lekin keyinchalik klub yana jazolandi, bu gal 10 ochkodan judo bo‘ldi. Xullas, mavsumda «keksa sinyora»ning parvozidan ko‘ra qulashi ko‘proq bo‘ldi. Endi barcha umid klubning yangi rahbariyatidan - yangi mavsum turinliklar uchun ajabtovur jazolarsiz o‘tishidan umidvormiz.

Mavsum qahramoni

Tabiiyki, mavsumning bosh qahramoni - Luchano Spalletti. Bu mutaxassis shakllantirgan jamoani butun Yevropa hayrat bilan kuzatdi. Luchano neapolliklarga klub tarixidagi uchinchi, 1990 yildan keyingi dastlabki skudettoni qo‘lga kiritish imkoniyatini yaratdi. Bundan tashqari, italiyalik mutaxassis «adzurri»ni ilk marta YECHLning chorak finaliga olib chiqdi. Mavsum davomida klub prezidenti Spallettining shartnoma muddatini uzaytirishga va’da bergandi. Biroq mavsum yakunida murabbiy jamoani tark etishi ma’lum bo‘ldi. Aftidan, murabbiy «Adzurri» bilan erishish mumkin bo‘lgan muvaffaqiyat qayd etildi, degan to‘xtamga kelgan ko‘rinadi. Klub rahbariyati uni to‘g‘ri tushundi va bosh qahramon maqomida kuzatib qo‘ydi.

Mavsum yo‘qotishi

«A» seriyasi mavsumi Zlatan Ibragimovichning futbolchilik faoliyatini yakunlagani haqidagi o‘ta g‘amgin bayonoti bilan nihoyasiga yetdi. Shvesiyalik afsona so‘nggi mavsumda jarohatlari tufayli deyarli maydonga tushmadi. Lekin 2021|2022 yillar mavsumida 8ta goli bilan «rossonerilar»ning chempionligiga munosib hissa qo‘shgan, undan avvalgi mavsumda 15ta gol bilan jamoaning eng yaxshi to‘purari bo‘lgandi. Zlatan o‘zini ham, jamoadoshlarini ham, «San-Siro»dagi ko‘plab kishilarni ham yig‘lashga majbur etdi. So‘nggi paytlarda u maydonga tushmagan bo‘lsada, jamoa va «A» seriyasi uchun muhim shaxs maqomida qolgandi. «Qizil-qoralar» bosh murabbiyi Stefano Pioli uning kiyinish xonasi va yosh o‘yinchilarga ijobiy ta’siri xususida ko‘p gapirgandi. Endi «Milan» yangi yetakchini, «A» seriyasi esa keng ko‘lamdagi yorqin yulduzni izlashiga to‘g‘ri keladi.

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 12:04, 26.06.2023.
O'qildi: 1580 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.