Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

"Manchester Yunayted"ga yangi "qon" kerak

"Manchester Yunayted"ga yangi "qon" kerak

Baho:
+ | -

Gleyzerlarda klubni sotishga shoshilish yo‘q 

2021 yil 2 may kuni “Manchester Yunayted” muxlislari liga doirasidagi “Liverpul”ga qarshi o‘yinda janjal yuzaga keltirishdi. Gleyzerlarning ayanchli qoidalaridan charchagan muxlislar “Old Trafford”ni qo‘lga olishdi va jamoalarning maydonga tushishiga to‘sqinlik qilishdi, Premyer-liga esa muxlislarning tartibsizliklari tufayli tarixda birinchi marta o‘yinni bekor qildi. "Qizil iblislar" muxlislari amerikalik xo‘jayinlarga norozilik bildirishdi, bunga "Manchester Yunayted"ning Angliyadagi yuqori pog‘onasidan pastga tushib ketgani sabab bo‘ldi - so‘nggi 10 yil ichida "mankunianliklar" atigi 5 marta Premyer-liganing kuchli to‘rtligidan joy oldi va biror marta ham chempion bo‘lolmadi.

“Bugun biz g‘azabning qanday namoyon bo‘lganini ko‘rdik. Gleyzerlar muxlislar ishonchini qaytarishni xohlashlarini aytishdi, ammo buning iloji yo‘q edi. Muxlislar bilan ijobiy aloqa yo‘q, ular xo‘jayinlardan bir so‘z ham eshitishmadi. Muxlislar tinch norozilik namoyishlarini uyushtirishdi - bu har bir insonning huquqidir", - deya g‘azablandi "Manchester Yunayted"ning afsonaviy faxriysi Gari Nevill janjaldan keyin. 2023 yilning yozida “qizil iblislar” nihoyat muxlislar nafratlanadigan bosslardan xalos bo‘lishlari mumkin – amerikaliklarning o‘zi ham nazoratdan chiqib ketgan tizimdan charchagan. Gleyzerlar klubni sotishga tayyor, ammo ular katta pul ishlab olishni kutishmoqda: 2005 yilda ular "Manchester"ni 790 million funtga sotib olishgan, sotish bo‘yicha muzokaralar olti milliarddan boshlangan.

Jamoaning yangi xo‘jayini shayx Jassim yoki biznesmen Jim Retkliff bo‘lishi mumkin. Ikkalasi ham super xarajatlarga tayyor: Gleyzerlarga ular talab qilgan pulni to‘lash, klubning qarzini yopish (1 milliard), Krishtianu Ronaldu tanqid qilgan "Old Trafford"ning mashg‘ulotlar maydonchasini rekonstruksiya qilish yangi boshliqlarning vazifasi hisoblanadi. Ammo amerikaliklar bilan muzokaralar cho‘zilib ketmoqda: bu jamoaga salbiy ta’sir qiladi va muxlislarni g‘azablantirmoqda.

Muzokaralar qancha vaqtdan beri davom etmoqda?

Gleyzerlar 2022 yilning noyabrida “Manchester Yunayted”ni sotishga tayyor ekanliklarini e’lon qilishdi: xaridorlar orasida ingliz milliarderi Jim Retkliff, Shayx Jassim, Saudiya Arabistoni kompaniyalari, Apple korporasiyasi va boshqa nomzodlar ko‘rsatilgandi. Ammo injiq amerikaliklar ko‘pchilik da’vogarlarning qiziqishini tezda qaytarishdi: klubning narxi yuqori, katta qarzlar mavjud va stadion hamda bazani rekonstruksiya qilishga sarmoya kiritish zarurati bor.

Jassim allaqachon Gleyzerlarga beshta taklif bilan chiqqan. The Guardian nashrining yozishicha, Qatar vakillarining uzoq davom etgan muzokaralardan juda hafsalasi pir bo‘lgan va endi savdolashmoqchi emas. Ular narxni tushirishga qanchalik urinmasin, amerikaliklar olti milliard dollarlik taklifni umuman kamaytirmoqchi emas. Xuddi shu miqdorni britaniyaliklar ham taklif qilgan.

Biroq Gleyzerlarning roziligi hali ham kuzatilmadi. Jassim o‘zi uchun kerakli pulni taklif qildi va javob berish muddatini belgiladi - 9 iyun. Qatarliklar kelishuvni kechiktirib bo‘lmasligini tushundi. Yozgi transferlar oynasi anchadan beri kuchli xaridlar bilan yonmoqda va OAVda turli kelishuvlar kutilayotgan bo‘lsa ham, "mankunianliklar" yangi o‘yinchilar uchun aniq byudjetga ega emaslar. Muzokaralar sakkiz oydan beri davom etmoqda va Premyer-liganing yangi mavsumi boshlanishiga atigi yetti hafta qoldi. Reuters xabariga ko‘ra, Gleyzerlar kelishuvni yakunlashga shoshilishmaydi va Jassim hamda Retkliff bilan savdolashishda davom etib, yanada foydaliroq takliflarni o‘rtaga tashlashga harakat qilishadi. Amerikaliklarga shayxning taklifi ko‘proq yoqdi, shuning uchun ular britaniyalik tadbirkorga bosim o‘tkazishga urinib ko‘radi, ajoyib hiyla!

The Times iyun oyi o‘rtalarida bu jarayonni yakunlash uchun yana uch oyga yaqin vaqt ketishi haqida xabar bergan edi. Bu ketishda klub 2023/24 yilgi mavsumni eski xo‘jayinlari bilan boshlasa ham ajab emas, yangilari esa transferlarga pul sarflashga ulgurmaydi. "Manchester Yunayted" Gleyzerlar tufayli transfer kampaniyasida muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Premyer-liganing top-klublari katta ishtiyoq bilan transfer bozoriga sho‘ng‘ishdi va allaqachon bir nechta issiq bitimlarni hujjatlashtirishdi. "Man Siti" "Chelsi"dan Mateo Kovachichni oldi, londonliklarning o‘zi esa Kristofer Nkunku bilan shartnoma imzoladi va Kay Xaversni "Arsenal" qo‘lga kiritdi. "Liverpul"ni Aleksis Makallister kuchaytirdi. Hatto "Tottenxem" deyarli 100 million yevro sarfladi - "shporlar" Pedro Porro va Deyan Kulushevskining to‘liq transferlarini amalga oshirdi, shuningdek, "Empoli"dan darvozabon Vikarioni ham sotib oldi.

“Qizil iblislar” 2022/23 yilgi mavsum yakuni bo‘yicha Chempionlar ligasiga qaytgani sababli  transfer oynasini katta ishtiyoq bilan kutishdi. Ammo hozircha "mankunianliklar"ning bank hisobidagi yagona moliyaviy harakati 20 yoshli Zidan Iqbolning "Utrext"ga 1 million yevroga sotilgani bo‘ldi.

"Manchester Yunayted" bosh murabbiyi katta rejalar haqida ma’lum qildi, ammo hozircha hech narsa amalga oshmagan. Ammo “qizil iblislar” ikkita ehtimoliy yangi futbolchini qo‘ldan boy bergan ko‘rinadi – Kim Min Je “Bavariya”ga ketishi mumkin, Yuriyen Timber “Arsenal”ga o‘tish arafasida turibdi. "Old Trafford" yangi rahbariyatni kutayotgan bir paytda, boshqa transferlar amalga oshmoqda: Deklan Rays "Arsenal" va "Man Siti" o‘rtasida tanlov qilmoqda, Moyzes Kaysedo allaqachon "Chelsi" bilan shartnomani kelishib olgan.

Mirror nashriga ko‘ra, Ten Xag nima bo‘layotganidan g‘azablangan. Gleyzerlar ortiqcha xarajat xavfidan qochish uchun hech kimni sotib olmoqchi emas. Biroq gollandiyalik murabbiy bahordayoq chempionlik uchun kurashish uchun "Manchester"ga eng yaxshi yangi futbolchilar kerakligini aytgandi.

“Bizga ko‘proq o‘yinchilar kerak. Hozir chempionlik uchun kurashdan yiroqmiz, demak, ishimiz ko‘p. Biz muvaffaqiyatga erishdik, lekin yuqori o‘rinlar uchun kurashmoqchi bo‘lsak, bizga eng yaxshi futbolchilar kerak. Menda ko‘p sabr yo‘q, bu mening xatolarimdan biri bo‘lishi mumkin", - deya tan oldi Ten Xag.

Muxlislar qanday munosabatda?

"Manchester Yunayted" muxlislari amerikaliklarni klubni tezda sotishga undash maqsadida an’anaviy "Glazersout" plakatlari bilan odatiy norozilik namoyishiga chiqishdi. Jamoaning yangi libosi taqdimoti bo‘lib o‘tadigan kuni muxlislar muxlislar do‘koniga yig‘ilib, uning ishiga to‘sqinlik qilishdi. "Sotuv jarayoni olti oydan beri davom etmoqda. Tez orada transfer oynasi ochilishi munosabati bilan Gleyzerlar tezda sotish bo‘yicha qaror qabul qilishlari kerak. Noaniqliklar bilan to‘la yoz Erik ten Xag uchun falokat bo‘ladi va bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi", dedi muxlislar bahorda. Ammo muxlislarning noroziligi Gleyzerlarga ta’sir qilmasa kerak. Amerikaliklar uzoq vaqtdan beri haqoratlar va klubni tark etishga yo‘naltirilgan chaqiriqlarga o‘rganib qolgan. "Old Trafford" umuman rahbariyat uchun nafrat qal’asiga aylandi. Gleyzerlarning deyarli har bir harakati “MYU” muxlislarini g‘azablantirdi.

Kiritildi: 14:59, 28.06.2023.
O'qildi: 4725 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.