Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Arrigo Sakki: «Silvio chiroyli o‘yin va g‘alaba shaydosi edi...»

Arrigo Sakki: «Silvio chiroyli o‘yin va g‘alaba shaydosi edi...»

Baho:
+ | -

«Milan»ning afsonaviy murabbiyi Arrigo Sakki yaqinda hayotdan ko‘z yumgan Silvio Berluskoni bilan hamkorlikda qanday yuksak marralarni zabt etganini yaxshi eslaydi.

La Gazzetta dello Sport nashri jurnalistlari shuni e’tiborga olgan holda, nafaqadagi mutaxassisni suhbatga chorlab, undan asosan marhum funksioner bilan bog‘liq xotiralari haqida so‘rashdi.

-1987 yilning bahori. Silvio Berluskoni sizni o‘z loyihasi va taklifiga qanday ishontirgani esingizdami?

- O, o‘sha davrni unutish mumkinmi? Silvio bir urinishda mendan rozilik olgandi hisob. 

- Qiziq, ilk kelishuv tafsilotlarini bayon eta olasizmi?

- Berluskoni bilan bolalikdagi tanishim, umumiy do‘s­timiz Ettore Ronyoni vositachiligida uchrashgandim. To‘g‘risi, o‘sha do‘stim Silvio meni uchrashuvga chaqirganini aytganida, unga nima kerakligini bilmasdim. Ya’ni o‘zaro hamkorlikka chorlashi mumkinligini xayolimga ham keltirmaganman. Shunchaki, beixtiyor o‘yladim: «Ehtimolki, «Parma»dagi biror shogirdimga qiziqib qolgan va u haqda ma’lumot so‘rasa kerak».

- Amalda esa...

- Aniq esimda, Silvio bilan dushanba kuni Arkordagi villada ko‘rishish borasida kelishdik. Biroq o‘sha kuni uchrashuv qoldirildi, chunki Berluskoni Sankt-Morisda edi va kuchli qor tufayli uning vertolyotda uchishiga ruxsat berishmagan. Shunda Ronyoni uchrashuvni bir haftaga kechiktirishni iltimos qildi. Men esa hammasini juma kunigacha rejalashtirishi kerakligini ayt­dim. Chunki o‘sha vaqt meni ishga chorlayotgan «Fiorentina»ga tezroq javob berishim talab etilayotgandi.

- Xo‘sh, keyin qachon uchrashdinglar?

- Seshanba kuni aynan Arkorda. Galliani ham o‘sha yerda edi. Kechqurun soat 20:00dan naq tun yarmigacha gaplashdik. Berluskoni o‘z loyihasini batafsil tushuntirdi, bundan g‘ayratim oshib-toshib ketdi go‘yo. Qisqasi, o‘sha uchrashuvdayoq taklifiga rozilik bildirdim. To‘g‘ri, Parmaga qaytishda qandaydir shubhalar yo‘q emasdi. Chunki «Fiorentina»da ishlashga moyil ekanligimni ko‘rsatishga ulgurgan va klubga nisbatan noo‘rin munosabatda bo‘lolmasdim. Barchasini o‘ylab, ertalab Ron­o­niga qo‘ng‘iroq qildim va muammoni tushuntirdim. U esa gapimni eshitishni ham istamadi: «To‘xta, Berluskoni har qanaqasiga sendan rozilik oladi, baribir. Qo‘y, yaxshisi, Arkorga qaytishimiz kerak, shartnoma tayyor axir». Keyin ikkimiz bordik, ammo Berluskoni ko‘rinmadi. Qolaversa, bo‘m-bo‘sh shartnoma ostiga imzo chekdim va bu katta ishonch uchun minnatdorchilik ramzi ekanligini ta’kidladim. Binobarin, «Milan» uchun mutlaqo notanish murabbiy edim. Oddiy ifoda etganda, Berluskoni menga mislsiz ajoyib imkoniyat taqdim etgandi. To‘g‘ri, «Parma»dagidan kamroq pul olishimni bilgandim, lekin bunga ahamiyat bermadim.

- Berluskoni sizdan avvalo, aynan nimani talab qilardi?

- Chiroyli o‘yin va chiroyli g‘alabani. Lekin tartib aynan shunday: birinchi navbatda, o‘yin, keyin to‘g‘ridan-to‘g‘ri natija. Uning xulosasi hech o‘zgarmasdi: o‘yin chiroyli chiqishi, jamoa shu asnoda muvaffaqiyatlarga munosib bo‘lishi shart edi.

- Tabiiyki, boshida hammasi silliq kechmagan. Berluskoni bu borada nechog‘li yordam bergan?

- Ochig‘i, faoliyatim davomida biror klubda prezidentning bosh murabbiyni bunday qo‘llab-quvvatlashini ko‘rgan emasman. Galliani ham hamisha yonimda turardi, biror muammoga befarq qaramasdi. Adriano har kuni qo‘ng‘iroq qilib, futbolchilar holati, his-tuyg‘ulari, mashg‘ulotlar haqida axborot olardi. Silvio esa jamoaning faol a’zosi sifatida ko‘rinish berardi. O‘ylaymanki, yigitlar ham buni yaqqol his qilishgan.

- Sizni yuqori doirada «janob hech kim» - qishloqdan kelgan va umuman futbol o‘ynamagan shaxs sifatida kutib olishgani ta­yin. Berluskonida ham qandaydir shubha bormidi?

- Yo‘q! Hech qachon va hech qanday! Har holda, hamisha uning yuksak ishonchini yaqqol sezganman. U «Parma»ning Italiya kubogida «Milan»ga qarshi ko‘rsatgan o‘yinini alohida qadrlashini bilardim. Silvio «San Siro»da ham shunday futbolni yo‘lga qo‘yishimni xohladi, farqi shuki, ancha yuqori darajali yigitlar bilan. Ha, boshida yetuk futbolchilar va klub atrofidagi odamlarni ish uslubimga ishontirishda ancha qiynaldim. Zero, hamma boshqacha ishlashga ko‘nikib qolgandi. Boz ustiga, natija ham birdaniga kelmadi va buning ortidan tanqidlar ko‘paydi.

- Aytishlaricha, Berluskoni aslida Anchelottini sotib olishni istamagan ekan. Shu rostmi?

- Ha, u Karlettoning jismoniy holatiga shubha bilan qaragandi. Hattoki, ochiq-oydin e’tiroz bildirdi: «Tushun, tizzasi 20 foiz ishlaydigan futbolchini ololmaymiz». Shunda qat’iy turib oldim: «Janob prezident, agar uning boshi ishlamaganida, men ham tashvishlanardim. Kafolat beraman, agar Anchelotti transferiga pul ajratsangiz, skudettoni yutamiz!» Oxir-oqibat, Silvio transferga ko‘ndi va yakunda chempionlikka erishdik.

- Aytingchi, Berluskoni sizga boshlang‘ich tarkib tanlash masalasida biror marta qandaydir tavsiya berganmi?

- Aslo. Qolaversa, hech qachon boshlang‘ich tarkib haqida so‘ramagan ham. Qisqasi, «Milan»da har doim to‘liq erkinlikni his qilganman.

- Sizni ogoh etmasdan shartnoma muddatini uzaytirish holati-chi? Bunaqasini eslaysizmi?

- Birinchi yili shunday holat kuzatilgani rost. O‘sha vaqt asosan 1 yillik kelishuv asosida ishlashga odatlangandim. «Milan»da esa dastlabki 6 oydayoq rosa charchadim, Berluskoni ham og‘ir davrni boshdan kechirayotganimni tushundi. Esimda, yakshanba kuni Trap boshqaruvidagi «Inter»ga qarshi derbi o‘yini bo‘ldi. Ertasiga Silvio jurnalistlar qarshisiga chiqib, baralla gapirdi: «Tamom, Arrigo Sakki keyingi yil ham bosh murabbiy lavozimida qoladi». Ishoning, bu borada menga bir og‘iz ham gapirgan emasdi. Fikrimcha, Berluskoni ommaga qaratilgan bu signal bilan avvalo, menga ishonch bag‘ishlash va keskinlikni yengishimga yordam berishni o‘ylagan.

- Ortga nazar tashlasak, Berluskoni bir futbolchi - argentinalik Klaudio Borgi transferi masalasida sizga bosim o‘tkazgan...

- Silvio bu trekvartistni «Yuventus» va «Argentinos Xuniors» o‘rtasidagi Qit’alar­aro kubok finalidagi o‘yini tufayli yoqtirib qolgandi. Keyin transfer masalasida ko‘p o‘ylab o‘tirmadi. Biroq ilk mashg‘ulotdayoq Borgi bizning o‘yin uslubimizga mos kelmasligini angladim va Gallia­ni yordamida Berluskonini unga pul tikmaslik, o‘rniga Ray­kaardni sotib olishga ishontirdim. Aslida Silvio o‘sha fantaziyachi o‘yinini ko‘rib, aqldan ozgandi. Muhimi, unga futbolchi nafaqat yengil harakatlanishi, balki butun jamoa uchun ishlashi kerakligini tushuntirganimda, fikrimni inobatga oldi.

- Chempionlar kubogi, Qit’alararo kubok. Yuqori nuqta.

- Berluskoni loyihasi nihoyat, samara ko‘rsatdi va qandaydir yengil tortdim. Ushbu natijalar bilan Silvioga yuksak ishonch uchun munosib javob berdim. Axir u Milanga kichik Fuzinyanodan kelgan noma’lum murabbiyga to‘liq ishongandi. To‘g‘risi, boshqa kishi o‘sha vaqt menga o‘xshagan odamni «Milan»ga chorlashda jur’at topolmasdi.

- 1991 yili esa yo‘llaringiz ayro tushdi.

- Aslida Silvio hamkorlikni davom ettirishni istadi, ammo «Milan» bilan xayr­lashish vaqti yetganini tushundim. Muhimi, qalban hech qachon «Milan»dan yuz o‘girmaganman, klubga nisbatan muhabbatim cheksiz. Qolaversa, Berluskoni bilan munosabatlarimiz yana uzoq vaqt davom etdi. Terma jamoani boshqara turib, qisqa muddat «Milan»ga qaytganimda ham. O‘zi o‘sha qadam xato bo‘ldi, chunki futbolda ikki ishni aralashtirish yaxshi g‘oya emas. Umuman, har doim aloqani saqladik, asosan futbol haqida ko‘p gaplashardik. Deylik, Berluskoni «Monsa» loyihasiga kirishganida ham mendan maslahat so‘radi va oldi. Asosiy fikr bitta - Silvio saxiy, ehtirosli va g‘ayratli inson edi...

FAKTLAR 

«Milan» 2016 yili Berluskoni davridagi oxirgi sovrinni yutdi - Italiya superkubogi (bu hozirga qadar «rossonerlar» uchun oxirgi superkubok bo‘lib qolmoqda). Yana bir yildan keyin Italiya sobiq bosh vaziri klubni sotdi.

2022 yili Silvio Berluskonining doimiy «o‘ng qo‘li» Adriano Galliano bilan birga yo‘lga qo‘ygan yangi loyihasi - «Monsa» «A» seriyaga ko‘tarildi. Bu jamoa «A» seriyadagi ilk mavsumdayoq 52 ochko to‘pladi va Italiya chempionati elitasiga o‘rnashib oldi. Lekin «Monsa» endi Silviosiz olg‘a yurishga mahkum...

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 10:00, 08.07.2023.
O'qildi: 1317 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.