“Chelsi” Drinkuoterni 38 million yevroga sotib oldi, keyin undan qanday qutulishni bilmadi
Daniel Drinkuoter 2010 yillarning o‘rtalarida Angliyaning eng yaxshi yarim himoyachilaridan biri hisoblangan. "Lester" bilan birgalikda u sensasion tarzda 2015/2016 yili Premyer-liga chempioniga aylandi, Chempionlar Ligasida o‘ynadi va keyin "Chelsi"ga o‘tdi. Ammo top-klubga o‘tish Drinkuoterning faoliyatini barbod qildi. So‘nggi yillarda Dennidan ijobiyroq biror narsa eshitganmisiz? Buning ajablanarli joyi yo‘q. Yarim himoyachi allaqachon bir mavsumni o‘tkazib yuborgan, jamoasiz qolgan. Unga nima bo‘ldi?
2017 yilning yozida ingliz futbolchisini "Chelsi" sotib oldi. Drinkuoter top-klubga o‘tganidan xursand edi: “Men “Chelsi” futbolchisi bo‘lganimdan xursandman va startni sabrsizlik bilan kutyapman. Bu yerga kelish uzoq sarguzashtlarni tashkil etdi, lekin men juda xursandman va klubga ko‘proq sovrinlar yutishda yordam berishga tayyorman. "Chelsi" buning uchun eng yaxshi joy. Hech qachon bunday his-tuyg‘ularni boshdan kechirmaganman. Ko‘ngilsizlik, zavq, hayajon bor edi. Ushbu transfer uchun barchadan minnatdorman. "Lester"da hammasi yaxshi edi, lekin Premyer-ligada g‘alaba qozonganimdan so‘ng, yana ham ko‘proq sovrinlarni qo‘lga kiritishni xohlayotganimni his qildim", – degandi futbolchi bir paytlar.
Biroq transfer jarayoni o‘zini oqlamagani tez orada ma’lum bo‘ldi. Avvaliga u mashg‘ulotlarda to‘pig‘ini jarohatlab oldi, shu bois "Chelsi"dagi debyuti oktyabr oyining oxirigacha sodir bo‘lmadi. Keyin Denni Angliya terma jamoasiga chaqirilmay qoldi, bu esa ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘ldi. "Chelsi"da esa Drinkuoter hech qachon murabbiy Antonio Kontening ishonchini qozona olmadi va mavsum davomida barcha musobaqalarda atigi 22 ta o‘yinda maydonga tushdi. Qolaversa, Garet Sautgeyt Dennini JCH-2018ga chaqirmadi.
Drinkuoter uchun keyingi mavsum bundan ham yomonroq bo‘ldi. Maurisio Sarri yarim himoyachiga deyarli imkon bermadi. Zaxira o‘rindig‘ida futbolchi zerikdi va kuchini keraksiz tomonga yo‘naltirdi. 2019-yilning aprel oyida Drinkuoter ikki noma’lum qiz bilan ko‘rinish berdi. Bunda hech qanday noqonuniy narsa yo‘q edi, lekin keyinroq, tungi klublardan biridan qaytayotgan Denni mast holda rulga o‘tirdi. Natijada u avtohalokatga uchrab, boshqaruvni yo‘qotib, boshqa mashinaga borib urilgan. Hech kim jiddiy jarohat olmagan, ammo Drinkuoter baribir hibsga olingan. Keyinroq sud "Chelsi" futbolchisining baxtsiz hodisa vaqtida qondagi spirtli ichimlik dozasi me’yordan 2,5 barobar oshib ketganini aniqladi. U 70 soat jamoat ishlariga hukm qilindi va 1 yilu 8 oyga ozodlikdan chetlatildi.
“Men yolg‘izman, London markazida yashayman. Men dam olish va ichimlik ichish uchun barga borardim. Lekin bu ish bermadi. Baxtsiz hodisadan keyin kamerada o‘tirganimni eslayman. Miyamda fikrlar aylanardi: "Ahmoq, sen tungi ziyofatlar tufayli baxtsiz hodisaga duch kelding". Menga bir tonna g‘isht tushganday tuyuldi. Va men tushundim - o‘zimni tartibga solishim kerak. Yo‘q, bu klinik tushkunlik emas edi, lekin o‘zimni juda yaxshi his qilmadim. Yaxshiyamki, men to‘g‘ri odamlar bilan gaplashdim. Bu juda ko‘p psixologik muammolarga duch kelganingizda yordam beradi", dedi Drinkuoter o‘sha davr haqida SportBible nashriga bergan intervyusida.
2019/2020-yilgi mavsum oldidan “Chelsi”ni Frenk Lempard boshqargan. Biroq yangi murabbiy Denniga imkoniyat qoldirmadi. Futbolchi ijara asosida "Byornli"ga jo‘natilgandi. Butun mavsum davomida u faqat ikkita uchrashuv o‘tkazdi. "Byornli"dagi davr ham faqat janjal bilan esda qoldi. Drinkuoter Manchesterdagi barda do‘stining tug‘ilgan kunini nishonlayotganida “Skuntorp Yunayted” futbolchisi Kgosi Ntlening ma’shuqasiga tegajonlik qildi. Futbolchi Dennidan tinchlanishni so‘radi, biroq u harakatlarini davom ettirdi. Mushtlashuv boshlandi va qo‘riqchilar ikkala sportchini ham bardan haydab chiqardi.
Ko‘chada Drinkuoter olti kishi tomonidan hujumga uchragan. Ular uni kaltaklashdi, natijada futbolchining qo‘llari, oyoqlari ko‘kargan, ko‘zlari ostida gematoma hosil bo‘lgan, yonoqlari kesilgan, shuningdek, to‘pig‘i jarohatlangan. Dennining o‘zi juda mast bo‘lgani uchun kechaning tafsilotlarini deyarli eslay olmadi. U endi boshqa hech qachon "Byornli"da o‘ynamadi. Uni "Aston Villa" olib ketdi, lekin u yerda ham Drinkuoter unchalik yaxshi taassurot qoldirmadi. U mashg‘ulotlarda jamoadoshi Xotani bilan janjallashib qolgani bilan esda qolgan. "Chelsi" Danieldan qutulishni orzu qilgan, ammo unga yangi klub topa olmadi. Futbolchini ijaraga yuborish kerak edi. 2021 yilning qishida u Turkiyaning "Qosimpasha" klubiga ko‘chib o‘tdi. Ammo u yerda ham angliyalik muvaffaqiyatga erisha olmadi: atigi 11 uchrashuv + jarohat. Keyingi mavsumni "Reding"da ijarada o‘tkazdi. Chempionatda Denni tez-tez o‘ynadi. "Liverpul"ning sobiq hujumchisi Endi Kerroll bilan bir jamoada bir mavsumda 34 ta o‘yinda ishtirok etdi. Ammo "Reding" Drinkuoter bilan to‘liq kelishuvga kirisha olmadi va "Chelsi" bilan shartnoma tugadi. Denni erkin agent sifatida qoldi. "Chelsi" unga murabbiy rolini taklif qildi: "Men 32 yoshda edim, menga yosh o‘yinchilar bilan juda yaxshi muloqot qilishimni aytishganini eslayman, shuning uchun "Chelsi"da yordamchi murabbiy lavozimini taklif qilishdi. Ular menga bir necha yil shunday munosabatda bo‘lishdi. Men buni qandaydir kompensasiya deb o‘yladim", dedi Drinkuoter.
2022/2023 yilgi mavsum boshlangunga qadar hech kim yarim himoyachiga yetarli ishonch bildirmadi. Shunday qilib, Drinkuoter o‘z karyerasining bir yilini yana yo‘qotdi, biroq buning tugaganini u allaqachon e’lon qilib bo‘lgandi. 38 million yevroga "Chelsi"ga o‘tgan Denni quyi divizion klublari e’tiboridan ham chetda qoldi.
“Futbol menga juda ajoyib yillar berdi. Ha, men ba’zi yomon vaqtlarni boshdan kechirdim, lekin yaxshi yillar yomonlardan ko‘proq edi. Men onam va dadamga orzuimdagi uyni sotib olishga muvaffaq bo‘ldim. Men oilamga g‘amxo‘rlik qila oldim, shuning uchun futbolni axloqsizlik o‘yini deb aytmayman. Bu mening bolalik orzuim edi. So‘nggi uch yil futboldagi eng og‘ir yil bo‘ldi, lekin men shikoyat qilmoqchi emasman", dedi Drinkuoter. Hamma narsaga qaramay, u faoliyatini yakunlamoqchi emas. Lekin uni Premyer-ligada ko‘ramizmi?