Jordan Xenderson tez orada O‘rta Sharqda ko‘payib borayotgan faxriy futbolchilar safini to‘ldiradi. "Al-Ittifoq"qa Stiven Jerrard kelganidan keyin, u o‘ziga kerakli bo‘lgan futbolchilarni Yevropadagi jamoalaridan tortib olmoqda. Xenderson masalasi hal qilingach, Jerrard "eski firqa" vakillari bo‘lgan Sadio Mane va Filippe Koutinyolarni ham olib kelishni reja qilgan.
Ketishdan oldin, "Liverpul" Xendersonga o‘ylab olish uchun vaqt berdi. Yurgen Klopp undan jamoada qolishini so‘ragan. Ammo bir haftada 700 ming funt ishlash kimga ham yoqmaydi deysiz. Agarda Xendersonning ketishi amalga oshsa, u holda mersisaydliklar oldida 2015 yildan beri ilk bor sardor o‘zgarishi yuz beradi. Quyida 33 yoshli futbolchining o‘rniga "Liverpul" kimni sardor qilishi mumkin ekanini ko‘rib chiqamiz.
Alisson Beker
Darvozabonlar tez-tez sardorlikka tayinlanishadi. Negaki, ularda boshqa futbolchilarda yo‘q bo‘lgan, maydonni butunligicha ko‘rish imkoniyati mavjud. Alisson besh mavsumdan beri Klopp jamoasida va allaqachon o‘ta muhim figiraga aylanib ulgurgan. Shunday ekan, braziliyalikning sardorlik qilishga to‘la haqqi bor.
Endryu Robertson
APLdagi eng mehnatkash futbolchi kim degan savolga, hech ikkilanmasdan Robertson deya javob berish mumkin. Istalgan futbolchidagi eng qadrlanadigan narsalardan biri bu mehnatkashlikdir. Shuningdek, jamoa sardorlari ham shunday bo‘lishi kerak. Robertsonda Xendersondan keyin, klub miqyosida ham shunday imkoniyat paydo bo‘lishi mumkin. Shotlandiya terma jamoasi a’zosi 2018 yildan beri o‘z millati uchun sardor sifatida jamoasini maydonga olib tushadi. Shunday ekan, Robertson bu ishni bemalol eplaydi.
Trent Aleksander-Arnold
Akademiyadan chiqib turib, jamoa sardori bo‘lish o‘zgacha sanaladi. Aleksander-Arnoldda aynan shunday imkoniyat paydo bo‘ladi. Endigina 24 yosh bo‘lgan futbolchi, APLdagi eng yosh sardorlardan biriga aylanishi mumkin. Ham qanot himoyachisi, ham yarim himoyachilikni eplay oladigan Trentga bu maqom yarashgan bo‘lardi. Negaki, u 5 yildan beri jamoasida muhim o‘rin tutib kelmoqda. Agarda unga sardorlik berilsa, Aleksander-Arnold, Jerrarddan ko‘ra ertaroq bu ishni boshlaydi.
Muhammad Saloh
Saloh qachon bo‘lishidan qat’iy nazar, "Liverpul"ni afsona sifatida tark etadi. Bunga Misr terma jamoasi a’zosining 2017 yildan beri Mersisayd klubida safida qilgan barcha ishlari imkon beradi. Saloh 2019 yildan beri o‘z milliy terma jamoasiga sardor sanaladi. Hujumchi APLga kelganidan beri bir mavsumda 19 tadan kam gol urgan emas. Shunday ekan, u sardorlikni o‘z bo‘yniga olishga qodir.
Virjil van Deyk
Xenderson maydonda bo‘lmagan paytida sardorlik bog‘ichi kimda bo‘ladi? Albatta, van Deykda! Himoyachi "Liverpul"ga kelgan 2018-19 yilgi mavsumdan beri o‘rinbosar sardor sifatida harakat qilib kelmoqda. Niderlandiya terma jamoasi ham 2018 yildan beri Virjil gan Deyk sardorligi ostida. Shu sababli uni eng loyiq nomzod deyish mumkin.
ISMATOV J.