Janluidji Donnarumma va uning rafiqasi Parijdagi uyida o‘g‘irlik qurboni bo‘lishdi. Biroq, italiyalik futbolchi Fransiya poytaxtida talon-taroj qilingan “PSJ”ning birinchi futbolchisi emas. Parijlik futbolchilarni o‘g‘rilar suyadi, shekilli. Yana 8 nafar futbolchi “PSJ” tarkibidaligida o‘g‘rilar hujumiga uchragan.Ular kimlar va qancha zarar ko‘rishgani bilib olamiz.
Presnel Kimpembe
Ikki kishi 2022 yilning 25 noyabr kuni 27 yoshli fransiyalik himoyachining uyiga o‘g‘irlikka tushadi. Yaqin manbaga ko‘ra, yetkazilgan zarar 5000 yevroga baholangan.
Markinyos
2021 yil 14 mart kuni Markinyos futbolda bo‘lgan paytda uyiga bosqinchilar tushadi. Uning oilasi haqiqiy dahshatni boshdan kechirdi, ular jismoniy tajovuzga uchradi. Firibgarlar 1300 funt naqd pul va bir nechta hashamatli sumkalar bilan qochib ketishgan.
Anxel Di Mariya
Anxel Di Mariyaning uyi Markinyosning uyi bilan bir kechada shafqatsizlarcha talon-taroj qilingan. Dastlab, bosqin paytida Di Mariyaning oila a’zolari garovga olingani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq keyinroq ma’lum bo‘lishicha, voqea vaqtida Di Mariyaning rafiqasi va ikki qizi uyda bo‘lgan, biroq jabrlanmagan.
Tiago Silva
2018 yil 22 dekabr kuni o‘g‘rilar uning uyiga bostirib kirib, seyfini o‘g‘irlab ketishgan. Seyfda taxminan 1,5 million yevrolik buyumlar bo‘lgan.
Dani Alves
2019 yilning fevral oyida “PSJ”ning “Monpelye”ga qarshi o‘yinida Dani Alvesning uyiga o‘g‘rilar kirgan. Xabar qilinishicha, zarar 10 ming yevrodan oshgan.
Erik Maksim Chupo-Moting
Futbolchi ikki marta talonchilikka urinishdan omon qolgan. Birinchisi 2018 yilning 28 noyabrida “Liverpul” bilan o‘yinda, ikkinchisi esa o‘sha yilning 24 dekabrida yuz bergan. Umuman olganda, ushbu voqealar paytida futbolchidan 600 ming yevrolik buyumlar o‘g‘irlangan.
Mauro Ikardi
2021 yilning 30 yanvarida “Loryen”ga qarshi o‘yinda o‘g‘rilar Ikardining uyidan jami 400 ming yevroga yaqin zargarlik buyumlari, soatlar va kiyim-kechaklarni o‘g‘irlab ketishgan.
Serxio Riko
2023 yil 22 yanvarda Serxio Rikoning uyiga bosqinchilar kirgan. Qaroqchilar taxminan 25 ming yevrolik soatlar va taqinchoqlarni olib ketishgan.