2023 yilning yozi davom etar ekan, hozirga qadar bir-biridan ajoyib, qimmat va kutilmagan transferlarni ko‘rib ulgurdik. Bu davrning kutilmagan voqeasi esa, shubhasiz Saudiya Arabistonining yevrofutbolga jiddiy aralashuvidir. Arablar katta-yu kichik yulduzlarni sotib olishdan charchamayapti. Quyida esa yoz davomida eng katta pul sarf etgan ligalar haqida bilib olasiz.
6. La-liga – 249 million yevro
O‘tmishda Ispaniyada, asosan, "Real" va "Barselona" katta xaridlarni amalga oshirgan. Ular bir-birini mag‘lub etish maqsadida Garet Beyl, Krishtianu Ronaldu , Luis Suares hamda Neymarlarni katta hajmdagi mablag‘ga sotib olgandi. Ammo so‘nggi yillarda bu narsa biroz o‘zgardi. Moliyaviy jihatlardan ushbu klublar noteng bo‘lib qoldi. Xususan, "Barselona" qarzga botib ketgan bo‘lsa, "Real" uy stadionini 1 milliard yevro evaziga qayta ta’mirladi. Shuningdek, "Real" joyi kelganida katta xaridlarni ham amalga oshirib turibdi. Xususan, Florintino Peres Jud Bellingem evaziga 103 million yevro berishga rozi bo‘lgandi. Bu qiymat yozdagi La-liganing yarmi xarajatiga teng bo‘lib turibdi. Amaldagi chempion "Barselona" esa 3 million yevro evaziga Oriol Romeuni transfer qildi. Inigo Martines va Ilkay Gyundoganlar tekinga olib kelindi.
5. Saudiya Pro-ligasi – 300 million yevro
Yanvar oyidagi Ronalduning Saudiyaga yo‘l olishi, aslida, yangi belgi bo‘lgan ekan. O‘rta Sharq mamlakati hozir tranfser bozorida o‘ta faol. Ular allaqachon katta nomlarni jalb qilishga ulgurdi. Ko‘pchilik yulduzlar tekinga olib ketilgan bo‘lsa ham, Malkom (60 million yevro), Ruben Nevesh (55 million yevro) va Milinkovich-Savich (40 million yevro)ning xaridlari ancha katta pul evaziga qilindi. Agarda Kilian Mbappe ham sotib olinsa, Pro-liganing umumiy xarajatlari ikki barobarga ortadi.
4. Bundesliga – 448 million yevro
Bundesliga har doimgidek o‘zining o‘rtamiyona darajasida turibdi. Ligadan bir qancha yulduzlar jo‘nab ketishdi. Ular ichida Jud Bellingem, Dominik Soboslai, Kristofer Nkunku va Mussa Diabilar bor edi. Shuningdek, nemis klublari kerakli futbolchilarni ham sotib ola bildi. Masalan, Kim Min Je (50 million yevro), Lois Openda (43 million yevro) va Benjamin Sheshkolar (24 million yevro) ular ichidagi eng qimmatlaridir.
3. Liga 1 – 456 million yevro
Yoz "PSJ" uchun o‘ziga xos o‘tmoqda. Fransiya chempionati bir klubga bog‘lanib qolganini shu yerda ham ko‘rish mumkin. Xullas, parijliklar safini Messi va Ramos tark etdi. Eng asosiy yulduz sanalgan Kilian Mbappe esa 2024 yildan keyin jamoada qolmasligini aytdi. Shunga qaramay, rahbariyat Ernandes, Ugarte va Ekitikeni umumiy 100 million yevrodan ko‘proqqa sotib oldi. "Nissa", "Renn" va "Marsel" klublari ham orqa fonda tarkibini kuchaytirishda davom etmoqda.
2. A seriya – 520 million yevro
Biz allaqachon 90 yillar oxiri, 2000 yillar boshidan o‘tib ketib bo‘ldik. Hozir, u paytlardagidek Italiya chempionati jamoalari transferlar borasida birinchi o‘rinda turmaydi, rekord darajada pul sarflay olmaydi. Liganing eng kuchli jamoalaridan bo‘lgan "Yuventus", "Milan" va "Inter"lar sahna ortidagi muammolari bilan band bo‘lib qolgan. Shunga qaramay, A seriya klublarining umumiy xarajatlari boshqa raqobatchilarinikidan ko‘proqdir. Ammo ularning APLga yetishiga ancha bor. Masalan, italyan klublari hali 30 milliondan qimmatroq birorta xaridni amalga oshirgani yo‘q.
1. APL – 1.34 milliard yevro
Bu aniq edi. Dunyoning eng tomoshabop ligasida shunday bo‘lishi ham tabiiy hol. Angliyaning 20 ta klubi 1.3 milliard yevro sarf etdi. Oldinda esa hali transferlar oynasining 1 oyi bor. APLda bu yozda rekord transfer yuz berdi: "Vest Xem" o‘z yarim himoyachisini "Arsenal"ga 105 million funt evaziga sotdi. Shunday qilib, Deklan Rays Buyuk Britaniya tarixidagi eng qimmat futbolchiga aylandi. Ammo boshqa klublar ham tarkib uchun 10 millionlab pul sarf qilmoqda. Agarda 1 sentyabrga qadar APL sarf-xarajatlari 2 milliardga yaqinlashib qolsa ham, ajablanmagan bo‘lardik.
ISMATOV J.