Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Ot izini bosayotgan toychoqlar

Ot izini bosayotgan toychoqlar

Baho:
+ | -

Oilaviy sulola - futbol olamida uchrab turadigan an’ana

Masalan, Maldinilar (Chezare, Paolo, Daniel) oilasi uzoq yillar davomida «Milan» sharafini himoya qildi, Karles va Serxio Busketslar bor kuch-mahoratlarini «Barsa»ga baxshida etdilar, Peter va Kasper Shmeyxellar esa Daniya terma jamoasi darvozasini qo‘riqladilar. Yangi avlod vakillari orasida ham an’ana davom etmoqda - mashhur futbolchilarning farzandlari otalari kabi yorqin o‘yin ko‘rsatishmoqda. Yozgi transfer mavsumida nomdorroq jamoaga o‘tadigan yosh iqtidorlar ham yo‘q emaslar.

Timoti Vea («Lill»dan «Yuventus»ga)

Kichik Vea - o‘z davrida «Oltin to‘p» sovriniga sazovor bo‘lgan Afrika futbolining taniqli afsonasi Jorj Veaning o‘g‘li. Katta Vea ayni pallada Liberiyani prezident sifatida boshqarishda davom etmoqda. Timoti esa 2000 yilda AQSHda tavallud topgan, xalqaro musobaqalarda shu mamlakat sharafini himoya qilmoqda. Liberiyaga kichik Veaning aloqador jihatlari yo‘q, hatto bu mamlakat fuqarosi ham emas, lekin Fransiya fuqaroligini qabul qilgan. Futboldagi ilk qadamlarini Timoti AQSHda tashladi, 2014 yilda «PSJ» akademiyasiga yo‘l oldi.

Parijdagi 5 yillik faoliyatida futbolchi 2018|19 yillar mavsumida bir necha marta «PSJ»ning asosiy tarkibida maydonga tushdi, lekin moslasha olmadi va «Seltik»ka ijaraga berib yuborildi. Shotlandiyadagi yarim yildan keyin Fransiyaga, endi «Lill»ga qaytdi. «Buldoglar» uni poytaxt klubidan 10 mln. yevroga xarid qilishdi.

Yangi jamoasida Timoti avvaliga tobora ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgandi. Biroq so‘nggi mavsumda ko‘proq vaqtini zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazdi. Boz ustiga, maydonga tushirilganida, goh o‘ng, goh chap qanotda to‘p surdi. Vaholanki, ixtisosi bo‘yicha u vinger hisoblanadi. Xullas, Timoti 32 uchrashuvda birorta gol ura olmadi, atigi 2ta assist bilan kifoyalandi. Biroq bu omadsiz ishtirok afsonaviy hujumchining o‘g‘liga qiziqib qolgan «Yuventus» vakillarini to‘xtata olmadi. Turin grandi Timotini «Lill»dan bonuslari bilan qo‘shib 12 mln. yevroga sotib oldi. Shartnomaga ko‘ra, kichik Vea 5 yil Turinda faoliyat olib boradi.

Qiziq, futbolchi o‘zining qaysi fazilatlari evaziga nomdor jamoa e’tiborini jalb etdi? Ijobiy jihatlari - universallik, arzon baho, navqironligi (23 yosh). Salbiy jihatlari: beqarorlik va uning «Yuventus» saviyasiga mos ekanligiga ishonch yo‘qligi. Timoti turinliklar jamoasida (3-5-1-1 yoki 3-5-2 sxemalarida) qanotlardan joy oladi. Bir oz shubhali, lekin qiziqarli transfer.

Markus Tyuram («Borussiya M.»dan «Inter»ga)

Fransiya terma jamoasi tarkibida jahon va Yevropa chempionligiga sazovor bo‘lgan, «Yuventus» bilan «A» seriyasida zafar quchgan fransiyalik afsona - Lilian Tyuramning 2 nafar o‘g‘loni ota kasbini ulug‘lashga bel bog‘laganlar.

Katta Tyuramning to‘ng‘ich farzandi bo‘lgan Markus o‘zining professional faoliyatini 2015 yilda «Sosho» jamoasida boshladi. Keyin u «Gengam» tarkibidan joy oldi, 2019 yilda esa Myonxengladbaxning «Borussiya»si bilan shartnoma imzoladi. Markus asosan markaziy hujumchi pozisiyasida to‘p suradi, lekin qanotlarda ham risoladagidek o‘yin ko‘rsata oladi.

O‘rtancha Tyuram Germaniyadagi 4 mavsumni muvaffaqiyatli o‘tkazdi, 2022|23 yillar mavsumining 32 uchrashuvida 16ta gol urdi. Biroq «Borussiya» bilan imzolagan shartnomasi nihoyasiga yetdi. Vaziyatdan unumli foydalangan «Inter» Markusni o‘z safiga qo‘shib oldi. Tyuramga «Milan», «PSJ» va «Nyukasl»dan takliflar tushgan bo‘lsada, u YECHLning so‘nggi finalchisini tanladi. Gladbaxliklar uchun fransiyalik iqtidorni tekinga qo‘yib yuborish achinarli, albatta. Transfermarkt Markusni 32 mln. yevroga baholagandi. 25 yoshli hujumchi Milanda Edin Jeko o‘rnini to‘ldirib, ijarada to‘p surayotgan Romelu Lukakuning ketishidan yuzaga keladigan yo‘qotishni imkon darajasida qoplaydi. Tyuramning ijobiy xislatlari - tezlik, baquvvatligi (192 sm.), universalligi, golni his etish qobiliyati. Qisqasi, ketayotgan hujumchilarga munosib o‘rindosh.

Kefren Tyuram-YUlyen («Nissa»dan «Liverpul»ga)

Lilianning kenja o‘g‘li - 22 yoshli Kefren akasidan farqli ravishda tayanch hududida to‘p suradi. Lekin akasi kabi bo‘ydor (192 sm.) va baquvvat, yuqori tezlik va texnik mahorat sohibi. Shuningdek, to‘pni raqibidan tortib olish va nazorat qilishda mohir. U «Monako»da tahsil olgan bo‘lsada, asosiy tarkibga ko‘tarila olmadi. 2019 yilda «Nissa»ga o‘tgan Kefren dastlabki 2 yilda kattalar futboliga moslashib oldi, keyingi 2 mavsumni risoladagidek o‘tkazdi, jumladan, 2022|23 yillar mavsumida 48 marta maydonga tushib, 2ta gol va 8ta assistni rasmiylashtirdi. Yarim himoyachi uchun ijobiy ko‘rsatkich.

Hozir fransiyalik yosh iqtidor «Liverpul» «radar»ida. «Nissa» Kefren uchun 60 mln. yevro so‘ramoqda. Markazni kuchaytirishga intilayotgan APL vakiliga esa aynan kenja Tyuram kabi o‘yinchi kerak. Boz ustiga, Kefren aynan Yurgen Klopp uslubiga mos tushadigan o‘yinchi. Xullas, mazkur transfer «Liverpul» uchun omadli bo‘lishi ehtimoli yuqori. Darvoqe, Kefren Tyuram-YUlyen Fransiyaning U21 terma jamoasida yetakchi o‘yinchilardan biri sifatida Yevro-2023 turnirida ishtirok etdi, jamoa guruh bosqichidan 100 foizlik natija bilan chorak finalga chiqdi. Lekin pley-off bosqichida Ukraina terma jamoa­si to‘sig‘idan o‘ta olmadi - 1:3.

 Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:55, 01.08.2023.
O'qildi: 4104 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.