Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Braziliyaning bo‘lajak «to‘qqizligi»

Braziliyaning bo‘lajak «to‘qqizligi»

Baho:
+ | -

O‘tgan haftada bo‘lib o‘tgan Braziliya chempionati doirasidagi «Atletiko Paranayense» - «Palmeyras» uchrashuvi nihoyasida 2 nafar yosh iqtidorlar - Vitor Roke va Endrik o‘zaro quchoqlashib, futbolkalarini alishtirdilar.

 Bir qarashda, bu - ikki futbolchining bir-biriga hurmati yoki gol urishgani uchun uzr so‘rash belgisidir. Biroq unda nechog‘li chuqur ma’no yashirin ekanligini quyidagi material orqali bilib olasiz. Albatta, bu ikki hujumchining yo‘llari o‘z yurtlarida ko‘p kesishadi. Lekin yaqin kelajakda ularni Ispaniyadagi buyuk qarama-qarshilik - klasiko kutmoqda.

Kataloniya orzusi

Endrikni kelasi yil yozida Madridda ko‘ramiz - balog‘at yoshiga yetib, «Real» safidan joy oladi. Roke hozirning o‘zida «Kamp-Nou»ga yo‘l olishi mumkin. Biroq moliyaviy muammolar tufayli kelishuv amalga oshgani yo‘q. «Barsa» Arda Gyulerni ham 1 yilga «Fenerbaxche»da qolishini istagan, yakunda yosh iqtidor uni qabul qilishga shay turgan «Real» taklifiga rozilik bildirgandi.

Kataloniya grandi bu gal ham MFP qoidalariga rioya qilishda qiyinchilikka duch keldi. Birinchidan, klub vakillari belgilab qo‘yilgan to‘lov qiymatini 35 mln.dan 30 mln.ga tushirishga urinishdi va bunga erishdilar. Ikkinchidan, hujjatlarni rasmiylashtirish uzoqqa cho‘zilib ketganidan norozi bo‘lgan «Atletiko» agar Ispaniya chempioni chaqqonroq harakat qilmasa, boshqa klublar - «MYU», «Chelsi» va «PSJ» takliflarini ko‘rib chiqishini bildirdi.

Biroq Roke boshqa xaridorlar 3 baravar ko‘proq maosh taklif qilganlariga qaramasdan, faqat «Barsa»da o‘ynash orzusida edi. Ko‘pincha bunday vaziyatlarda agentlar ko‘proq manfaatga ega bo‘lish uchun o‘z o‘yinlarini boshlashadi. Lekin Roke transferida bunday holat kuzatilmadi. Gap shundaki, futbolchi manfaatlarini himoya qilayotgan Andre Kyuri bir paytlar «Barsa»ning skauti bo‘lgan va 2019 yilda Erik Abidalni olib kelgandi. Qisqasi, Kataloniyaga kelish umumiy istak edi. Bundan tashqari, aynan shu jamoada hujumchi shiddatli taraqqiyotga erishishi va «Oltin to‘p»ga da’vogarlik qilishi mumkinligiga Roke ham, agenti ham amin bo‘lishgandi. Ha, Rokening nufuzli sovrin da’vogarlari ro‘yxatidan joy olgani uning bahosi 10 mln.dan 31 mln. yevroga ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. «Barsa» uchun bu hujumchi - klub kelajagi, «6+1» ko‘rinishidagi kontrakt va 1 mlrd. yevrolik tovon puli (Pedri va Gaviniki kabi) shundan dalolat beradi.

Yagona mavhumlik - Rokening «Barsa»dagi debyuti 2024 yilda bo‘ladi. Aniq sanasi esa klubning MFP qoidalariga rioya qilishiga bog‘liq. Hozircha klub Ferran Torres va Kessyega xaridor topa olmadi va Rokening ko‘chib o‘tishini kechiktirdi. Hujumchi «Kamp-Nou»ga yangi yil yanvarida yoki 1 yildan keyin keladi.

Oila bilan  hamkorlik

Kataloniyaliklar Roke ortidan ko‘p yugurishdi. Uni Kyuri va Dekular tavsiya etishganidan keyin klub skautlari bir necha marta Braziliyaga borib kelishdi. Laporta va Xavining roziliklaridan keyin mulohaza bilan ish yuritish boshlandi. Rokening terma jamoadagi debyutidan keyin, agent uning otasi bilan Parij va Angliyada bo‘lishdi, safar Barselonada yakunlandi.

Jyuvenal Ferreyruni hamma narsa - «Kamp-Nou», «Barsa» muzeyi, Kataloniya iqlimi o‘ziga maftun etdi. Va albatta, klub direktori Mateu Alemanining qabuli. U mehmonlarni Rokening rivojlanish loyihasi bilan tanishtirdi. Terma jamoaning bo‘lajak «to‘qqizligi» esa buyuk vatandoshlari bo‘lmish Ronaldo, Rivaldo, Ronaldinyo, Romario va «kumir»i Neymarlar izidan borish vazifasini mamnuniyat bilan qabul qildi. Seshanba kuni imzolangan shartnoma xususida Laporta quyidagicha fikr bildirdi: «Rokening o‘z uslubi bor, uni Ronaldo va Romariolarga qiyoslashning hojati yo‘q».

Shu yil Roke bilan U20 terma jamoasini Amerika Kubogi sohibiga aylantirgan Ramon Menezes ham turnirda 6ta gol bilan eng yaxshi to‘purar unvoniga erishgan shogirdiga ijobiy baho berdi: «U qanotlarda ham samarali to‘p sura olishini amalda isbotlagan. Biroq «Atletiko Paranayense»da Roke markazda o‘ynaydi. O‘ylashimcha, hozir u uchun eng yaxshi pozisiya. Vitor o‘ta kuchli va aqlli o‘yinchi. Yosh bo‘lishiga qaramasdan, o‘yinni yaxshi his etadi, u «Barsa»da talab darajasida to‘p sura olishiga aminman».

Jiddiy Tigrinyo

Xullas, hujumchining «Barsa»ga o‘tishi ortiqcha muammolarsiz hal bo‘ldi. Vaholanki, 14 yoshli paytida uning «Amerika Mineyro»dan «Kruzeyro»ga o‘tishida qoidaga zid harakatlar kuzatilgan, yosh o‘smirni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilishning iloji bo‘lmagach, kelishuvga uning otasi imzo chekkandi. Nihoyat, barcha tashvishlar ortda qolgach, 16 yoshli hujumchi mo‘’tabar Vanderley Lushemburgo rahbarligida asosiy jamoadagi debyut golini nishonladi va Ronaldo izidan borayotganligi, aynan Fenomen klubida to‘p surayotganidan mamnun ekanligini izhor etdi. Boz ustiga, o‘smir hayratomuz yo‘lni bosib o‘tdi. Odatda, futbolchilar hatto maktablarda ham yosh o‘tishi bilan oldingi chiziqdan markazga yoki himoya chizig‘iga tushib qoladilar. Faoliyatini tayanch yarim himoyachisi pozisiyasida boshlagan Roke esa shu qadar shiddatli parvozni namoyish etdiki, u va oilasi haqida yaratilgan serialda Tigrinyo (Yo‘lbarscha) laqabini oldi. O‘z vaqtida havaskorlar futbolida to‘p surgan otasini muxlislar Yo‘lbars deb chaqirishardi.

Bolalik paytidayoq «yo‘lbarscha» o‘yinni tushunish bobida tengdoshlaridan ilgarilab ketgandi. Shuningdek, o‘ta jiddiy va mas’uliyatni his etadigan bolakay edi. Shu sababli murabbiylar uni kattalar guruhiga yo‘llashardi. Roke o‘zining mehnatlari samarasidan bahramand bo‘layotgan Ronaldudan ibrat oladi. Butun e’tiborini futbolga qaratish maqsadida u ijtimoiy tarmoqlardan tamoman voz kechdi.

«Roke bolalik davrida ham mashg‘ulotlar yoki o‘yin kunlari arafasida barvaqt uyquga yotar, o‘rtoqlarining tug‘ilgan kunlaridagi o‘tirishlarni tezda tark etardi», - deydi futbolchining onasi Ersiliya Roke Ferreyra. Braziliya chempionatida yulduz maqomiga ko‘tarilganida ham Vitor bilim olishni to‘xtatmadi. Aksincha, faqat futbolga bog‘liq bo‘lib qolmaslik uchun o‘qishni davom ettirdi. Futbolchilik sirlarini esa Luiz Felipe Skolari kabi buyuk murabbiylardan o‘rgandi. U bilan «Atletiko» o‘tgan mavsumda sensasion o‘yin ko‘rsatib, Libertadores Kubogida finalgacha yetib bordi, Vitor esa 17 yoshlilarning ramziy terma jamoasidan joy oldi. Bunday muvaffaqiyatga erishish undan avval faqat Serxio Agueroga nasib etgandi.

Faoliyatining turli bosqichlarida noyob iqtidor sohibi o‘z vatandoshlarini o‘ylantirib qo‘ydi: «Bu yigitchaning imkoniyatlar chegarasi qayerda?»

Bu savolga faqat «Barselona» javob bera oladi. Hozircha, hamma baxtiyor. Jumladan, kataloniyaliklar bilan kelishuvni imzolaganidan keyin Roke uning qo‘li va qalbini so‘ragan, u esa «Ha» deya javob bergan suyukli ma’shuqasi ham!

ABDURAHMONXO‘JA tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 17:28, 06.08.2023.
O'qildi: 2623 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.