Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

«Roma»ning yangi rahbari — Lina xonim

«Roma»ning yangi rahbari — Lina xonim

Baho:
+ | -

Kutib oling, «Roma»ning yangi bosh direktori Lina Souluku. «Bo‘rilar» uni «Fenerbaxche» va «PSJ»dan avvalroq ilib ketishdi.

Sensi va Pimenta esa tayinlovni mamnuniyat bilan kutib olishdi. Italiya matbuoti xabariga ko‘ra, klub sohibi Den Fridkin avvalgi bosh direktor Pyetro Berardi bilan xususan, yangi stadion loyihasi bo‘yicha kelisha olmagan.

«Lina - futbol va biznes sohalarida tajriba, hurmat-ehtirom va nufuzga ega bo‘lgan mutaxassis. Uni mamnuniyat bilan «Roma» oilasiga qabul qilamiz», - dedi prezident taqdimot marosimidan keyin.

Rozella Sensiga (klubning avvalgi sohibasi) hammasi ma’qul bo‘ldi:

«Tanlov meni yaxshi ma’noda lol qoldirdi. U jasur, bilimdon va qat’iyatli mutaxassis. U ayollarga nisbatan mavjud bema’ni fikrlarga chek qo‘ydi. Ayniqsa, uning quyidagi iborasiga qoyil qoldim: «Bu sohada muvaffaqiyatga erishgan ayol har qanday erkak tengdoshiga nisbatan 10 baravar ko‘proq ishlaydi». Bundan-da aniqroq va yaxshiroq e’tirof yo‘q!».

Erling Xolandning agenti Rafaela Pimenta o‘z hissiyotlarini yashira olmadi: «Voybo‘y, Lina Souluku, «Roma»! Faxrlanaman».

Erkaklar futbolidagi bu ikki ayol mutaxassis 2021 yildagi Golden Boy Awards tanlovida tanishishgan, Lina tadbirda jyuri rahbari bo‘lgandi. Shundan beri ular o‘rtasidagi samimiy aloqa davom etmoqda.

Lina Souluku kim?

Bolaligida Lina voleybol bilan shug‘ullandi, huquqshunoslikka o‘qidi, muntazam ravishda futbol klublarini o‘rganib, maslahatlar berib yurdi, «Olimpiakos»ning yetakchilik roliga qaytishiga ko‘maklashdi.

Qisqacha ma’lumot:

* Lina oktyabr oyida 40 yoshga chiqadi, yunonistonlik. U Larisa shahrida tavallud topgan. Sportga qiziqishi - futbolchi otasining ta’siri, u hozir murabbiy. Lekin Lina voleybolga ko‘proq qiziqqan, lekin bolaligidan «Olimpiakos» muxlisasi.

* Lina Afinada huquqshunoslikka o‘qigan va talabalik davrida 2004 yildagi yozgi Olimpiadada doping-nazorat bo‘limida ishlagan. O‘sha yili yunonlar kutilmagan tarzda Yevro-2004da g‘olib chiqishgach, futbolga bo‘lgan qiziqish yanada kuchayib ketgandi. Lina esa busiz ham ashaddiy muxlisa maqomida bo‘lgan. 1 yildan keyin Lina tahsil olishni Ispaniyada - avval Salamankada, keyin Madridda davom ettirdi va sport menejmenti va huquq bo‘yicha magistr unvonini oldi.

* Yunonistonga qaytgach, Lina singlisi bilan huquqshunoslik firmasini tashkil etdi. Muassasa hozir faoliyatini davom ettirmoqda. Lina esa o‘qishni davom ettirdi, «Panionios» klubida, futbol, basketbol va boks federasiyalarida ishladi.

* Taniqli futbol afsonasi bo‘lmish Maykl Essyen «Panatinaikos» bilan sudlashuvda Linaning mijozi bo‘lgan, sud klub futbolchiga tovon puli to‘lashi xususida hukm chiqargandi. Shuningdek, u «Olimpiakos»ga kelishidan avval klub manfaatlarini himoya qilgan va AYEKning sobiq o‘yinchisi Lazaros Xristodulopulosni «Oli»ga olib kelgandi.

* Linani tanib qolgan «Oli» prezidenti Vangelis Marinakis uni huquqshunoslik bo‘limi boshlig‘i lavozimiga taklif etdi. 1,5 yildan keyin, 34 yoshli Lina vaqtinchalik bosh direktorga aylandi va 2022 yil yoziga qadar shu lavozimda ishladi. Uning mo‘ljali - «Chelsi» bosh direktori Marina Granovskaya.

* Bir paytlar Linadan Messi yoki Ronalduni «Oli»ga olib kelish haqida savol berishgandi: «Prezident klubni sevadi va uni rivojlantirishga harakat qiladi. Shiorimiz - orzu qilishni to‘xtatma!». Ronalduga kelsak, menda uning «Yuventus»dagi futbolkasi bor - Andrea Anyelli sovg‘a qilgandi. Shu sabab, qizim «Yuve» muxlisasi bo‘lib qoldi. O‘g‘lim esa «Oli»da, o‘zi «MYU» muxlisi.

* Lina 4 xil tilni biladi, ingliz tilini mukammal o‘rgangan.


«Olimpiakos» bosh direktor Souluku bilan: sovrinlar, YECHL, o‘yinchilar sotuvi

«4 yil ichida biz 4 marta chempion bo‘ldik, 2 marta YECHLda o‘ynadik, shu davr ichida o‘yinchilarni sotish va Britaniya futboliga tayyorlashga erishdik», - degandi Lina o‘tgan qish faslida. Albatta, «Oli» Rossiyadagi «Zenit» kabi Yunonistonning bayroqdor jamoasi (So‘nggi 26 chempionatning 22tasida zafar quchgan). Lekin aynan uning davrida AYEK va PAOK g‘olib chiqqan, keyin «Oli» 3 marta chempion bo‘lgan.

YECHLning guruh bosqichida 2 marta 3-o‘rinni egallagan. Avval «Bavariya» va «Tottenxem», keyin «Manchester Siti» va «Portu» to‘siqlaridan o‘ta olmagan. Lekin 2020 yilda YELning pley-off bosqichida «Arsenal»dan ustun kelgan. Oxirgi 5 mavsumning 3tasida klubning daromadi xarajatdan ko‘proq bo‘ldi. Umumiy balans - 8 mln. foyda.

Lina futboldagi ayollarni qo‘llab-quvvatlaydi

2019 yilda Yevropa klublari assosiasiyasi (EKA) tarkibidan joy olish Souluku faoliyatidagi muhim burilish bo‘ldi. U ijroiya qo‘mitasidan joy olib, Yunoniston klublari manfaatlari himoya qiladigan bo‘ldi. Fridkin uni o‘sha yerda ko‘rgandi. Lina shuningdek, sport sohasidagi ayollarga munosabat muammolariga ham befarq emas. Yunon klublari vakillarining kengashida erkak prezident o‘zining ayol yordamchisi bilan tortishib qoldi: «Sen o‘zi bu yerda nima qilib yuribsan? Buning o‘rniga, oshxonangda bolalaringga musaku tayyorlab berganing afzal. Taajjubki, shu gaplarni mamlakatning yirik shaharlaridan birini boshqarib turgan merning og‘zidan eshitdik», - degandi jahldor prezidentning o‘z o‘rinbosariga bo‘lgan munosabatidan ranjigan Lina.

Xo‘sh, 34 yoshida mas’uliyatli lavozimni qabul qilgan Soulukuning faoliyati qanday o‘tmoqda?

«Avvaliga bir oz qiynaldim. Futbolda ko‘pchilikning ishonchini qozonish ayol rahbar uchun oson emas. Biroq klubimiz muhiti o‘ziga xos rangbarang - portugaliyalik murabbiy, fransiyalik sport direktori, 3 nafar ayol direktorlar. Balki mana shu biz uchun muvaffaqiyat kaliti bo‘lgandir. Balki meni sohiblar qo‘llab-quvvatlashgani yordam bergandir... O‘ylaymanki, ortda qolgan 4 yil ichida klubimizdagilar ayol rahbar ham muvaffaqiyatga erisha olishiga amin bo‘lishdi». 

Endi Lina Joze Mourinyo bilan hamkorlik qilishiga to‘g‘ri keladi. 1,5 yil avval kasbdoshlarimizdan biri Rivaldo va Turening transferlarini eslatgan holda, «Olimpiakos» boshqa murabbiyni, masalan, Mourinyoni xarid qilishi mumkinmi, degan savolni bergandi. Linaning javobi: «Mou - ajoyib murabbiy, birinchi raqamli mister. U «Roma»da muvaffaqiyatga erisha olishiga ishonchim komil. Lekin bizda boshqa portugaliyalik mutaxassis - Pedru Martinsh bor. U bilan yuksak natijalarga erishdik. Ayni pallada «Oli» uchun boshqa murabbiy haqida o‘ylagan emasman».

Shunaqa gaplar... «Benazir» bilan ishlash Linaning chekiga yozilgan, samarasini yangi mavsum natijalaridan bilib olamiz.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 22:32, 09.08.2023.
O'qildi: 2285 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.