Hozirda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan transferlarni agentlar ko‘magisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Jorje Mendesh, Pini Zaxavi va marhum Mino Rayola o‘rnini to‘ldirgan Rafael Pimentaning mahkamalari bu ishda bosh-qoshlar. Lekin agent-otalar yordamida faoliyat yuritayotgan futbolchilar ham yetarli.
Bismark XADSON-ODOI
«O‘zi ham futbol o‘ynagani bois, yuksak saviyada to‘p surish uchun hayotda ko‘p narsalardan voz kechish kerakligini otam yaxshi biladi. Shu sababli uning maslahatlari, ko‘rsatmalarini diqqat bilan tinglayman. Men qayerda o‘ynashimdan qat’iy nazar, u barcha uchrashuvlarga boradi. Uning doimo yonimda ekanligini noodatiy hushtak chalishidan bilib olaman. Bu menga yordam beradi», - degandi Xadson,Odoi 2019 yilda.
Katta Xadson-Odoi o‘z vaqtida Gana Premyer-ligasining grandi «Xarts of Ouk» klubida to‘p surgan. O‘g‘li porloq kelajakka umid uyg‘otgan bo‘lsada, hozir bir oz pasayib qoldi. 22 yoshli futbolchiga Saudiyaning nomlari oshkor etilmagan 2 klubi qiziqish bildirmoqda. Lekin angliyalik futbolchi Osiyo taklifini rad etsa kerak. Chunki u «Milan», «Nottingem Forest» va «Fulxem» klublarining nazorati ostida. O‘tgan mavsumni futbolchi «Bayer»da o‘tkazib, 14ta o‘yinda bitta assistni amalga oshirdi.
Veronika RABYO
2019 yilda Adriyen Rabyoning onasi «PSJ»ning yangi shartnomaga oid 4ta taklifini rad etgan, parallel ravishda «Barselona» bilan muzokaralar olib borgandi. «Adriyen - «PSJ»ning garovga olingan mahbusi. Tez orada uni yerto‘laga olib tushadilar, quruq non va suv. Buning sababi shuki, Adriyen o‘zi hurmat qiladigan shartnomani bekor qilishni istamadi» , - degandi Veronika xonim g‘azab bilan. O‘shanda Adriyenning «Barsa»ga o‘tishiga Franki de Yongning kataloniyaliklar safiga kelishi va futbolchi onasining moliyaviy talablari monelik qilgandi. Oxir-oqibat, Adriyen «Yuventus»ga yo‘l oldi, Veronika xonim 10 mln. yevro bonusga ega bo‘ldi. Turli-tuman muammolardan boshi chiqmay qolgan bo‘lsada, Adriyen doimo onasi tomonida: «Onamning futboldagi barcha ishlari to‘g‘ri. U ulkan hayotiy tajribaga ega. Ba’zan ko‘pchilik, hatto o‘zim ham uning qarorlarini tushuna olmay qolamiz. Lekin baribir, unga 100 foiz ishonaman. Chunki u doimo haq».
Katta Xuan MATA
Xuan Mataning otasi jamoatchilikka deyarli ko‘rinish bermaydi. Lekin bir qator saviyali futbolchilarni jamlagan obro‘li agentlikni boshqarmoqda. O‘z o‘g‘lidan tashqari, u Solomon Rondon («River Pleyt»), Adria Pedrosa («Sevilya») va Muhammad Salisu («Sautgempton») kabi futbolchilar manfaatlarini himoya qiladi. Agent Mata ham o‘z vaqtida professional futbolchi bo‘lgan va 1980-90-yillarda Ispaniyaning kamtarin «Burgos» jamoasi sharafini himoya qilgandi. Uning aytishicha, kichik Mata 3 marta - «Valensiya», «Chelsi»da to‘p surgan paytlarida va yaqinda «Barselona» takliflarini rad etgan ekan.
Xans ROBBEN
Aryenning otasi o‘g‘lining «Bavariya»ga o‘tishi ustida juda ko‘p yugurdi. Nihoyat, 2009 yilda uni «Real»dan 25 mln. yevroga xarid qilishdi. Xans esa bu xizmati uchun 4,5 mln.ga ega bo‘ldi. Keyinchalik u Myunxen grandi bilan bir necha marta shartnoma muddatini uzaytirdi.
Mustafo OZIL
2022|23 yillar mavsumida Mesut otasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan faoliyatiga nuqta qo‘ydi. 10 yil avval katta Ozil Florentino Peres bilan qizg‘in tortishuvlar evaziga o‘g‘liga «Real»ni «Arsenal»ga almashtirish imkoniyatini hadya etgandi. «Puli ko‘payishi bilan odam halol bo‘lib qolavermaydi. Peres - halol odam emas. Ular Mesutni barcha omadsizliklar sababchisiga, meni qimmatbaho transferni orzu qiladigan ochko‘z otaga chiqarib qo‘yishdi. O‘g‘lim shunchalik no‘noq bo‘lsa, uni nima uchun maydonga tushirishadi?»
Tyerri AZAR
Aka-uka Eden, Torgan va Kilian Azarlarning otasi 2019 yilda agentlik lisenziyasiga ega bo‘lib, farzandlari faoliyatini boshqara boshladi. U Edenni, «Real»ga, Torganni «Borussiya Dortmund»ga joyladi.
Kilian Mbappening ota-onasi
Fransiyalik hujumchining faoliyati ota-onasining izmida. Muhim qarorlarni otasi Uilfrid qabul qiladi - 2021 yilda Kilianga «Real»ga o‘tmaslik va «PSJ» bilan shartnoma muddatini uzaytirishni u tavsiya etgandi. Shuningdek, yurist Delfin Verxeyden ham bor: u «Real»ga o‘tishni maslahat bergandi, lekin hujumchi otasining taklifini tanladi. Muzokaralar bobida Mbappening onasi Fayza Lamari faol. «Chelsi» skauti Daniel Boga uni pulemyotga qiyoslagandi: «Avvaliga men Kilianning otasi bilan gaplashdim. Keyin onasi kelgach, hammasini u boshqarishi ayon bo‘ldi. Klub vakillari bilan aynan u suhbatlashdi».
O‘tgan yili fransuz matbuoti futbolchining agentlari «Real» variantini ro‘kach qilish orqali «PSJ»ni manfaatli taklifga majbur etganliklarini aniqladi. Keyin ular «Real» vakillariga bosim o‘tkazishga urinib ko‘rishgani ma’lum bo‘ldi.
Neymar da Silva SANTOS
«Mening maydon tashqarisidagi «kumirim» otam ekanligini doimo aytganman. Barcha masalalarda undan ibrat olaman. Og‘ir damlarda menga yordam berish uchun u tog‘ni to‘ntarishga ham qodir» , - degandi Neymar o‘z otasi haqida. Katta Neymar o‘g‘lining «Barsa» va «PSJ»dagi faoliyatidan 100 mln.dan ko‘proq pul ishlab oldi. Hujumchining 2013 yildagi Ispaniyaga tashrifi 57 mln.ga baholangandi. Biroq keyinchalik klub uning ota-onasiga qo‘shimcha xarajatlar qilgani ma’lum bo‘ldi. Keyinchalik «Santos» prezidenti Luis Ribeyro sarf-xarajatlarning aniq miqdorini e’lon qildi va katta Neymar xususida yoqimsiz fikr bildirdi: «Barselona» uchun 90 mln.ga tushgan kelishuvda Neymarning otasiga London mehmonxonasidagi aysh,ishratlar uchun sarflangan mablag‘ ham bor. Katta Neymar - faqat pulni o‘ylaydigan aldoqchi. Masalan, 200 martadan ko‘proq u ichgan kofe uchun pulni men to‘ladim».
O‘g‘lining rekord bahoda «PSJ»ga o‘tishi agent-otaga 36 mln. yevro keltirdi. Qo‘shimchasiga, katta Neymar 43,6 mln. uchun «Barsa» bilan sudlashdi va yana 6 mln.ga ega bo‘ldi.
Xorxe MESSI
Taniqli agent-otalarning biri bo‘lgan katta Messi bir necha marta Barselonaga borgani va Leo bilan qaytish niyatida ekanligini ta’kidlagandi. Biroq yakunda kichik Messi AQSHga yo‘l oldi. Xorxe o‘g‘lining ishlariga begonalar aralashishiga yo‘l qo‘ymaydi, hatto 2017 yildagi muzokaraga Leoni ham chaqirmadi va yangi shartnomani o‘zi imzolagandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Xorxe «Barsa» bilan bo‘lgan kelishuvlar evaziga 60 mln. yevro ishlagan. «Mening maqsadim , Leoning hayotini yengillatish, doimo yonida bo‘lib, butun e’tiborini faqat futbolga qaratishiga yordam berish», - degandi Xorxe.
Ota-bola Messilar hayotida yoqimsiz voqealar ham yo‘q emas: 2016 yilda ular soliqlarni vaqtida to‘lamaganliklari uchun 21 oyga ozodlikdan mahrum etilgandilar. Leoning aytishicha, moliyaviy masalalarni otasi hal qiladi. Ma’lum bo‘lishicha, Xorxening kirim,chiqim sohasidagi bilimi talab darajasida emas...
S.RAHMONOV tayyorladi