Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Kepa Arrisabalaga: «Madrid»dan qo‘ng‘iroq bo‘lganda, ko‘p o‘ylab o‘tirish shart emas»

Kepa Arrisabalaga: «Madrid»dan qo‘ng‘iroq bo‘lganda, ko‘p o‘ylab o‘tirish shart emas»

Baho:
+ | -

Yozgi transfer oynasi yopilishi arafasida kutilmaganda «Real»ning asosiy figurasi - Tibo Kurtua jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqqandi.

«Qirollik klubi» zudlik bilan yangi kiper qidirishga tushishdi va yakunda «Chelsi» a’zosi bo‘lgan ispaniyalik Kepa Arrisabalaga variantida to‘xtashdi. U bilan 1 yillik ijara shartnomasi tuzildi. O‘z vaqtida iqtidorini butun dunyo tan olgan darvozabon bilan yaqinda Manu Karrenyo va El Larguero suhbat uyushtirdi...

- Siz xotirjam yigitga o‘xshaysiz. Aslida ham shundaymi?

- Ha, bosiq insonman. Lekin agarda bunday ko‘rinmasam, shunday ko‘rinishga harakat qilaman.

- Va qanday vaziyatlar sizni tashvishga solmoqda?

- Ehtimol, bu men hayotda nazorat qila olmaydigan vaziyatlardir. Bu har kimning o‘ziga bog‘liq, lekin siz nazorat qila olmaydigan narsa biroz azob beradi. Bu ham bor gap...

- Yangilangan «Bernabeu» haqida qanday fikrdasiz?

- Rostini aytsam, ancha ta’sirchan. Aprel oyida Chempionlar Ligasi o‘yini doirasida «Chelsi» bilan kelgandim u yer hali tugatish kerak bo‘lgan ishlar, qurilish jarayonida edi, lekin «Xetafe» bilan o‘yin arafasida, ertalab kelib, hammasini ko‘rdik... bu ajoyib edi. Haqiqat shundaki, bu yerda o‘ynash qiziqarli.

- Bellingemning aytishicha, akustika ajoyib ekan. Ko‘plab stadionlarda bo‘lganingiz uchun sizga ham shunday tuyuladimi yoki ingliz futbolchisi oshirib yubordimi?

- Yo‘q, yo‘q, bu haqiqat. Men hozirda «Bernabeu»dan ustun bo‘lgan biror stadionni bilmayman. Aslida, bunga biz yaqindagina ishonch hosil qildik. Yangilangan «Bernabeu»dagi birinchi o‘yinning 94-daqiqasida ikkinchi to‘pni urganimizda shunday shovqin ko‘tarildiki... To‘g‘risini aytsam, men buni Chempionlar Ligasi o‘yinlarida boshdan kechirishni intiqlik bilan kutyapman.

- Agar Kurtuaning kutilmagan jarohati bo‘lmaganida, hozir siz «Bavariya» darvozasini qo‘riqlayotgan bo‘larmidingiz?

- Ha, shunday bo‘lardi. Aytishlaricha, hammasi hal bo‘lgan ekan, lekin kutilmagan o‘zgarish juda tez sodir bo‘ldi. Yaxshiyamki, men bu yerdaman, bu Tiboning jarohati bilan bog‘liq, albatta, hech kimda bunday taqdir bo‘lishini xohlamayman. Uning tezroq tuzalishini tilayman. Biz har kuni gaplashamiz, yechinish xonasida birgamiz, lekin men hozirgi joyimdan xursandman.

- «Bavariya» rahbariyati buni qanday qabul qildi?

- Men ularga qiziqishlari, qilgan sa’y-harakatlari va barcha ishlari uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ular oxir-oqibat tanlov qilishim kerakligini tushunishdi. Sizga «Madrid»dan qo‘ng‘iroq qilishganda, ko‘p o‘ylash kerak emasdi. Hammasi juda tez sodir bo‘ldi, qaror qabul qilish, hamma narsani o‘zgartirish uchun bir necha kun yetarli bo‘ldi va rostini aytsam, bu juda tez edi.

- Moslashish jarayoni qanday kechdi?

- Bu yerda moslashish ancha oson kechadi. Axir, men ko‘plab jamoadoshlarimni, shaharni, mamlakatni, La Ligani yaxshi bilaman... Hammasi oddiy holdek edi.

- Bellingem ham o‘zining o‘tishi haqida shunday degandi. Uni qanday baholaysiz?

- Yoshini hisobga olsak, u aniq g‘oyalarga ega mehnatsevar, juda yetuk yigit. U qanday tinglashni biladi. Men uni Premyer-ligadagi bosqichimdan beri taniyman. Juda yoshligidayoq «Birmingem»da, Chempionshipda boshlagandi, keyin Dortmundning «Borussiya»sida porladi, o‘tgan yili Chempionlar Ligasida bir-birimizga qarshi o‘ynaganmiz... Siz uning qanday energiyaga ega ekanligini, maydonni qanday qoplashini, qanday sifatga ega ekanligini, ochlik va mentalitetga ega ekanligini ko‘rishingiz mumkin. Startni ajoyib o‘tkazmoqda va umid qilamanki, butun mavsum shunday davom etadi.

- «Real» kiyinish xonasida kim «boshliq»?

- Har holda, ko‘p yillar davomida shu jamoada bo‘lgan, ko‘plab yutuqlarga erishgan, katta tajribaga ega bo‘lgan, sardorlar - Nacho, Karvaxal, Kroos, Modrichlar bor... Ko‘p narsa yutgan o‘yinchilarni siz har kuni har bir o‘yinni qanday qabul qilishlarini, har bir o‘yinga qanday tayyorgarlik ko‘rishlarini kuzatasiz va menimcha, bu tajriba butun jamoa uchun, shuningdek, yosh o‘yinchilar uchun juda muhimdir. Bunday «amakilar»ning yonida va kiyinish xonasida bo‘lishi, menimcha, jamoa uchun juda muhimdir.

- Saudiya Arabistonidan tushgan katta taklifni rad etgan Luka Modrich haqida nima deya olasiz?

- Menimcha, Luka haqida aytilgan ta’riflarga, u ega bo‘lgan barcha futbol fazilatlariga ko‘p narsa qo‘shilmaydi...

- Uni nafaqaga chiqarishga hali ertami?

- Uning iloji boricha, kuchi yetgunicha qolishini istardim. O‘ylaymanki, «Real» uning ishlashi, yillar davomida klubga berganlari va u hali ham nima berishi mumkinligi haqida hamma narsani biladi. O‘ylaymanki, u jamoaning asosiy o‘yinchisi, so‘nggi haftalarda ko‘rganlarimga ko‘ra u bu yerda juda sevimli va hamma uchun juda muhim.

- Hozir Lunin bilan raqobatdasiz. Kurtua safga qaytganidan keyin nima bo‘ladi?

- Afsuski, Kurtuaning tiklanishi bir necha oy davom etadi va o‘sha vaqt kelganida, biz eng yaxshi tarzda kurashamiz. Men har doim jamoadoshlarim bilan, darvozabonlar bilan har doim juda yaxshi munosabatda bo‘lganimizni, sog‘lom raqobat bo‘lganligini aytganman. Menimcha, bularning barchasi jamoaga foyda keltiradi. Axir, har bir pozisiyadagi raqobat, menimcha, jamoani yaxshilaydi. «Madrid»da hech qanday pozisiya arzon emas. Har bir joy uchun raqobat bor va bu barchani eng yaxshi versiyasini ko‘rsatishga majbur qiladi.

- Kurtua birinchi raqamli ekanligini bilsangiz ham bu yerda qolasizmi?

- Men endigina ko‘chib o‘tdim, ko‘ramiz, lekin qolishdan xursand bo‘lardim. Bundan tashqari, kelishuvga erishish kerak. Hali ko‘p vaqt bor, lekin men har doim kurashishga, yaxshilanishga va oxir-oqibat butun jamoa bilan muvaffaqiyatga erishishga tayyorman.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:04, 24.09.2023.
O'qildi: 1060 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.