Kirish Ro'yxatdan o'tish
05/11 00:45 Lasio 2-1 Kalyari
05/11 01:00 Selta 1-0 Xetafe
05/11 01:00 Fulhem 2-1 Brentford
05/11 13:00 Sentrel Kost 2-2 Shanghai Shenhua
05/11 15:00 Kavasaki Frontale 3-1 Shangxay Port
05/11 15:00 Vissel Kobe 2-0 Kvangju
05/11 17:00 Johor Dorul Ta'zim 3-0 Ulsan Xyonde
05/11 19:00 Paxtakor 0-1 Ar-Rayyan
05/11 22:45 PSV 4-0 Jirona
05/11 22:45 Slovan 1-4 Dinamo Zagreb
05/11 23:00 An-Nasr (SA) 5-1 Al-Ayn
06/11 01:00 Real Madrid 1-3 Milan
06/11 01:00 Liverpul 4-0 Bayer
06/11 01:00 Sporting 4-1 Manchester Siti
06/11 01:00 Lill 1-1 Yuventus
06/11 01:00 Bolonya 0-1 Monako
06/11 01:00 Seltik 3-1 RB Leypsig
06/11 01:00 Borussiya D 1-0 Shturm

Merganlarga saboq bergan darvozabon

Merganlarga saboq bergan darvozabon

Baho:
+ | -

YECHL guruh bosqichining dastlabki kunida muxlislar unutilmas voqea guvohi bo‘lishdi - qo‘shimcha vaqt nihoyasiga yetib qolgan pallada «Atletiko»ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berayotgan «Lasio» standart vaziyatga ega bo‘ldi.

 Burchak zarbasini amalga oshirish paytida mezbonlar posboni Ivan Provedel ham raqib jarima maydonchasiga yo‘l oldi. Darvozabonlarning so‘nggi soniyalardagi bunday harakatlari yangilik emas. Biroq bundan samara chiqara olish - tarixiy voqea. Ivan har qanday «as» to‘purarni qoyil qoldiradigan tarzda qulay pozisiyani topib, bosh zarbasi bilan hisobni tenglashtirdi. Ha, jamoasiga atigi 1 ochko hadya etdi. Biroq yakunda ana shu arzimas ochko plef-off bosqichining oltin kaliti bo‘lishi mumkin.

Qizig‘i shundaki, bu Provedelning birinchi marta kasb­doshini o‘z darvozasidan to‘p olib chiqishga majbur etishi emas. 2020 yil fevralida u «Yuve Stabiya» safida «V» seriyasida to‘p surgan «Askoli» darvozasini xuddi shu uslubda ishg‘ol etgandi. Endi navbat Ivan Provedel kabi snayperlik mahoratini namoyish etgan darvozabonlarga.

Oskarin Masuluke

Janubiy afrikalik darvozabonning 2016 yilda amalga oshirgan goli muhimligi jihatidan Ivanning goliga tenglasha olmaydi. Lekin ijro uslubi yaqqol ustunlik qiladi. Kiper o‘z kasbdoshi darvozasini «qaychi» uslubidagi zarbasi bilan zabt etgan, shu gol tufayli «Orlando Payrets»ga imkoniyatni boy berayotgan «Baroka» muvonatni tiklagandi. Albatta, bu o‘ta chiroyli gol «Pushkash» mukofotiga da’vogarlar ro‘yxatidan joy oldi. Biroq g‘oliblik professional hujumchi bo‘lmish Olivye Jiruga nasib etdi.

Martin Xansen

«Liverpul»ning sobiq posboni ham o‘z faoliyatida to‘purarlik xislatini namoyish etgan. 2015 yilda u Niderlandiyada «Den Xag» darvozasini qo‘riqlagan va «PSV»ga qarshi bahs nihoyasida burchakdan uzatilgan to‘pni tovoni bilan darvozaga to‘g‘rilab qo‘ygandi.

Xose Luis Chilavert

Paragvaylik mashhur darvozabon nafaqat xushchaqchaq tabiati va hazilkashligi, balki kasbdoshlari orasida o‘ta sermahsulligi bilan tanilgan. U o‘z gollarini penaltilar orqali amalga oshirgan. Paragvay, Argentina, Fransiya va Ispaniya chempionatlarida 67ta, Paragvay terma jamoasi safida esa hanuzgacha rekord maqomida qolayotgan 8ta gol muallifi bo‘lgandi. Boshqa birorta terma jamoa darvozaboni bunday sermahsullikni tushida ham ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Qo‘shimchasiga, Chilavert hisobida hammasidan o‘tib tushadigan ajoyib xet-trik ham bor. Darvozabon xet-trigi! Tarixiy sermahsullikni afsonaviy posbon «Veles Sarsfild» safida «Ferro Karril Oeste»ga qarshi o‘yinda qayd etgan. Uchchala gol penaltidan urilgan.

Rojerio Seni

Darvozabonlar gollari xususida gap ketganda, Rojerioni reytingga kiritmaslikning iloji yo‘q. Braziliyaning eng mohir darvozabonlaridan biri 2015 yilgacha davom etgan faoliyatining katta qismini «San-Paulu» klubida o‘tkazgan. Senining asosiy ustunligi - darvozabonlar o‘rtasida eng yaxshi to‘purar maqomi. Yaqin kelajakda uni biron-bir kasbdoshi quvib o‘tishi juda qiyin. Chunki Rojerio 132ta gol urgan. Boz ustiga, ularning hammasi «nuqta»dan urilgan emas. Boisi, Seni jarima zarbalaridan samarali foydalanadi - 61ta gol!

Jimmi Glass

Endi gollarning muhimligi masalasiga qaytamiz. Bu borada Glass tomonidan 1999 yilda urilgan gol darvozabonlar gollari orasida eng ahamiyatlisi bo‘ldi. Gap shundaki, burchak zarbasi bilan yo‘llangan to‘pni Jimmi golga aylantirishi evaziga «Karlaylu» ligadagi o‘rnini saqlab qoldi. Aytgancha, Glass «Karlaylu» posboni emas, o‘shanda uni «Suindon»dan ijaraga olishgandi.

Mart Poom

Estoniyalik posbon mashhurlikka Angliyada to‘p surish orqali erishdi. 1999|2000 yillar mavsumida u «Derbi» darvozasini qo‘riqlab, yakunda jamoaning eng yaxshi futbolchisi unvoniga sazovor bo‘lgan. Faoliyatidagi eng yorqin lavhani esa Poom «Sanderlend»da namoyish etdi. Jamoa standart vaziyatga ega bo‘lganida, Mart yashin misoli raqib jarima maydonchasiga yorib kirdi va raqiblaridan yarim bo‘yi baravarida balandroq sakrab, darvozani zabt etdi. Shu tariqa posbon eng chiroyli gollardan birining muallifiga aylandi.

Rene Igita

Seni va Chilavertdan tashqari, Igita ham bunga o‘xshash barcha reytinglarda qatnashishi shart. Kolumbiyalik mohir darvozabon juda ko‘p betakror tomoshalarni namoyish etgan. Uning Angliyaga qarshi o‘yindagi «chayon zarbasi» uslubidagi seyvini muxlislar unutishmagan. Shuningdek, Igita risoladagidek sermahsullikni namoyish etgan. U 1995 yilda «Atletiko Nasyonal» tarkibida «River Pleyt»ga qarshi maydonga tushib, jarima zarbasi bilan raqib darvozasini ishg‘ol etgandi. Umuman, Igita 43ta gol bilan snayper-darvozabonlar ro‘yxatida 5-o‘rinda bormoqda. Undan yaxshiroq ko‘rsatkichni Chilavert va Senidan keyin meksikalik Xorxe Kampos (48ta gol) va perulik Xonni Vegas Fernandes (45) qayd etishgan.

Ali Aamada

95-daqiqa - qutqaruvchi golni amalga oshirish uchun eng qulay palla. 2012 yilda «Tuluza» posboni Aamada «Renn»ga qarshi bellashuvda jamoasi jarima zarbasini tepish huquqiga ega bo‘lgach, raqib darvozasi tomon yo‘l oldi. Bu - futboldagi odatiy hodisa. Posbon raqib darvozasini ishg‘ol etdi, ammo golni to‘pga o‘zini ayamasdan otilgan holda, boshi bilan zarba yo‘llash evaziga urdi. Ha, o‘zi jarohat oldi, lekin «Tuluza»ni qutqarib qoldi.

Alberto Brinyoli

Italiyalik darvozabon Ali Aamadaning jasoratini 2017 yilda takrorladi. O‘sha davrda Alberto to‘p surayotgan «Benevento» mavsumni 14ta o‘yinli mag‘lubiyatlar seriyasi bilan boshlagan va top,chempionatlar beshligida antirekord o‘rnatgandi. Agar «Milan»ga qarshi bellashuvda Brinyoli gol urmaganida, omadsiz seriya davom etardi. Biroq Alberto dadil harakati evaziga jamoasini 15-mag‘lubiyatdan saqlab qoldi - 2:2.

Alisson

2021 yilda «Liverpul»ning YECHLdagi ishtiroki qil ustida turgandi. «Vest Bromvich»ga qarshi uchrashuvning (1:1) 94-daqiqasida «qizillar» posboni raqib jarima maydonchasiga yo‘l oldi. Raqib jamoaning himoya chizig‘i Alissonning tashrifiga yetarli e’tibor qaratmadi. Natijada Trent Aleksandr-Arnoldning burchakdan uzatgan to‘pini u darvozaga joylab, jamoaga suv bilan havodek zarur bo‘lgan qimmatli 3 ochkoni hadya etdi. Darvozabonlar gollari uchun noodatiy yechim. Odatda, ular mag‘lubiyatdan qutulib qolish maqsadida raqib darvozasiga yaqinlashadilar. Alisson esa nufuzli turnir musobaqasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish yo‘lida so‘nggi imkoniyatdan foydalanishga qaror qildi va niyatiga yetdi.

A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:31, 05.10.2023.
O'qildi: 1387 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.