«RB Leypsig» yarim himoyachisi Ksaver Shlager o‘zini odatiy futbolchilardek tutmaydi.
U sokinlikni xush ko‘radi, osoyishtalik, yaxshi suhbat va kitob mutolaasidan o‘zgacha zavqlanadi. Ishonish qiyin, lekin haqiqat shuki, avstriyalik mashg‘ulotlardan ortib, kuniga kamida 1 soatni kitob o‘qishga ajratadi. 26 yoshli futbolchi CHL guruh raundi 2-turidan o‘rin olgan «Manchester Siti» bilan katta o‘yin (1:3) arafasida klub rasmiy saytiga ixcham intervyu berdi. Diqqatga sazovor tomoni, Ksaver bilan suhbat uchun ham noodatiy joy tanlandi - Leypsig markazida joylashgan kitob do‘koni.
- Bilishimizcha, kitob mutolaasiga mukkasidan ketgansiz. Bu «xasta»likmi yoki...?
- Aslida hech qachon o‘zimcha kitob o‘qigan emasman. Shunchaki, onam qistovi bilan har kuni kamida bir bob o‘qishga majbur edim. Ochig‘i, bundan nafratlanardim ham, o‘zimni qo‘yarga joy topolmasdim ba’zan. Qaytaraman, maktab tahsili payti qo‘limga kitob olmaganman deyarli. Keyinroq sportda muvaffaqiyat qozonish uchun hayotingizni tartibga solishingiz muhimligini tushundim. Shuning uchun kitob o‘qishni boshladim va ko‘p o‘tmay, bu yumush menga halovat bag‘ishlayotgani angladim. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarga ko‘p vaqt sarflaganimda, ruhiy charchoqni sezardim, kitob o‘qishdan keyin aksincha, qandaydir yengillikni his qildim.
- «RB Leypsig» o‘yinlari ham sizni yanada tetiklashtirayotgandek...
- Jamoada infratuzilma, murabbiylar shtabi, muhit, o‘yin sifati - barchasi eng yuqori darajada. Umuman, klub yo‘li shaxsiy falsafamga juda mos keladi. Men uchun hamisha yuqori marralarga intiladigan jamoaning bir qismi bo‘lish muhim. Futbolda imkon qadar ko‘proq g‘alaba qozonish, tinmay olg‘a borishni xohlayman. Shaxsiy yondashuvim shunday.
- Demak, «RB Leypsig» safiga qo‘shilganingizdan g‘oyat mamnunsiz.
- Bu yerdagi birinchi mashg‘ulotdayoq boshqa darajada ishlaganimni yaqqol angladim. Endi jamoada muhim rol bajarish uchun shaxsiy sifatlarni yanada yaxshilashim kerak. Bunday motivasiyaning ahamiyati juda katta.
- Xo‘sh, yanada yaxshi o‘ynashingizga yaqindan yordam bergan jamoadoshingiz bormi?
- O‘tgan mavsum men va Konrad Laymer uchun o‘zgacha o‘tdi. O‘zi ikkimiz har doim birga o‘ynaganmiz, umuman, yoshligimizdan yaqin do‘stlarmiz. To‘g‘ri, «RB Leypsig»da birdaniga o‘ynab ketishda ancha qiynaldik. Muayyan pallada hammasi o‘ylaganimizdek oson emasligini tushundik va bu g‘ayratimizga g‘ayrat, kuchimizga kuch qo‘shdi.
- Klubingiz uchun yangi mavsum starti juda zo‘r bo‘ldi, shundaymi?
- Albatta. Leverkuzendagi ilk o‘yinda kutilgan natijaga erisholmadik, muhimi, shundan so‘ng hammasi o‘z iziga tushdi. Aslida og‘ir mavsumoldi yig‘inlaridan so‘ng birdan natija ko‘rsatish oson emas. Mana, kursga tushib oldik, deylik, Gladbaxda kechgan og‘ir o‘yinda ham g‘alaba qozondik. Umuman, so‘nggi bir necha hafta juda yaxshi o‘tdi.
- «Manchester Siti»ga qarshi jangga shaxsan siz qanday ruhiy tayyorgarlik ko‘rdingiz?
- Katta o‘yinlar arafasida hammasi tabiiy ravishda rivojlanadi. Ya’ni futbolchi bunday pallada alohida motivasiyaga ehtiyoj sezmaydi. Oddiy aytganda, katta o‘yinlar sizni o‘z-o‘zidan quvvatlantiradi, maydon maysasining har bir bo‘lagini maydalab tashlashni xohlaysiz. Maydonga tushar ekansiz, butun dunyoga nechog‘li kuchli ekanligingizni ko‘rsatib qo‘yishni xohlaysiz.
- Shu kunga qadar faoliyatingizda kuzatilgan eng muhim voqelikni ayta olasizmi?
- Germaniya kubogida «RB Leypsig» bilan o‘yinlarda qayd etilgan ikki g‘alaba. Hech kim buning quvonchini mendan tortib ololmaydi. Kelajakda esa ko‘proq sovrin yutishni istayman, albatta.
MUHAMMADXON tayyorladi