Xabaringiz bor, ayni paytda Superliga chempionatida FIFA kunlari munosabati bilan qisqa tanaffus yuzaga kelgan va bundan unumli foydalanish maqsadida o‘rtoqlik bellashuvlari tashkil etilmoqda.
Jumladan, "Neftchi" futbol klubi ham o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazish bo‘yicha reja tuzgan. Unga ko‘ra Vitaliy Levchenko shogirdlari ertaga 15 oktyabr kuni Qirg‘iz Respublikasidan tashrif buyuradigan O‘shning "Alay" jamoasini qabul qilishadi. Ushbu xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi Farg‘onadagi "Istiqlol" markaziy o‘yingohida soat 17:00 da boshlanadi.
Ma’lumot o‘rnida, ikkala jamoa vakillari sentyabr oyida vujudga kelgan tanaffus paytida ham o‘zaro kuch sinashgan va Qirgulidagi stadionda bo‘lib o‘tgan bahsda farg‘onalik futbolchilar minimal 1:0 hisobida ustun kelishgan.