Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Ismoil Bennaser: «Men eng yaxshi darajamga qaytishni xohlayman»

Ismoil Bennaser: «Men eng yaxshi darajamga qaytishni xohlayman»

Baho:
+ | -

Jazoirlik legioner 2022/23 yilgi Chempionlar Ligasining birinchi yarim final o‘yinida «Inter» bilan tizzasidan jiddiy jarohat olganiga 5 oy bo‘ldi, bu unga jarrohlik amaliyotini talab qildi.

Arlning 25 yoshli fuqarosi zararning murakkabligi va tiklanish uchun uzoq yo‘lni hisobga olgan holda, bu davrda sabr-toqatli bo‘lishi kerak edi, ammo bu hafta maydonga qaytish uchun yana bir qadam tashlash uchun Milanelloga qaytadi. «Le Club des 5» youtube-kanaliga bergan intervyusida Ismoil operasiyadan keyingi safaridan tortib «Milan»ning qo‘llab-quvvatlashigacha bo‘lgan mavzularga to‘xtalib o‘tdi.

- Ismoil, tiklanish jarayoni qanday ketmoqda?

- Hammasi jadvalga muvofiq juda yaxshi ketmoqda. Futbolda bu juda yoqimsiz jarohatdir, chunki odamni g‘ashiga tegadi. Pauza juda cho‘zilib ketdi va rostini aytsam, qaytish sanasi hamon aniq emas. Taxminan 6-8 oyni tashkil qilishi aytilgandi, ammo undan keyin hammasi tizzaning reaksiyasiga bog‘liq.

- Bu jarohatni kelib-kelib, YECHLdagi katta derbida orttirib oldingiz...

- Men uchun bu juda o‘ziga xos o‘yin edi, hamma uni kutdi. Bu faoliyatimdagi eng muhim o‘yinlardan biri edi. Men xafa bo‘ldim, lekin bu futbolning bir qismidir. Har kim bunday tavakkalga ro‘baro‘ keladi, buni qabul qilish kerak. Shundan so‘ng e’tibor butunlay tiklanishga qaratdim. Maydonda uzoq vaqt bo‘lmasligim qandaydir yaxshi narsa topishga undadi. Hayotda bunday og‘ir narsaga duch kelganingizda, stakanning yarmi bo‘sh, yarmi esa to‘la ekanligini ko‘rishingiz kerak. Men bundan hayotimdagi vaqtni optimallashtirish, oilam bilan o‘tkazish uchun foydalandim. Shu bilan birga maydonni juda sog‘indim.

- Bu jarayonning psixologik jihati qanchalik og‘ir edi?

- Bunday vaziyatda eng muhimidir. Hech qachon bunday muammoga duch kelmaganman, oilam bilan muloqot qilish menga katta yordam berdi. Tiklanishimning bir qismini Qatarda o‘tkazmoqchi edim, chunki bu diyor men o‘zimni yaxshi his qiladigan va allaqachon tanish muhit edi. Katta jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazdim, naq 2 oy yerda mustahkam turolmadim. Jarohat qandaydir g‘alati tarzda keldi, men buni tushunmadim. Uchrashuvlarda bundanda jiddiyroq zarbalar qabul qilganman, lekin siz hammasini nazorat qila olmas ekansiz. Men qo‘rqmayman. Yana yugurishni boshlaganimga bir haftadan oshdi va men qo‘rqmadim. Eng qiyin davr ortda qoldi, endi vaziyatni diqqat bilan kuzatib, mashg‘ulotdagi yuklamalarga tizzamning reaksiyasini ko‘rish qoldi. Men eng yaxshi darajamga qaytishni xohlayman, lekin bu ma’lum vaqt talab qiladi: dekabr, yanvar, fevral. Qachon qaytishimni aniq ayta olmayman, bu keyingi bir necha haftaga bog‘liq. Albatta, Afrika millatlari Kubogi muhim turnirdir va bu ham xuddi «Milan» o‘yinlari kabi mening xayolimdan ketmaydi. Imkon qadar ko‘proq hissa qo‘shishga umid qilaman, hatto dastlab zaxira sifatida bo‘lsa ham.

- «Milan» sizni qo‘llab-quvvatladimi?

- Ha, bu davrda klub menga juda yaqin edi. Ular hamma narsaga rozi bo‘lishdi. Operasiya uchun jarrohni va tiklanish davrini o‘tkazadigan joyni tanlashimga ruxsat berishdi. Bu vaziyatda psixologik jihat bosh planda ekanligini tushunishdi. Ular menga hech narsa yuklamadilar. Milanlik shifokorlar bilan muntazam muloqotda bo‘lib turibman.

- «Milan» sayohati qanday kechmoqda?

- Biz doimiy taraqqiyotdamiz. Bu yerga 2019 yilda kelganimda, rahbariyatning maqsadi «Milan»ni YECHLga qaytarish edi. Men Rafa (Leao) va Teo (Ernandes) bilan bir vaqtda keldim. 5 yillik shart­noma imzoladim, ya’ni 5 yildan so‘ng biz «Milan»ni Chempionlar Ligasiga qaytarishimiz kerak edi. Men ajoyib tarixga ega dunyodagi eng katta klublardan biriga keldim. Bu juda zo‘r, siz buni har tomonlama his qilasiz - bu oilaga o‘xshaydi va sizga yaqin. Tashkilotchilik darajasi juda yuqori. Biz skudettoni qo‘lga kiritdik va Chempionlar Ligasining yarim finaliga chiqdik. «Milan» kabi klub uchun bu odatiy hol bo‘lishi kerak. So‘nggi yillardagi natijalar g‘ayrioddiy narsa sifatida qabul qilinadi, chunki ko‘pchiligimiz buni ilgari boshdan kechirmaganmiz. Hatto murabbiy ham skudettoni hech qachon yutmagan va Chempionlar Ligasining yarim finaliga qadar yetib bormagan. Barchamiz bu lahzalardan zavqlandik.

- O‘sha yili «Sassuolo» bilan o‘yindan keyingi hissiyotlar qanday edi?

- Bizga yoqdi, lekin keyingi mavsumda hammasi unutildi. Ta’tildan qaytganimizda biz uchun endi hamma narsa murakkablashgandi: siz g‘alaba qozonishingiz kerak bo‘lgan jamoasiz, libosingizda o‘zgacha belgi bor, kuchingizni ikki baravar oshirishingiz kerak. Men «Empoli»dan keldim, Afrika millatlari Kubogini yutgan bo‘lsam ham, kichkina eshikdan kirdim. Ko‘pchilikning «Bennaser kim? U quyi ligaga «uchgan» «Empoli»danmi?», kabi savollari bisyor edi. Men bularning barchasini juda yaxshi ko‘raman, chunki siz yakunda odamlarni hayratda qoldirasiz. «Milan» kabi jamoani qayta tiklashning bir qismi bo‘lish, bu jarayonning boshidanoq u yerda bo‘lish men uchun sharafdir. Bu 5-mavsumim, men vaqt qanday o‘tganini ham sezmadim.

- Kiyinish xonasidagi holatingiz qanday?

- Siz hurmatga maydonda erishasiz, o‘z fazilatlaringizni aynan u yerda qayta-qayta isbotlaysiz. Men futbolni yaxshi ko‘raman, lekin bu ish oilamga ham yordam beradi va men bunga erishishni xohlayman. Hech qachon odamlar hurmat qiladigan, lekin maydonda hech narsa qilmagan o‘yinchini ko‘rmaganman.

- Maydondagi sevimli rolingiz qaysi?

- «Kovid» paytida biz juda kuchli edik, deganingizda rozi bo‘lishim mumkin. Esimda, biz mag‘lubiyatsiz 25ta uchrashuv o‘tkazgandik. Kessye va men 4-2-3-1 sxemasida Chalxanogluning orqasida joylashdik. Birinchi yilimda moslashish uchun ko‘p vaqtim yo‘q edi, men darhol o‘ynadim. «Empoli»dan keyin hamma narsa boshqacha edi. Biz to‘pga egalik qilishdan to‘xtamadik. Kessye va Chalxanoglu bilan bir-birimizni juda yaxshi tushunardik. Pioli o‘tgan yilning boshida meni o‘ng qanot yarim himoyasiga qo‘ydi, men ham bunga javoban «Atalanta» darvozasiga gol urdim. U menga erkinlik berdi. Keyin regis­ta roliga qaytdim, chunki u yerda hech kim yo‘q edi. Yo‘q-yo‘q, bu pozisiyani yoqtirmayman, deb aytmayapman, lekin menimcha, eng yaxshi vaqt Kessye bilan hamkorligimizda bo‘lgan. Agar murabbiy to‘pga egalik qilish bilan ovora bo‘lsa va tavakkal qilsa, men bu pozisiyani juda yaxshi ko‘raman. Men messala sifatida murabbiyning topshiriqlar berishini, ammo erkinlikni ta’minlashini juda yaxshi ko‘raman. Biroq, ikkala pozisiyada ham o‘ynay olaman.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 18:01, 05.11.2023.
O'qildi: 862 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.