Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Qahhor Mo‘minov: «Abbosga Akinfeev yonidagi joy ishonib topshirilgan»

Qahhor Mo‘minov: «Abbosga Akinfeev yonidagi joy ishonib topshirilgan»

Baho:
+ | -

Bugungi kunda O‘zbekis­tonning eng mashhur legionerlarining aksariyatiga Prosports Management konsalting kompaniyasi xizmat ko‘rsatadi.

Qahhor Mo‘minov ushbu kompaniya orqali bir necha futbolchilarimiz transferini amalga oshirgan mutaxassisdir. U yaqinda sport24.ru saytiga katta intervyu berdi. Unda Mo‘minov o‘zbekistonlik mijozlari va O‘rta Osiyo futboli haqida kutilmagan ko‘p narsalarni batafsil muhokama qildi.

— Abbos Moskvadagi faoliyatini mana shunday zo‘r boshlashini tasavvur qilganmisiz?

— Agar biz uning faoliyati shu darajada yaxshi boshlanishini kutgandik, desam yolg‘on bo‘ladi. Biz - ProSports Management kompaniyasidagilar Abbos unga berilgan imkoniyat va bildirilgan ishonchdan, bosh murabbiy Vladimir Fedotov bilan ishlashdan oqilona foydalanyapti, deb bilamiz. Jamoada Abbosni iliq qabul qilishgani muhim omil bo‘ldi. Igor Akinfeev va boshqa faxriy o‘yinchilar uni o‘z qaramog‘iga olishdi va har tomonlama yordam beryapti. Muvaffaqiyatli o‘yinlardan keyin uni alohida mehr bilan tabriklashyapti. Klubning qolgan xodimlari ham xuddi shunday munosabatda. Bular Fayzullayevni ilhomlantiradi. Qolaversa, Fayzullayevga kiyinish xonasida jamoa sardori yonidan joy berishdi. Bu ham faxrlanadigan jihat.

— Abbos kimlar bilan ko‘proq muloqot qiladi?

— Hamma bilan munosabati yaxshi. Sasha Zdelar va Viktor Davila bilan sal ko‘proq gaplashadi.

— IYE, nega aynan ular bilan?

— Hammasi oddiy. Fayzullayev ingliz tilini juda yaxshi biladi. Buning uchun amakisiga rahmat - Abbosning bolaligidan chet tilini bilish muhimligini aytib kelgan. Hozir Abbos xorijlik legionerlar bilan muloqot qilishida hech qanday to‘siq yo‘q. U Davilaga rus tilini o‘rganishda yordam beryapti.

— SSKA Fayzullayev uchun tramplinmi?

— Bu haqida gapirishga hali erta. Abbos hozircha bir nech­ta yaxshi o‘yin o‘tkazdi xolos. SSKAda raqobat o‘ta kuchli bo‘lmagani va bu yerda o‘zini ko‘rsatish uchun imkoniyat ko‘proq ekani bizni qoniqtirdi. Abbos qachon asosiy tarkibning muqim o‘yinchisiga aylansa va SSKAga sovrinlarni olishda yordam bersa, u yog‘ini yana ko‘ramiz. O‘zbekistondan kelgan va yangi nom bo‘lgan yosh o‘yinchisiga ishonch bildirgani uchun klubga katta rahmat. Keyingi qadamlarning hammasi rahbariyat bilan hamkorlikda tashlanadi. Baxtiyor Zaynutdinovning faoliyati Abbosni yanada yaxshiroq ishlashga undashi kerak.

— Fayzullayev mavsumni Rossiyadan boshqa joyda boshlashi mumkinmidi?

— Abbosga Portugaliya chempionatining kuchli beshligidagi jamoadan chorlov bo‘ldi. Niderlandiyadan ham taklif bo‘lgandi. Biroq u yerda 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarning maoshiga cheklov borligi bizga to‘g‘ri kelmadi. Turklar ham tinch qo‘ymadi. Superliganing barcha yetakchi klublari biz bilan aloqaga chiqishdi. Qo‘shimchasiga Yaqin Sharqdan bir necha klub taklif bilan chiqdi. Bilasizmi, ularning aksariyati shubha bilan qaragan bir masala bor?

— Nima ekan?

— O‘zbek ligasining raqobatbardoshligi. Abbosning kuchli beshlik ligalarida o‘ynash orzusini inobatga olib, biz RPL oldinga qadam tashlash uchun eng ma’qul variant, degan qarorga keldik. Bunga Eldor Shomurodov, Xvicha Kvarasxeliya va Arsen Zaxaryan misollari umid uyg‘otyapti.

— Shomurodovning ishlari qalay? «Kalyari»ga ijaraga ketishidan oldin Joze Mourinyo bilan gaplashdingizmi?

— Eng muhimi, Klaudio Ranyeri bilan qanday gaplashganimiz bo‘ldi. Jahon futbolining ajoyib, tanti va juda e’tiborli murabbiyi - Ranyeri bilan bo‘lgan suhbatimiz Eldorni Sardiniya variantini tanlashga undadi.

— Eshitishimcha, yozda «Spartak» unga jiddiy qiziqish bildirgan va Shomurodov ham bir necha marta Moskvaga kelib-ketgan ekan...

— Rossiyaning ikki klubidan jiddiy qiziqish bo‘ldi. Bir taklif Moskvadan, ikkinchisi, chempionatning hozirgi peshqadamidan. Lekin maslahatlashib, hozircha Italiyada qolishga qaror qildik.

— Oston O‘runovning ishlari qanday ketmoqda?

— Hammasi yaxshi. «Navbahor»da o‘z mahoratini namo­yish qilmoqda. Hozir O‘zbekis­ton chempionatida eng yaxshi o‘yinchilardan bo‘lib turibdi. Osiyo Chempionlar ligasida Neymar, Malkom va Milinkovich-Savich kabi futbolchilardan tarkib topgan «Al-Hilol»ga qarshi muvaffaqiyatli to‘p tepdi. Ha, Rossiyada Ostonning ishlari yurishmadi, juda yosh bo‘lgani uchun buni uddasidan chiqa olmadi. Qolaversa, faoliyatini rivojlantirishda noto‘g‘ri yo‘lni tanladi.

— «Spartak» haqida ayt­yapsizmi?

— Ha.

— Qishki transferlar vaqtida Ostonga talab bo‘ladimi?

— O‘runov hozir umuman boshqa odamga aylangan. Turmush qurdi, ancha ulg‘aydi, esi kirdi. Juda iqtidorli yigit va uning faoliyati qanday rivojlanishini kuzatib boramiz. O‘runov qishgacha yurtida bo‘ladi. «Navbahor» milliy chempionatda g‘olib chiqish va Osiyo Chempionlar ligasida muvaffaqiyatli qatnashishni maqsad qilgan. Oston O‘runov bilan suhbatlashib shunga amin bo‘ldimki, O‘runov o‘z imkoniyatlarini darajasi yuqoriroq ligalarda sinab ko‘rmoqchi. Bu Yevropa klubi bo‘lmasa, Osiyoniki bo‘lishi ham mumkin.

— Hozir RPLda 5 nafar o‘zbek to‘p surmoqda. Bunaqasi so‘nggi 10 yilda kuzatilmagan. Yoshlar terma jamoasi bu yil Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi. Bu yutuqlar nimaning evaziga qo‘lga kiritilmoqda?

— O‘zbekistonda murabbiylik maktabi saqlanib qolgan. Ota-onalar bolalarni futbol maktabiga olib keladi, murabbiylar eng zo‘rlarini saralab oladi. Bundan tashqari, davlat rahbariyati sport infratuzilmasini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratadi. Odil Ahmedovdan keyin Rossiya chempionatida O‘zbekistondan o‘yinchilar ko‘zga tashlangani yo‘q. O‘z tengqurlari o‘rtasida faqat Eldor Shomurodovni qayd etish mumkin. Hozir Rossiyaga iqtidorli yoshlarning yangi avlodi keldi. Bular Hojimat Erkinov («Torpedo»ga tegishli va «Paxtakor»da ijarada), «Pari NN»dagi Ibrohimxalil Yo‘ldoshev va uning jamoadoshi - hali keng ommaga tanishtirilmagan, lekin o‘ta iqtidorli hujumchi Ruslan Jiyanov. Ular bizning mijozimiz. Shuningdek, «Rubin»dagi Umarali Rahmonaliyev va Rustam Ashurmatov, «Alaniya»dagi Husayn Norchayevni ham ta’kidlab o‘tmoqchiman. Ular orasida eng yorqin talant - Abbosbek Fayzullayev. U joriy yil yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatining eng yaxshi o‘yinchisi sifatida e’tirof etildi. Bu ro‘yxatga Baxtiyor Zaynutdinovni ham qo‘shaman. Unda Qozog‘iston pasporti borligiga qaramay, Baxtiyor etnik o‘zbekdir.

— Salbiy holatlar ham bo‘lgan-ku.

— Oston O‘runov va Jasur Jaloliddinov. Ostonga xarakteridagi ayrim jihatlar xalaqit qildi. Jasur agentlari faoliyatini noto‘g‘ri rejalashtirgani bois o‘zini ko‘rsata olmadi. Aytgancha, Jaloliddinov agentlarini almashtirdi. Qolgan yigitlarda xuddi biz - o‘zbek futbolchilari transferlari bilan shug‘ullanayotganlar singari mas’uliyat hissi yuqori.

— Aytishlaricha, o‘zbek futbolchilarining jismoniy ko‘rsatkichlari sababli RPLga kam olishar ekan.

— Avval Eldor Shomurodovni ham olishlari uchun klublarni ko‘ndirish kerak edi. Hozir boshqacha. 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Toshkentda bo‘lgan Osiyo chempionatida bizning atrofimizda «Torino», «Bavariya», «Vulverxempton», SSKA, «Krasnodar», «Alaniya» va boshqa ko‘plab klublar skautlari futbolchilarni kuzatib o‘tirdi. Rossiyalik hamkasblarimiz o‘zbek futbolchilarining kuchayib ketganidan hayratlandi. Bu o‘yinchilar boshqalardan umuman qolishmaydi, taktik jihatdan aqlli, jismoniy tayyorgarligi talab darajasida ekan, deyishdi. Tabiiyki, hatto Abbosga ham moslashish davridan o‘tishga vaqt kerak. SSKAdagilar buni tushungan holda Fayzullayev bilan ishlayapti. O‘zbek o‘yinchilar RPLga Yevropaga yo‘l ochadigan ko‘prik sifatida qabul qiladi va o‘ziga joy ochish uchun kurashga tayyor.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:01, 09.11.2023.
O'qildi: 2039 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.