O‘zbekiston milliy jamoasi 13 noyabr kuni JCH-2026 saralash o‘yinlaridan oldingi oxirgi yig‘inga kirishdi.
«Jar» stadionidagi ilk mashg‘ulotda Srechko Katanes tomonidan yig‘inga chaqirilgan 26 nafar futbolchidan 22 nafari qatnashdi. Faqat Umarbek Eshmurodov («Nasaf»), Jaloliddin Masharipov («Panserraikos», Gresiya), Rustam Ashurmatov («Rubin», Rossiya) va Abduqodir Husanov («Lans», Fransiya) turli sababalar bilan birinchi mashg‘ulotda ishtirok etishmadi. Oston O‘runov, Sherzod Nasrullayev va Alibek Davronov esa kuni kecha o‘z klublarida maydonga tushishgani uchun yengil tiklanish mashqlari bilan cheklanishdi.
ASHXOBOD SAFARI
O‘zbekiston terma jamoasi 14 noyabr kuni ham poytaxtda shug‘ullandi va 15-sanada charter reys bilan Turkmanistonga yo‘l oldi. Eslatma, JCH-2026 saralashi ikkinchi bosqichi 1-turidan o‘rin olgan Turkmaniston - O‘zbekiston o‘yini 16 noyabr kuni (bugun) soat 19:00da boshlanadi. Katanes Aytish joiz, tarkibda o‘zgarish ham bor. Ya’ni Srechko Katanes boshchiligidagi murabbiylar shtabi yig‘inga yana 3 nafar futbolchini jalb etdi: OKMK darvozaboni Valijon Rahimov, «Nasaf» himoyachisi Alibek Davronov va «Navbahor» bilan xayrlashishga ulgurgan yarim himoyachi Jasur Yaxshiboyev. Bu o‘zgarishlar futbolchilarning hozirgi holati bilan bog‘liq. Deylik, Jaloliddin Masharipov jarohat tufayli Turkmaniston va Eron termalariga qarshi o‘yinlargacha tiklanolmasligi mumkin. «Gresiya chempionati oxirgi o‘yinida Masharipov oyog‘iga zarba berilgandi. Milliy jamoa tibbiy shtabi uning tiklanishiga bir necha kun vaqt berishga qaror qildi. Agar birinchi o‘yingacha ulgurmasa, Jasur Yaxshiboyev pozisiyani yopishi mumkin nomzod sifatida chaqirildi. Umarbek Eshmurodov betobligidan kubok finalida ishtirok etolmadi. Unga ham tiklanish uchun biroz vaqt kerak. Alibek Davronov ushbu pozisiya vakili sifatida jalb etildi. Valijon Rahimov darvozabonlar orasida yanada ko‘proq tanlov bo‘lishi maqsadida qo‘shildi. Ilk mashg‘ulotda ishtirok etolmagan yetakchi futbolchilarimiz terma jamoa ixtiyorini tark etmagan holda, tiklanish jarayonini o‘tashadi», - deya yo izoh berdi o‘zgarishlarga O‘FA matbuot xizmati rahbari Davron Fayziyev.
HAKAMLAR YAPONIYADAN
Turkmaniston - O‘zbekiston uchrashuvida yaponiyalik hakamlar ishlashadi. Bosh hakam - Xiroyuki Kimuraga qanotlarda Kota Vatanabe va Takumi Takagi yordam berishadi. Xiroki Kasaxara zaxira hakami vazifasini bajaradi. Ma’lumot uchun, Kimura joriy yil OCHL doirasidagi «Al-Vakra» - «Navbahor» (0:1) va «Al-Ittihod» - OKMK (3:0) o‘yinlarida ishladi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘yin chiptasi bahosi - 30 manat (105348 so‘m). Darvoqe, Turkmaniston - O‘zbekiston o‘yini uchun tanlangan «Ashxobod» stadioni sun’iy maydoni yangilangan FIFA sertifikatiga ega emas. Qoida bo‘yicha sun’iy maydonga beriladigan FIFA Quality sertifikati har 3 yilda yangilanishi kerak. FIFA Quality Pro sertifikatini esa har yili yangilash talab etiladi. Aytishlaricha, O‘FA so‘roviga ko‘ra, Turkmaniston futbol federasiyasi vakillari haligacha FIFA sertifikatini topa olishmayapti. Maydonning hozirgi holatidan kelib chiqsak, u oxirgi 3 yilda FIFAning takroriy inspeksiyasidan o‘tkazilmagani aniq. Tegishli sertifikat taqdim etilmagan taqdirda, uchrashuv komissari o‘yinni boshqa maydonga ko‘chirishni talab qilish huquqiga ega.
O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibi
Darvozabonlar: Abduvohid Ne’matov («Nasaf»), Botirali Ergashev (OKMK), O‘tkir Yusupov («Navbahor»), Valijon Rahimov (OKMK).
Himoyachilar: Rustam Ashurmatov («Rubin», Rossiya), Farrux Sayfiyev («Paxtakor»), Husniddin Aliqulov («Rizespor», Turkiya), Hojiakbar Alijonov («Paxtakor»), Umarbek Eshmurodov («Nasaf»), Abdulla Abdullayev («Xorfakkan», BAA), Sherzod Nasrullayev («Nasaf»), Abduqodir Husanov («Lans», Fransiya), Alibek Davronov («Nasaf»).
Yarim himoyachilar: Odil Hamrobekov («Paxtakor»), Aziz G‘aniyev («Shabab Al-Ahli», BAA), Otabek Shukurov («Fotih Karagyumryuk», Turkiya), Aziz Turg‘unboyev («Paxtakor»), Abbos Fayzullayev (SSKA, Rossiya), Jamshid Iskanderov («Navbahor»), Jaloliddin Masharipov («Panserraikos», Gresiya), Oston O‘runov («Navbahor»), Hojimat Erkinov («Paxtakor»).
Hujumchilar: Eldor Shomurodov («Kalyari», Italiya), Igor Sergeev («Patxum Yunayted», Tailand), Bobur Abduxoliqov («Ordabasi», Qozog‘iston), Jasur Yaxshiboyev («Navbahor»).
ASOSIY RAQIBDA NIMA GAP?
«E» guruhi favoriti - Eron termasi bosh murabbiyi Amir Galenoi noyabr oyidagi o‘yinlar uchun 30 nafar futbolchi ro‘yxati (kengaytirilgan tarkib)ni e’lon qildi. Tarkibda 14 nafar legioner bor (tarkibning 46 foizi). 7 nafar futbolchi esa Yevropaning top-10 ligasidan chaqirilgan. Taqqoslash uchun, O‘zbekiston termasi qaydnomasida 11 nafar legioner (tarkibning 47 foizi) bor. Forslar 16 noyabr kuni «Ozodi» stadionida Gonkong termasini qabul qilsalar, 2-tur o‘yinida Toshkentda mehmon bo‘lishadi.
Eron terma jamoasi legionerlari: Mehdi Taremi («Portu», Portugaliya), Sardor Azmun («Roma», Italiya), Muhammad Muhibi («Rostov», Rossiya), Alirizo Jahonbaxsh («Feyenoord», Niderlandiya), Samon Gaddos («Brentford», Angliya), Ehson Hojisafi (AYEK, Gresiya), Ahmad Nurullohi («Al-Vahda», BAA), Majid Hussayni («Qaysarispor», Turkiya), Ali Karimi («Qaysarispor», Turkiya), Karim Ansarifard («Omoniya», Kipr), Said Izzatullohi («Vayle», Daniya), Milod Muhammadi (AYEK, Gresiya), Sodiq Muharrami («Dinamo» Zg., Xorvatiya), Amin Hazbavi («Al-Sadd», Qatar), Omid Ibrohimi («Al-SHamal», Qatar).
***
«E» GURUHI
1-TUR. 16 noyabr (payshanba)
19:00 TURKMANISTON -
O‘ZBEKISTON
19:30 ERON - GONKONG
2-TUR. 21 noyabr (seshanba)
17:00 Gonkong - Turkmaniston
18:00 O‘ZBEKISTON - Eron
3-TUR. 21 mart (payshanba)
Eron - Turkmaniston
Gonkong - O‘ZBEKISTON
4-TUR. 26 mart (seshanba)
Turkmaniston - Eron
O‘ZBEKISTON - Gonkong
5-TUR. 6 iyun (payshanba)
O‘ZBEKISTON - Turkmaniston
Gonkong - Eron
6-TUR. 11 iyun (seshanba)
Eron - O‘ZBEKISTON
Turkmaniston - Gonkong