"Liverpul" yangi mavsumni yaxshi boshladi. Uch oy ichida ma’lum bo‘ldiki, Klopp jamoani yana o‘nglay oldi. Noyabrdagi tanaffuslargacha ko‘rsatilgan o‘yinlardan xulosa qiladigan bo‘lsak, mersisaydliklar yanada ko‘prog‘iga qodir. Ayni damda ular turnir jadvalida "Manchester Siti"dan bir ochko kam to‘plagan holda, ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Ha, jamoa muxlislari chempionlikdan umidvor. Ammo Gvardiolani mag‘lub etish uchun Klopp shogirdlaridan katta mehnat talab etadi. Quyida APLga yaxshiroq bo‘lib qaytish uchun "Liverpul" tomonidan qilinishi kerak bo‘lgan uch ish haqida gaplashamiz.
"Manchester Siti"ga qarshi o‘yin uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rish
Umumiy kartinani bir chetga surib qo‘ygan holda, oldindagi o‘yin haqida o‘ylash, aqlli murabbiylarga xos ish. Xalqaro tanaffus yakuniga yetgach, Klopp oldida eng murakkab bahs paydo bo‘ladi. 25 noyabr kuni "Manchester Siti"ga qarshi uchrashuv bor. Mehmondaligi sababli, bu o‘yin oson kechmaydi. Qolaversa, Gvardiola jamoasiga ham ochko kerak. Ular o‘tgan turda "Chelsi"ni mag‘lub qila olmagandi. Agarda "Liverpul" g‘alaba qozonsa, "Man Siti"dan ikki ochko o‘zib ketish bilan birga, mavsumning keyingi davri qanday borishini ham belgilab beradi. Mag‘lubiyat esa, raqibdan to‘rt ochko ortda qolish hamda turnir jadvalida pastlashni anglatadi. Chempion bo‘lmoqchi bo‘lgan klublarga shu kabi uchrashuvlar o‘ta muhimdir.
Yarim himoyada asosiy tarkib vakilini aniqlab olish
Yozdan beri hamma "Liverpul"ning yarim himoyasi qayta qurilishi haqida gapirdi. Bu bekorga emasdi. Negaki, klub yozda butunlay bu chiziqni yangilab tashladi. Hozirga qadar, ya’ni 12 tur davomida Klopp turli xil rotasiyalar va tajribalarni eng ko‘p maydon markazida qo‘lladi. Barcha musobaqalardagi 18 ta bahsda ham maydonda xar hil nomlarni ko‘rdik. Hozirgacha eng ko‘p foydalanilgan trio bu Dominik Soboslai, Kyurtis Jons hamda Aleks Makallister bo‘lib turibdi. Shuningdek, ayrim pallalarda hujumchi Kodi Gakpo ham pastga tushirildi.
Vataru Endodan juda kam, asosan yevrokuboklarda foydalanilmoqda. Jamoada, shuningdek, Rayan Gravenberx, Kyurtis Jons, Xarvi Elliot, Stefan Baychetich hamda Tiagolar ham bor. Shuncha futbolchilar ichidan Klopp eng ma’qul variantlarni tanlab olishi lozim.
Hujumda tajovuzkorlikni oshirish
"Liverpul" Klopp davrida doimo hujumkor jamoa bo‘lgan. Ammo bu narsa so‘nggi haftalardagi bahslarda ko‘rinmay qolgandek bo‘ldi. Yevropa ligasida "Tuluza"ga uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng, Klopp bu haqida gapirib, shogirdlarini kurashlarda passiv ekanini tanqid qildi. Haqiqatdan ham, hujumdagi kamchiliklar jamoa natijalarida o‘z aksini topdi. Mag‘lubiyatlardan tashqari "Luton Taun" va "Brayton" bilan yutib olish mumkin bo‘lgan o‘yinlar, durang bilan tugadi. Shunday ekan, Yurgen Klopp bu borada yaxshiroq ishlashi lozim.
ISMATOV J.