Avgust oyida SSKA safiga qo‘shilgan «Paxtakor» tarbiyalanuvchisi Abbos Fayzullayevning qisqa vaqt ichida Rossiya futbol jamoatchiligi e’tiborini o‘ziga tortgani - yoqimli holat, albatta.
Mana, «harbiylar» hujumlarini tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatayotgan 20 yoshli legionerimiz RPL birinchi davrasi kashfiyoti sifatida e’tirof etilmoqda. Taniqli agent German Tkachenkoning kichik intervyuda aytishicha, uning kompaniyasi mijozi hisoblangan o‘zbek futboli umidiga boshqa jamoalar ham da’vogar bo‘lgan ekan.
- Tan olish kerak, Fayzullayev transferi juda effektli chiqdi...
- Aslida SSKA ham uning imkoniyatiga shubha bilan qaragandi. Lekin transfer uchun uncha katta bo‘lmagan mablag‘ talab etilgani ikkilanishni tarqatib yubordi. Fayzullayevning yaxshi o‘ynab ketgani SSKA murabbiylar shtabiga ham bog‘liq. Ko‘pchilik yigitchaning o‘zini ko‘rsatishiga bir necha yil ketishini taxmin qilgandi. O‘zimiz ham Fayzullayevga umid bog‘lagan bo‘lsakda, barchasi shu qadar tez rivojlanishini o‘ylamagandik. Umuman, boshida yigitchani boshqa klublarga ham tavsiya etganmiz.
- Qaysi klublarga? «Lokomotiv»gami?
- Yo‘q, «Lokomotiv» vakillari Abbosni bilishardi, lekin transferi haqida og‘iz ochishmadi. Fayzullayevni avvaliga Moskva «Dinamo»siga tavsiya qildik, ammo javob olmadik. Aprel oyida o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida Fayzullayev eng yaxshi futbolchi bo‘ldi. O‘sha turnirdan keyin SSKA Abbosni kuzatib borishini bildirib, ijara masalasini hal etishni so‘radi. Yana 2ta klubning jiddiy qiziqqani bizni biroz qiynab qo‘ydi ham. Bular - «Pari NN» va «Alaniya». aytishim kerak, «Alaniya» skaut xizmati juda yaxshi ishlaydi.
- Fayzullayev qishda SSKAdan ketishi mumkinmi?
- Yo‘q.
- Turkiyadan 3-4 million yevrolik takliflar tushayotgani haqida xabarlar tarqaldi...
- O‘ylashimcha, SSKA 3-4 millionlik takliflarni o‘ylab ham ko‘rmaydi. Agar Abbos bahorda ham shunday o‘ynashda davom etsa, bu summa uch baravargacha ko‘tariladi axir.
E’tirof
- Joriy mavsum RPLning birinchi davrasi kashfiyoti? Shaxsan menga Abbos Fayzullayev yoqdi. U chempionatning birinchi qismida porlab chiqdi. Kelajagi porloq, juda aqlli futbolchi. Yuriy Syomin (Rossiya milliy jamoasi sobiq bosh murabbiyi).
- RPL birinchi davrasida kim ko‘proq hayratga soldi? «Dinamo»dagi Konstantin Tyukavin yaxshi o‘ynadi. Yana Abbos Fayzullayev. Takror aytaman, uni «Lokomotiv»ga tavsiya qilgandim. Eplay olishmadi, bu o‘z muammolari. Xullas, shu ikki futbolchini ajratib ko‘rsata olaman, xolos. Eng muhimi, ular chempionatning ikkinchi yarmida ham shunday faol o‘ynashlari kerak. Fayzullayevni alohida e’tirof etish joiz - yaxshi darajadagi ijrochi. Barqaror o‘ynayapti, o‘zini ko‘rsatyapti. Agar SSKA uni qishda sotishni o‘ylasa, qanchaga baholashini bilmayman. «Armiyachilar» imkon qadar qimmatroq, 10 million yevrodan baland bahoda sotishlari tarafdoriman. Abbos bu summaga loyiqmi? Hozir jahon futbolida bu muhim emas. Futbolchilarga 100 millionlab sarflanyapti. Shundan kelib chiqsak, Fayzullayev uchun 3-5 million yevrodan ko‘prog‘i yaxshi baho hisoblanadi. Bu orqali SSKA pul ishlab oladi, Fayzullayev esa yangi bosqich va yanada yuqori darajaga ko‘tariladi. Andrey Kanchelskis («Navbahor» sobiq bosh murabbiyi).