Bugun biz Premyer-liga tarixidagi eng yaxshi himoyachini aniqlashga harakat qilib ko‘ramiz. Bu nomga da’vogarlar sifatida esa uchta futbolchini tanlab oldik. Ulardan birinchisi "Chelsi" afsonasi Jon Terri bo‘lsa, ikkinchisi "MYU" vakili Rio Ferdinanddir. Boshqasi bo‘lsa hali o‘z faoliyatini yuqori darajada davom ettirayotgan Virjil van Deyk. Xo‘sh, ulardan qay biri yaxshiroq? Quyida ularni bir nechta tomonlama solishtirib ko‘ramiz.
Himoyalanish
Xo‘sh, keling, avvalo ishni eng muhimidan boshlasak. Himoyachilardan maydonda so‘raladigan eng birinchi narsa bu mudofaada yaxshi harakatlanishdir. Bu borada esa hech ikkilanmasdan Jon Terrini tanlash mumkin. Negaki, undan ko‘ra o‘z ishini sevadigan futbolchini topish qiyin edi. U beton devorga boshini urishni so‘rasa, shu ishni ortiqcha savollarsiz bajara oladiganlar xilidan edi. Terri birinchi bo‘lib hujumchilarni qarshi olar, o‘zini butunlay o‘yinga bag‘ishlay olardi. Shu ishi orqali u 2004-2009 yillar oralig‘ida FIFA va UYEFAning yil jamoasiga kirgan. Sobiq "Chelsi" futbolchisi, shuningdek, 4 marta Yevropada yilning eng yaxshi himoyachisiga aylanadi.
Uzatma berish
Bu aspektda tanlov ancha qiyin bo‘ladi. Negaki, pas berishda Terri va van Deyk yaxshi statistikaga ega. Ammo bu borada Ferdinandga yetish ancha qiyin ish. U to‘pni o‘z bilan olib yurishda ustasi farang edi. Tabiiyki, uni shunchaki tepib yuborish Rioga xos bo‘lmagan odatdir. Ferdinand doimo to‘pni sheriklariga aniq uzatib berishga harakat qilgan. APLda u bu borada yaxshi ko‘rsatkichga ega.
Jismoniyat
Jon Terri baqquvat, Ferdinand esa bo‘ydor bo‘lgan. Ammo bu ikki jihat Virjil van Deykning o‘zida mujassamlashgan. Niderlandiyalikda katta tezlik va kuch ham mavjud. Bu esa hozirgi zamonaviy futboldagi hujumchilarni zararsizlantirish uchun van Deykka imkon beradi. Hamma xususiyatlar birlashib, Virjil hozirgi zamonning eng ustun himoyachilaridan biriga aylandi. Uning darajasi sababli "Liverpul" bir necha yillardan beri mustahkam himoyaga ega bo‘lib, Yevropa va Angliyada tengsiz klubga aylana oldi.
Havodagi ustunlik
Bu faktga nima deysiz: Jon Terri ketma-ket 17 mavsum davomida "Chelsi" safida gol urishga muvaffaq bo‘lgan. 2011-13 yillarda, ikki yil ichida Terri jami 20 ta gol urishga erishgandi. Tasavvur qilyapsizmi, bir mavsumda markaziy himoyachi 10 ta gol ursaya?
Shunday ekan, havodagi daraja borasida Jon Terriga ustunlik beriladi.
Yetakchilik qobiliyati
Frenk Lempard balki "Chelsi" muxlislari yoqimtoyi bo‘lgandir. Joze Mourinyo esa jamoani ko‘klarga ko‘targan bo‘lishi mumkin. Ammo o‘sha davrlarda klub ichida bo‘lganlar biladiki, Jon Terri jamoa yuragi va qalbi edi. U maydondagi sheriklari va bosh murabbiylar almashsada, jamoaga sodiq qolib, o‘z yetakchiligini davom ettirdi. Bunday ish esa hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi.
Umumiy
Xulosa qilish davomida Ferdinand va van Deykka o‘zlari loyiq bo‘lgan ta’rifni bermoqchimiz. Ular APL ko‘rgan eng yaxshi himoyachilardan sanaladi. Bunga shubha yo‘q. Ammo Terri yaxshilardanda, yaxshiroq edi. Texnika, kuch, matonat bir bo‘lib, unga sovrinlar yutishda yordam berdi. Erishilgan yutuqlar, qobiliyat va sabr Jon Terrining nomini abadiyatga muhrladi. Biz esa uni boshqalar bilan solishtirishda eng yaxshi deb topdik.
ISMATOV J.