Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Rustam Ashurmatov: «Rubin»ga ko‘chib o‘tganimdan keyin men bilan ko‘proq qiziqa boshlashdi...»

Rustam Ashurmatov: «Rubin»ga ko‘chib o‘tganimdan keyin men bilan ko‘proq qiziqa boshlashdi...»

Baho:
+ | -

«Rubin» ikki yil oldingi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng bu mavsum RPLga qaytdi.

Liga faxriysi Rashid Rahimov nafaqat jamoani Premyer-ligaga olib chiqdi, balki uni muvaffaqiyatli boshqarishda davom etmoqda - birinchi davradan so‘ng qozonliklar ketma-ket 5ta «quruq» o‘yinlardan iborat ta’sirchan seriyaga ega bo‘lib, 8-o‘rinni egalladilar. Ushbu seriyaning «hammuallif»laridan biri O‘zbekiston terma jamoasining 27 yoshli himoyachisi Rustam Ashurmatovdir. U «Rubin»ga joriy yil yanvarida, jamoa RPLga chiqish uchun Birinchi ligada jiddiy kurash olib borayotgan bir paytda kelgandi. Metaratings.ru saytiga bergan intervyusida Ashurmatov RPL, Rashid Rahimov, Fayzullayev, Shomurodov va bir qator qiziqarli mavzularda gapirdi.

- Rustam, Rossiyada ko‘chib o‘tganingizga bir yilga yaqinlashib qoldi. Bu mamlakatga ko‘nikib oldingizmi?

- Juda oson ko‘nikdim. Chunki Qozon shahridagi hayotim O‘zbekistondagi hamma narsani esga soladi. Tatarlar oshxonasi xuddi biznikiga o‘xshaydi. Madaniyati ham yaqin. Tilimizda ham o‘xshashlik ko‘p. Agar suhbatdoshim tatar tilida sekinroq gapirsa, uning barcha fikrlarini tushuna olaman. Oilam uchun ham Qozonda yashash qulay. Bu juda chiroyli va qulay shahar.

- Siz Qozon klubiga Birinchi ligadaligida kelgandingiz. O‘shanda «Rubin» yuqori divizionga ko‘tarilishiga aminmidingiz?

- Jamoa Rossiya Premyer-ligasiga chiqishiga bir foiz ham shubhalanganim yo‘q. Jamoa buning uchun hamma narsa qildi, men ham g‘alabamiz uchun bor kuchimni berdim. «Rubin» birinchi davrada ko‘p ochko yo‘qotgandi.

- «Rubin» bu mavsumni ham og‘ir boshladi.

- Biz yuqoriroqda bo‘lishimiz mumkin edi. Jamoa Premyer-ligaga moslashishiga vaqt ketib qoldi. Bu ligada tezlik boshqacha va raqiblarning ham saviyasi yuqori. Dastlabki uchrashuvlar qiyin o‘tdi. Keyinchalik o‘z darajamizga ko‘tarilib oldik. Ayrim vaziyatlarda bizga omad ham yetishmadi. Shunday ekan, 8-o‘rin ham - birinchi davrning adolatli natijasi. Biz oldinda chempionatning teng yarmi borligini va o‘yinimizni kuchaytirish kerakligini tushunib turibmiz. «Rubin» yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan katta klub. Shunga intilish lozim.

- O‘yin amaliyotingiz havas qilarli darajada emas. Rashid Rahimov sizni asosan Rossiya kubogida o‘ynatayotgandi. «Rubin» esa musobaqani tark etdi. Sizga bu qanday ta’sir qildi?

- Har qanday futbolchiga ko‘p o‘ynay olmayotgani alam qiladi. Men ko‘proq o‘ynashni istayman, buning uchun mashg‘ulotlarda bor kuchim bilan harakat qilyapman. O‘z vaqtim kelishini kutishim kerak. Shunday imkoniyat tug‘ilsa, bor imkoniyatimni ko‘rsataman, har doim asosiy tarkibda o‘ynashga tayyorliginimni isbotlayman.

- O‘zi Rashid Rahimov bilan munosabatingiz qanday?

- Munosabatlar yaxshi. Til topishimiz oson, xarakterlar o‘xshash. Tojik va o‘zbek tillari bir biriga o‘xshamaydi, lekin murabbiy o‘zbekcha so‘zlarni biladi. Lekin bu muhim emas, ikkimiz ham ruscha gaplashamiz. Ammo murabbiyning sening ona tilingda salomlashishi va hol-ahvol so‘rashi yoqimli bo‘ladi. Rashid Mamatqulovich juda ko‘p tillarni biladi. Jamoada hamma bilan muloqot qiladi.

- Unga qanday ta’rif berasiz?

- U qattiqqo‘l va talabchan murabbiy. Men O‘zbekistonda va Janubiy Koreyada ko‘p mutaxassislar bilan ishlaganman. Rahimov ulardan keskin farq qiladi. Uning xarakteri va mashg‘ulotlar jarayoniga yondashuvini alohida ta’kidlash lozim.

- «Rubin»ning O‘zbekistondan kelgan futbolchilar bilan munosabati juda yaxshi. Qozon jamoasida Andrey Fyodorov, Vitaliy Denisov, Vagiz Galiulin  o‘ynagan. O‘zbekistonda sizlarning faoliyatingiz va «Rubin» o‘yinlarini kuzatishadimi?

- Men «Rubin»da yana Marat Bikmayev va Bahodir Nasimovlar o‘ynashganini ham bilaman. O‘zbekistonda futbolga ozgina qiziqadigan odam ham «Rubin»ni katta klub, deb biladi. «Rubin»dan Qurbon Berdiyev ishalagan va Markaziy Osiyodan futbolchilar, murabbiylarni jalb qilgan davrdan beri qiziqib kuzatishadi. O‘zbekistondagi muxlislar va jurnalistlar men bilan «Rubin»ga ko‘chib o‘tganimdan keyin ko‘proq qiziqa boshlashdi. Janubiy Koreyada o‘ynaganimda bunday bo‘lmagan. Men O‘zbekistondagi futbol ishqibozlariga Koreyaning kuchli jamoalarini sanab berishim mumkin, lekin ular bu jamoalarni eslay olmaydi. «Rubin» nomini aytsam, hamma bu jamoa haqida nimalarnidir gapirib bera oladi.

- Umuman o‘zbek futbolchilariga Rossiya qanchalar qiziq? 

- Xalqaro o‘yinlar - futbolchilar uchun juda muhim. Ko‘pchilik balki shuning uchun bu yerga kelishga shoshilmayotgandir. Lekin Rossiya chempionati saviyasi O‘zbekistonnikidan kuchliroq. Hozir esa bu farq juda kichraygan. Shunga qaramay, Rossiya klublaridan taklif bo‘lsa, o‘zbek o‘yinchilari bu yerga bugunoq ko‘chib o‘tishga tayyor.

- Fayzullayevning «Paxtakor»dagi murabbiyi Maksim Shaskix Abbosning SSKAga o‘tish qarorini xato ekanini va hozirgi paytda Rossiyada rivojlanib bo‘lmasligini ta’kidladi. Bu gapga qo‘shilmaysiz shekilli?

- Men uni hurmat qilaman. Lekin u bu gaplarni Abbos ketib qolganidan xafa bo‘lib gapirgan bo‘lsa kerak. Shaskix kuchli o‘yinchi bilan xayrlashishni istamagani uchun bu transferga shunday munosabat bildirgan.

- Rustam, terma jamoa sardori va yetakchisi Eldor Shomurodov bilan anchadan beri tanishsiz. Uning ishlari qanday?

- Eldor - eng yaqin do‘stim. Hozir «Kalyari»da kam o‘ynayotgani unga alam qilyapti. Italiyada ishlari avvalgidek silliq ketmayotganini hamma ko‘rib turibdi. Lekin unga «A» seriya yoqadi. O‘ylashimcha, u yana Italiyada qoladi. Lekin «Kalyari»da qolishiga aminmasman. Unga Italiyadagi hayot ham, liga ham yoqyapti.

- Shomurodovning qadrdon do‘sti sifatida uni «Rubin»ga chaqirmaysizmi? Balki Qozonda unga Rostovdagidan ham qulay bo‘larmidi.

- Yo‘q. Shomurodov Italiyada o‘ynab turganida uni ortga qaytishga qanday chaqiraman? Agar u O‘zbekistonda o‘ynaganida, albatta, «Rubin»ga kelishini aytgan bo‘lardim.

- Eldorda Rossiyaga qaytish fikri umuman yo‘qmi?  Yozda uni «Spartak» olmoqchi bo‘lgandi.

- Yo‘q. Shomurodov Rossiyaga qaytmoqchi emas.

- Bizning terma jamoada Golovin «Monako»dan kelganida uning saviyasi qolganlarnikidan ancha farq qilishi sezilganini aytishadi. Shomurodov ham shundaymi?

- Ha, mashg‘ulotlarning o‘zidayoq uning darajasi umuman boshqa ekani ko‘rinadi. Eldor terma jamoa sardori, u maydonga tushganida o‘yinimiz boshqacha chiqadi. Uning tezligi yuqori, o‘yin sifati ham boshqa. Shomurodov, boshqacha futbolchi.

- Jaloliddin Masharipov yaqingacha Krishtianu Ronaldu bilan «Al-Nasr»da o‘ynardi. Bu tajribasi bilan o‘rtoqlashib turadimi?

- U Ronaldu bilan yaxshi munosabatda bo‘lganini aytadi. Krishtianu hamma bilan yaxshi muloqot qilgan. Eng muhimi, bu yulduz kelganidan keyin Saudiya chempionati darajasi keskin ko‘tarildi. Hozir u top-ligaga aylangan.

- Saudiya Arabistonidan taklif olsangiz, ko‘rib chiqasizmi?

- Menga bu jarayon qanday bo‘lishi, ayniqsa, jahon yulduzlariga qarshi yoki ular bilan birga o‘ynash juda qiziq. Lekin hozir fikru xayolim faqat «Rubin»ga qaratilgan. Biz chempionatning birinchi yarmini 8-o‘rinda yakunladik. Ko‘prog‘ini istaymiz. O‘zimni ko‘rsatish va «Rubin»ga yuqori o‘rinlarni olishida yordam berishga umid qilaman.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 12:20, 01.12.2023.
O'qildi: 1496 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.