O‘ta yorqin triller bilan nihoyasiga yetgan o‘smirlar o‘rtasidagi JCH yoshga nisbatan juda qiziqarli, murosasiz va keskin kurashlarga boy tarzda o‘tdi.
Tabiiyki, musobaqada o‘z mahoratini namoyish etgan yosh iqtidorlar uchun top-klublar o‘rtasidagi kurash ham qishki transfer mavsumini qizdiradi. Keling, turnirda FIFAning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan o‘yinchilar bilan tanishib chiqaylik.
- «Oltin to‘p» - Paris Brunner (Germaniya terma jamoasi vingeri)
- «Kumush to‘p» - Hamidu Makalu (Mali terma jamoasi tayanch yarim himoyachisi)
- «Bronza to‘p» - Matis Amigu (Fransiya terma jamoasi tayanch yarim himoyachisi)
- «Oltin butsa» - Agustin Ruberto, 8ta gol (Argentina terma jamoasi hujumchisi)
- «Kumush butsa» - Ibragim Diarra, 5ta gol (Mali terma jamoasi vingeri)
- «Bronza butsa» - Klaudio Echeverri, 5ta gol (Argentina terma jamoasi yarim himoyachisi)
- «Oltin qo‘lqop» - Pol Arnye (Fransiya terma jamoasi)
Hamidu Makalu - 17 yoshda, jamoa katalizatori, turnir kashfiyoti
Garchi u o‘z pozisiyasi uchun past bo‘yli (164 sm.) bo‘lsada, buni Hamidu ajoyib qurolga aylantirib oldi: to‘pni ishonchli nazorat qiladi, yakka kurashlarda ko‘proq g‘olib chiqadi, uni to‘xtatish juda qiyin. Hamidu ayni kerakli pallada - 3-o‘rin uchun bo‘lgan o‘yinda yuksak saviyani namoyish etdi. Argentinaga qarshi bahsda 7ta muhim uzatmani amalga oshirdi, 11ta duelda g‘olib chiqdi, 4ta aldamchi harakatlari va ajoyib goli bilan hammani lol qoldirdi. Turnirda Makalu ikki marta o‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi, jamoada esa bir necha ko‘rsatkichlar bo‘yicha yetakchi. JCHdan avval Hamiduni APL klubi akademiyasi ko‘rikka taklif etishgandi - endi qabul qilishsa, ajabmas. Hamidu JMG akademiyasining tarbiyalanuvchisi, hozir Malining «Guidars» klubi a’zosi.
Ibragim Diarra - 16 yoshda, vinger, Mali terma jamoasi sardori, turnirning ikkinchi eng yaxshi to‘purari va assistenti
Turnir davomida Ibragim faqat bir marta (Ispaniya, 0:1) maydonni samarali harakatlarsiz tark etdi. Uni deyarli «Barselona» o‘yinchisi, deyish mumkin. 2-turdan keyin Kataloniya OAV shartnoma imzolangani haqida yozishgandi. Yagona to‘siq - balog‘at yoshga yetmaganligi. Mundialdagi sermahsullikdan (5Q4) tashqari, Diarra 18ta muhim uzatmani o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. Jismonan o‘ta baquvvat, kuchli zarba va yuqori tezlik ega bo‘lgan 180 sm.li o‘yinchidan to‘pni tortib olish juda qiyin.
Klaudio Echeverri - 17 yoshda, pleymeyker,
Argentina terma jamoasi
«River Pleyt» muxlislaridan shaytoncha laqabini olgan sardor Kopa U17dan keyin yana bir ajoyib turnirni o‘tkazdi. JCHda u 5ta gol, 1ta assist, 16ta muhim uzatma va shuncha aldamchi harakatni amalga oshirdi. Turnirdagi ikkinchi eng yorqin ijodni esa chorak finalda Braziliyani tiz cho‘ktirish orqali namoyish etdi. Hozir «PSJ», «Manchester Siti», «Real» va «Atletiko» Echeverrini o‘z tomoniga og‘dirish harakatida. Futbolchining o‘zi «Barselona»ga o‘tish niyatida. Lekin transfer qishda amalga oshirilmasligi ham mumkin - shaytoncha «River Pleyt»dagi faoliyatini davom ettiradi.
Paris Brunner - 17 yoshda, vinger, Germaniya terma jamoasi
Chempionlar yetakchisi. O‘tgan mavsumda «Borussiya Dortmund»ning 17 yoshgacha bo‘lgan jamoasida ko‘pchilik e’tiborini tortgandi. Xalqaro arenada esa shu yilning yozida o‘zini ko‘rsatdi: terma jamoa bilan Yevroda g‘olib chiqdi va turnirning eng yaxshi o‘yinchisi sovrinini qo‘lga kiritdi. Keyin 17 yoshlilar o‘rtasida Germaniyaning eng iqtidorli futbolchisi sifatida Fris Valter mukofotiga sazovor bo‘ldi. JCHda Paris xuddi Yevrodagi kabi hujum chizig‘ining yo‘lboshchisi bo‘ldi, har bir olg‘a intilishida xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirdi. Brunner vinger uchun eng muhim jihat - raqiblarini qay tariqa ortda qoldirish ilmini puxta egallagan. To‘pni nazorat qilish vaqtida qulay holatni kutadi va qo‘qqisdan tezlik oladi. Turnir davomida birorta futbolchi uni zararsizlantirishni uddalay olmadi. Argentinalik Dilan Gorosito nisbatan jiddiyroq qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsada, Paris baribir, uni ham aldab o‘tib, samarali uzatmani amalga oshirdi. Bir ozdan keyin o‘zi raqib darvozasini ishg‘ol etdi. u chindan ham jahon miqyosidagi iqtidor sohibi. Biroq germaniyalik jajji yulduzcha kamchiliklardan xoli emas. U ham bo‘lsa - intizomsizlik. Mashg‘ulotlar jarayonida «Borussiya» Brunnerning jismoniy tayyorgarligidan tashqari, tartib-intizomiga ham alohida e’tibor qaratadi. Klub ikki marta unga nisbatan so‘nggi chora - diskvalifikasiyani qo‘llashga majbur bo‘lgandi. Avvaliga futbolchi o‘tgan mavsumda, ikkinchi marta bundan atigi 1,5 oy muqaddam mashg‘ulotga kechikib kelgani uchun jazolandi. Klub buni rasman e’lon qilgan, lekin tafsilotini oshkor etmagandi.
Agustin Ruberto - 17 yoshda. Argentina terma jamoasi hujumchisi
Barcha yosh toifalaridan qat’iy nazar, JCHda eng yaxshi to‘purar unvoniga sazovor bo‘lgan yettinchi argentinalik hujumchi. Viktor Osimxenning rekordini takrorlashga atigi 2ta gol kamlik qildi - nigeriyalik yosh snayper 2015 yilda 10ta gol urgandi. Argentina futbolidagi yangi davr! Merganlik mahoratidan tashqari, Agustin mehnatsevarligi bilan ham yaqqol ajralib turadi. Mundialda u 66,22 km. masofani bosib o‘tdi. O‘smirlar terma jamoasidagi porloq faoliyatini esa, Echeverri kabi apreldagi Kopa Amerika turniri bilan boshlagan: 4ta gol, 2ta samarali uzatma. Lekin o‘shanda uning ulushi mundialga nisbatan ancha kamtarin bo‘lgandi. Boisi, dastavval Ruberto himoya chizig‘ida to‘p surgan, keyinchalik darvozani ishg‘ol etishga bo‘lgan ishtiyoq tufayli, oldingi chiziqqa o‘tgandi. Agustin Klaudio Echeverri bilan anchadan beri tanish - «River Pleyt»ning o‘smirlari safida yonma-yon to‘p surishgan, hatto yagona yetakchilik uchun o‘zaro bahslashishgan. Rubertoning ilk ustozi Xuan Xose Borelli tandemga quyidagicha baho bergandi: «Klaudio texnika bobida kuchliroq, u , driblyor. Agustin esa - jarima maydonchasi yaqinidagi qotil. U golni oldindan his etadi, kuchli zarba sohibi, bosh bilan yaxshi o‘ynaydi». Yana bir farq shuki, Agustin hozircha, milliy terma jamoada maydonga tushmagan. Lekin mundialdagi muvaffaqiyatdan keyin orzusiga yetishi aniq.
S.RAHMONOV tayyorladi