Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Jorjo Kyellini: «Shunchaki, ketish fursati keldi...»

Jorjo Kyellini: «Shunchaki, ketish fursati keldi...»

Baho:
+ | -

Italiya milliy jamoasi bilan Yevropa chempioni maqomiga erishgan mashhur himoyachi Jorjo Kyellini 39 yoshida futbolchilik faoliyatiga nuqta qo‘yishni lozim topdi.

U 2022 yildan buyon okean ortida, «Los-Anjeles Geleksi» klubida o‘ynab kelayotgandi. Ma’lumot uchun, Jorjio AQSHga yo‘l olishidan oldin «Livorno», «Yuventus» va «Fiorentina» klublari sharafini munosib himoya qilgan. Sky Sport telekanali katta xayrlashuv munosabati bilan Kyellinini suhbatga chorladi va u samarali faoliyatini birrov esga oldi.

- Jorjio, avvalo, tabiiy savol: birdan nega ketishga qaror qildingiz?

- Aslida salomatligim joyida va mutlaqo xotirjamman. Futbolda ajoyib, unutilmas yillarni o‘tkazdim, lekin shu kunlar ketish vaqti kelganini angladim. Deylik, atigi 3 kuncha oldin bo‘lib o‘tgan o‘yin arafasidagi jarayonlardan ham to‘liq zavqlandim. Keyin shunchaki, to‘xtash kerakligini tushundim. Boshqa gap yo‘q.

- Mayli, endi faoliyatingiz davomida kuzatilgan eng esda qolarli voqelik taassurotlarini baham ko‘rsak...

- Eng yaxshi xotira — Yevropa chempionati-2020, albatta. Buni faoliyatimning eng yuqori cho‘qqisi sifatida tilga olaman. E’tiborli tomoni, 2019 yili jiddiy jarohatga yo‘liqdim va agar turnir 2020 yili o‘tkazilganida, unda qatnasholmasdim. Taqdir ekan, chempionat vaqti surildi va unda g‘alaba nashidasini surdim - 37 yoshli sardor uchun aql bovar qilmas zafar!

- «Yuventus»dagi yo‘lingiz boshlanishi...

— Esimda, oktyabr oyi edi, o‘sha paytgacha «keksa sinyora» safida 1 daqiqa ham o‘ynamagandim. Uchrashuvning 89-daqiqasi o‘tib borardi va Kapello menga ishora qilib, yordamchilariga buyurdi: «Anavi, o‘z ishiga sodiq yigitni qo‘yib yuboringlar. Mayli, 1 daqiqa yugurib ko‘rsin».

- So‘nggi kunlar Ibragimovichning «Milan»ga qaytayotgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi...

- U katta yigit va badjahl edi. Tan olish kerak, Ibra betakror iste’dodi bilan ajralib turardi va vaqt o‘tishi bilan haqiqiy yetakchiga aylandi. Aslida o‘sha «Yuve»da hech kim bu jihat bo‘yicha bir-biridan qolishmasdi, hamma jangga tashna edi. Zlatanning «Milan»ga qaytishiga kelsak, yagona mavhumlik — klubda qanday rolni zimmasiga olishi. Milanliklar buni qancha tez aniqlasalar, uning ishi shuncha samarali chiqadi.

- Donnarummaga ham alohida to‘xtalsangiz... 

- Kuchli xarakterga ega katta shaxs. Ehtimol, bugun Janluiji faoliyatida pasayish kuzatilayotgandir, ammo «PSJ»ga ulkan naf keltirgani tayin. To‘g‘ri, Donnarumma «Milan»da qolganida, yuqori darajada o‘ynash va o‘sishda davom etishi osonroq bo‘lardi. Parij klubi esa porox to‘ldirilgan bochka misoli. Hattoki, Messi va Neymar ham bunga allaqachon ishonch hosil qilishdi. 

 MUHAMMADXON tayyorladi.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 18:26, 24.12.2023.
O'qildi: 1082 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.