Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston dzyudo federasiyasining 2023 yil sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda yakuniga yetib borayotgan yilda qayd etilgan natijalar esga olinib, yangi Olimpiya yili uchun rejalar ko‘rib chiqildi. Tadbirda Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston dzyudo federasiyasi rahbariyati, shuningdek, Ilias Iliadis boshchiligidagi dzyudochilarimiz va murabbiylar shtabi ishtirok etdi.
Tadbir avvalida federasiya Bosh kotibi Azizjon Sobirov 2023 yil amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi. Unga ko‘ra, sportchilarimiz yil davomida o‘tgan turli yosh toifalaridagi xalqaro musobaqalarda jami 99 ta oltin, 72 ta kumush va 149 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishgan. Shuningdek, mutaxassis dzyudo maktablarining faoliyati, yurtimiz bo‘ylab ushbu sport ommaviyligini oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tdi.
O‘z o‘rnida, Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov davlatimiz atletlarimizni bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlashda davom etishini, bunga javoban dzyudochilarimizdan yanada yuqori natijalar kutilishini ta’kidladi. Shuningdek, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasini «Milliy sport mukofoti-2023» taqdirlash marosimida «Yilning eng yaxshi terma jamoasi» nominasiyada g‘olib chiqqani bilan qutladi.
Anjuman davomida Qo‘mita raisi o‘rinbosari, mamlakat dzyudo federasiyasi raisi Azizjon Kamilov 2023 yil o‘zbek dzyudosi uchun muvaffaqiyatli o‘tgani, xususan, birinchi bor jahon chempionatida 4 ta medal qo‘lga kiritilgani, Osiyo o‘yinlarida ilk bora 3 ta oltin medal jamg‘arilgani, sportchilarimizning 12 yillik tanaffusdan keyin «Masters» turnirida oltin medalga ega chiqishgani, poytaxtimizda «Katta dubulg‘a» turniri, o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida Osiyo kubogi va qit’a birinchiligi yuqori saviyada o‘tkazilganini yod oldi. Shuningdek, A.Kamilov davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan 2024 yil bundan ham katta yutuqlarga erishishni maqsad qilinganini bildirdi.
Tadbir davomida mutaxassislar yangi ochiladigan dzyudo akademiyasi, Parij-2024 sikli davomida terma jamoamiz qatnashishi kutilayotgan musobaqalar, Olimpiada rejalari va boshqa ko‘plab mavzularda jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob berishdi.
Yakunda federasiya kesimida eng yaxshilar taqdirlanishdi. Unga ko‘ra, jahon chempionatining bronza, Osiyo o‘yinlarining oltin va kumush medallari sohibi Murodjon Yo‘ldoshev, shuningdek, jahon chempionatining kumush, Osiyo o‘yinlarining oltin va kumush medallari egasi Diyora Keldiyorova mos ravishda eng yaxshi erkak va ayol sportchilar sifatida e’tirof etildi. Shuningdek, boshqa bir qator yo‘nalishlarda ham mukofotlar o‘z egalariga topshirildi.