37 yoshli Manuel Noyer noyabr oyida ikkinchi marta uylandi.
Aniqroq aytsak, «Bavariya» klubi va Germaniya milliy jamoasi darvozaboni yangi mahbubasi bilan munosabatlarini nihoyat rasmiylashtirdi. Umuman, joriy yilning kuz fasli Manuel uchun quvonch-li voqealar taqdim etdi. Birinchidan, kiper uzoq tanaffusdan keyin yashil maydonga qaytdi. U o‘tgan yilning dekabr oyida, jahon chempionatidan so‘ng chang‘ida uchish chog‘i jiddiy jarohat (boldir suyagi singandi)ga yo‘liqqanidan buyon davolash kurslariga qatnayotgandi. Nihoyat, 28 oktyabr kuni Bundesliga o‘yinida qayta ko‘rinish bera boshladi. Ikkinchidan, Manuel 23 yoshli mahbubasi Anika Bissel bilan rasman nikohdan o‘tdi.
Germaniyalik darvozabonning ko‘plab shaxsiy muxlislari Anika tashqi ko‘rinishi bilan Manuelning oldingi rafiqasi Nina Vayssga juda o‘xshash ekanligini ta’kidlashmoqda. Aytish kerak, Vays xonim mehmonxona biznesi bilan shug‘ullanuvchi badavlat xonadonning qizi va yetarlicha muvaffaqiyatga erishgan chavandoz hisoblanadi. Deylik, u ot sporti bo‘yicha Germaniya miqyosidagi bir qator yirik turnirlarda g‘olib chiqqan. Yana bir tomoni, Nina va Anika hamda 2009-2014 yillar oralig‘ida Manuelning sevgilisi sifatida tanilgan soch turmaklari ustasi Ketrin Gilx o‘rtasida sezilarli darajada farq bor. Umuman olganda, Noyerning birinchi rasmiy nikohi 3 yil davom etdi. Aytishlaricha, Nina sportdagi faoliyatini davom ettirishni xohlagan, biroq Manuel bunga qarshi chiqqan. Chunki u serfarzand oilani orzu qilardi. Qisqasi, bu masaladagi kelishmovchiliklar oxir-oqibat, oilaning parokanda bo‘lishiga olib keldi va juftlik 2020 yilning boshida rasman ajrashdi.
Manuel Noyer shundan atigi bir necha oy o‘tgach, 19 yoshli gandbolchi Anika Bissel bilan uchrashdi. Yosh bo‘yicha o‘rtadagi 14 yillik farq ham yangi ishqiy munosabatlar rivojlanishiga to‘sqinlik qilgani yo‘q. Har holda, Anika «Bavariya» o‘yinlarini tez-tez stadionda kuzatishga odatlandi. U tribunada Manuelni faol qo‘llab-quvvatlashi bilan ham ajralib turdi. Anika jumladan, Noyer ortidan Qatar mezbonlik qilgan JCH-2022ga ham bordi va Germaniya milliy jamoasi o‘yinlarini bevosita Doxa stadionlarida kuzatdi.
Manuelning mundialdan keyin jarohat tufayli safdan chiqqani unga yangi mahbubusiga ko‘proq vaqt ajratish imkonini berdi. Ikkisi sentyabr oyiga kelib, «Bavariya»ning ko‘plab futbolchilari ishtirok etgan an’anaviy Myunxen pivo festivaliga birga tashrif buyurdi. Manuel va Anika aynan Oktoberfestda o‘zaro oilaviy rishtalarni bog‘lashlarini e’lon qilishdi. Noyer shuning barobarida ota bo‘lish orzusi yaqin orada amalga oshishini ham tilga oldi. Shu tariqa yangi juftlik noyabr oyi boshida to‘y marosimini o‘tkazdi. Unda har ikkisining qarindoshlari qatnashishdi, xolos. Ya’ni to‘y tantanalari tor doirada tashkillashtirildi. Darvoqe, yangi oila allaqachon farzand kutmoqda. Chaqaloq erta bahorda tug‘iladi hisob-kitoblarga ko‘ra.