Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Bo‘lajak monstrmi yoki...?

Bo‘lajak monstrmi yoki...?

Baho:
+ | -

Braziliyalik megaiqtidor Endrikning «Real» safini to‘ldirish onlari ham tobora yaqinlashmoqda.

Shart­noma bo‘yicha yozda «Madrid» ixtiyoriga o‘tadigan vunderkind hozircha Ispaniya bilan birrov tanishdi, undan oldin esa Braziliya milliy jamoasida debyut qildi. Aniqroq aytsak, Endrik JCH-2026 saralash bosqichidan o‘rin olgan Kolumbiya termasiga qarshi o‘yinning 82-daqiqasida maydonga tushdi. U shundan so‘ng argentinaliklar bilan bahsda ham chamasi 18 daqiqa harakatlandi. To‘g‘ri, Endrik bu uchrashuvlarda qandaydir karomat ko‘rsatgani yo‘q, lekin fakt shuki, Braziliya milliy jamoasi tarixida maydonga tushgan ikkinchi yosh futbolchi bo‘ldi (jamoada faqat afsonaviy Ronaldo ertaroq debyut qilgan - 17 yoshu 118 kunlik).

***

Braziliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Fernando Deniz kolumbiyaliklarga qarshi o‘yindan keyin Endrik debyutiga alohida to‘xtaldi: «Bu navqiron yigitcha uchun munosib sovg‘a, u a’lo darajada o‘ynaydi hali». Noyob iqtidor sohibi hozircha o‘z yurtida «Palmeyras» sharafini munosib himoya qilmoqda, «Real» esa uni kutib olish tadorikini ko‘rmoqda. O‘tgan yilning dekabr oyida yigitcha transferi yo‘lida 60 mln. yevrodan voz kechgan «Qirollik klubi»da aniq strategiya bor bu masalada. Oddiy aytganda, madridliklar Endrik yaqin orada Vinisius Junior va Rodrigo yoniga qo‘shilib, brazilcha trioni yuzaga keltirishidan umidvorlar. Xo‘sh, yigitcha bunga tayyormi?

***

Endrik ispan tilini o‘rganish bilan band, yana boks bilan shug‘ullanmoqda. Yosh iqtidor «Real»ga o‘tishi aniq bo‘lgach, xususiy murabbiy yollab, alohida shug‘ullana boshladi. Asosiy e’tibor tezlik, chaqqonlik, chidamlilik va koordinasiyaga qaratilmoqda. «Hali juda yosh bo‘lsada, unda yulduzlik alomatlari yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi. Endrik jismoniy tayyorgarlik nechog‘li muhimligini yaxshi tushunadi, yanada kuchliroq bo‘lish uchun erinmay shug‘ullanadi. Yaratgan uni kuchli oyoqlar, yuqori tezlik bilan siylagan», - deydi «Palmeyras» akademiyasi murabbiyi Joau Paulo. Futbolchining o‘zi esa kimdan ilhomlanishini yashirmaydi: «Messi - buyuk futbolchi, lekin bolaligimdan Ronaldu muxlisiman. U asosiy kumirlarimdan biridir. Krishning o‘z kasbiga munosabati - men uchun namuna». AS nashri bahorda Endrik ispan tilini o‘rganayotgani haqida xabar tarqatdi. Yigitcha esa tez orada aynan ispanchada intervyu berdi: «Yangi chorlovga nafaqat jismoniy jihatdan, balki ruhan ham tayyorman. Lekin shu bilan to‘xtab qolmaslik kerakligini yaxshi bilaman. Janubiy Amerikadan Yevropaga ko‘chib boradigan futbolchi uchun moslashish davri og‘ir o‘tishi o‘z-o‘zidan tushunarli. Shunday ekan, yanada toblanishim kerak, bu borada o‘zimni ayamay shug‘ullanyapman».

Endrik yana haftada 1 marta bokschi Jekson de Padua bilan ham ishlamoqda. «Endrikning jismoniy holatidan yoqa ushladim. Yoshiga nisbatan o‘ta baquvvat yigitcha. Boks mashg‘ulotlari kuchiga kuch qo‘shayotganini Endrikning o‘zi ham sezib turibdi. Chaqqonlik, charchoq bilmaslik va konsentrasiya unga o‘yinning oxirgi daqiqasigacha faol to‘p surish imkoniyatini beradi», - deydi Jekson. Yigitcha bularga qo‘shimcha tarzda tungi klublar va ko‘ngilxushliklarni chetga surib qo‘ygan: «Vaqtni behuda o‘tkazishni istamayman. Tamaddi uchun faqat oilamiz bilan restoranga borishim mumkin. Ochig‘i, qancha maosh olishimni ham bilmayman. Moliyaviy masalalar bilan ota-onam shug‘ullanishadi. Men esa faqat futbol haqida o‘ylashim kerak».

***

Endrik orada «Palmeyras» tarkibidan tushib qoldi, shunda «Real» uning oldiga o‘z skautini yubordi. Chunonchi, braziliyalik hujumchi mavsumning dastlabki o‘yinlarida gol urolmadi va hattoki, zaxirada qolib ketish darajasiga yaqinlashdi. Deylik, fevral oyida «Bragantino»ga qarshi kechgan bahsda zaxiraga olingach, alamdan yig‘lab yubordi: «O‘yinlarni zaxira o‘rindig‘ida kuzatish achinarli hol, albatta. Biroq futbolchi bunday pallada o‘zini tuta bilishi shart. Aksincha, bosim motivasiya berishi lozim. Ishonchni qaytarishim shart. Gol bobidagi muammolar? Bu yaxshi emas, lekin xavotirlanishga o‘rin yo‘q. Chunki tez orada hammasi izga tushib ketishiga aminman. Meni hech kim ayamasligi kerak». Xullas, mart oyida Braziliyaga «Real»ning bosh skauti Xuni Kalafat uchib bordi. Unga Endrikni qo‘llab-quvvatlash, ruhini ko‘tarish vazifasi topshirilgandi. Binobarin, Kalafat hujumchining oilasiga yaqin shaxs hisoblanadi. Aprelda esa chempionat start oldi va Endrik 1-tur o‘yinida «Kuyaba» darvozasiga gol urdi, ammo keyingi 12ta bahsning atigi 2tasi («San-Pau­lu» va «Atletiko Paranaense»ga qarshi)da «Palmeyras»ning boshlang‘ich tarkibidan joy oldi. Yigitcha faqat kuzga kelib, asosiy tarkibga mustahkam o‘rnashdi. O Globo nash­rida yozilishicha, boshida jamoa murabbiyi Abel Ferreyra shunchaki, tez orada jamoadan ketadigan futbolchiga asosiy tarkibdan joy berishni istamagan. Taxminlarga ko‘ra, ishga «Real» aralashgach, vaziyat yaxshi tomonga o‘zgardi.

***

«Palmeyras»ning mavsumdagi eng yorqin o‘yiniga alohida to‘xtalish kerak. «Botafogo» maydonidagi uchrashuv ikkinchi bo‘limini 0:3 hisobida boshlagan jamoa 49-daqiqada Endrik urgan ajoyib gol evaziga ancha faollashdi. Yosh yigitcha bu vaziyatda to‘pni markazda qabul qilib, yo‘l-yo‘lakay 3 nafar raqibini aldab o‘tdi va darvozani nishonga oldi. 84-daqiqada esa Endrik jarima maydonida aldamchi harakati bilan himoyachi ta’qibidan qutuldi va to‘pni tizzasi (!) bilan darvozaning yaqin burchagiga yo‘lladi. 89-daqiqa: Endrik uzatmasidan keyin Xose Manuel Lopes muvozanatni tikladi - 3:3. 90}9-daqiqada esa «Palmeyras» 4-golni urib, safardan qimmatli 3 ochko bilan qaytdi. Oradan 3 kun o‘tgach, Endrikning «Atletiko Paranaense» darvozasiga urgan goli jamoaga navbatdagi 3 ochkoni keltirdi. Bejiz yakunda qahramonimizni Braziliya chempionatining eng yaxshi yosh futbolchisi sifatida e’tirof etishmadi.

***

«Real» hozirdan Endrikka yuksak baho bermoqda: Kalafat uning timsolida uzoq yillar davomida jahonning eng yaxshi futbolchisini ko‘rmoqda. Madridliklar Endrik uchun sarflangan 60 mln. yevro Vinisius va Rodrigo transferiga ketgan jami 45 «limon»ga nisbatan ko‘proq manfaat keltirishiga shubha qilishmayapti. «Palmeyras» prezidenti Leyla Pereyra esa bunday iqtidorni nisbatan arzon bahoda sotganidan xafa: «Endrikni juda arzon sotganimizni tushunib turibmiz. 3-4 yildan keyin uning bahosi 150-250 mln. yevroga ko‘tariladi. Chunonchi, yuksak salohiyati barchaga ma’lum, bizga turli klublardan 12ta taklif kelgandi. Biroq Endrik va uning yaqinlari «Real» variantini tanlashdi». «Qirollik klubi» yigitcha  uchun 9-raqamni hozirlab qo‘ygani haqida xabarlar bor. Marca nashri taxminicha, Endrik hamyurtlari Vinisius va Rodrigodan farqli ravishda, birdaniga asosiy jamoadan joy oladi. Xullas, bo‘lajak monstrni yangi mavsumda «Real» libosida ko‘ramiz.

Ta’rif

- Endrik - bu fantastik jismoniy quvvat, mahorat va mentalitet uyg‘unligi. Uning bo‘lajak monstr ekanligi hozirning o‘zida ma’lum. Madridda bir necha yil birgalikda sermahsul to‘p surishdan umidvorman. Vinisius Junior («Real» vingeri).

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:48, 07.01.2024.
O'qildi: 1986 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.