Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Braziliyaning yangi ustozi Dorival Junior qanday murabbiy?

Braziliyaning yangi ustozi Dorival Junior qanday murabbiy?

Baho:
+ | -

Karlo Anchelotti «Real» bilan hamkorlikni davom ettirishga qaror qilgach, Braziliya futbol konfederasiyasi noiloj mamlakat terma jamoasiga boshqa muqim bosh murabbiy topdi - 61 yoshli Dorival Junior. U «pentakampeonlar»­ni vaqtincha murabbiy maqomida boshqargan va ijobiy natija qayd etolmagan Fernando Diniz o‘rnini egalladi. Dorival mamlakat bosh jamoasini o‘z tasarrufiga olish uchun «San-Paulu» klubidagi ishidan voz kechdi. «Mazkur orzu ro‘yobiga «San-Paulu»dagi faoliyatim ortidan erishdim. Shunday ekan, avvalo, o‘ta muhim sanalgan tiklanish davrida menga ishonch bildirgan va donolik bilan rahbarlik qilgan klub prezidenti, direktorlar kengashi vakillariga alohida minnatdorchilik bildirishim kerak», - dedi Dorival mas’uliyatli lavozimga tayinlanganidan ke­yin. «San-Paulu» ham mutaxassisning ketishiga xolisona va hurmat bilan munosabat bildirdi. «Dorivalning terma jamoaga taklif etilgani klubimiz to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganidan dalolat. Endi unga faqat omad tilash qoldi» - bu klub prezidenti Xulio Kasares bayonoti.

Dorival Junior haqida nimalar ma’lum? Junior futbolchilik faoliyatida ham, murabbiylik yurishida ham Braziliyadan chetga chiqqan emas. U vaqtida «Palmeyras», «Gremio», «Koritiba» kabi grandlar, shuningdek, yana bir qator o‘rtamiyona jamoalar safida to‘p surgan. Futbolchi sifatida jumladan, Santa-Katarina va Riu-Grandi-du-Sul shtatlari chempioniga aylangan. Dorivalning murabbiylik faoliyati nisbatan qiziqarli: yangi sohaga o‘rtamiyona jamoalarda bosh suqqan mutaxassis keyin­chalik deyarli barcha mahalliy grandlarni boshqardi, yo‘l-yo‘lakay Braziliya kubogini 3 marta boshi uzra baland ko‘tardi. 2022 yili «Flamengo» bilan Libertadores kubogi g‘olibi bo‘ldi. Alohida aytish kerak, 2010 yili aynan shu murabbiy «Santos»da Neymar, Ganso va Alan Patrik kabi yulduzchalarni kashf etib, Braziliya kubogi hamda San-Paulu shtati chempionatida g‘alaba nashidasini surdi. Biroq o‘sha yilning sentyabr oyida Dorival va Neymar o‘rtasida jiddiy kelishmovchilik yuzaga keldi. O‘shanda murabbiy yosh hujumchiga penalti tepish imkoniyatini bermay, o‘ziga g‘avg‘o sotib olgandi. Xullas, klub rahbariyati ushbu mojaroda bo‘lajak superyulduz tarafini olib, murabbiydan voz kechib qo‘ya qoldi. Aftidan, o‘sha kelishmovchilik ortda qolgandek, aks holda, Dorival milliy jamoa boshqaruvini qo‘lga olmasdi. Binobarin, Neymar yaxshi holatda bo‘lmagan vaqtda ham «pentakampeonlar» hayotida katta o‘rin tutadi, jamoada unga hamisha yuksak ehtirom ko‘rsatiladi. Dorival faoliyatida ajabtovur voqealar ham yo‘q emas. Deylik, «Flamengo» 2013 yili Rossiyaning «Rubin» klubidan taklif etilgan Karlos Eduardoning ijara shartnomasini qoplashga pul topolmay, murabbiy maoshini kamaytirmoqchi bo‘lgan, u esa bunga ko‘nmagan. Yakunda klub rahbariyati murabbiyni iste’foga chiqarishdan o‘zga chora topolmagandi.

Aslida Karlo Anchelottiga ehtiyoj sezishgandi, ammo... Chamasi 1 yil muqaddam OAVda Karlo Anchelotti Braziliya milliy jamoasi bosh murabbiyi lavozimiga bosh nomzod ekanligi haqida xabarlar chiqa boshladi. Garchi italiyalik mutaxassis buni muntazam ravishda inkor etib kelgan bo‘lsada, Braziliya futbol konfederasiyasi prezidenti Ednaldo Rodriges o‘tgan yilning yozida jiddiy bayonot berdi: «Amerika kubogi-2024 turniridan keyin milliy jamoamiz boshqaruvini aynan Karlo Anchelotti qo‘lga oladi». Xullas, italiya­lik mutaxassisning braziliyaliklar bilan og‘zaki kelishuvga erishgani va mamlakat milliy jamoasi tarixidagi 4-xorijlik murabbiy bo‘lishiga shubha qolmagandi. Biroq don Karlo yakunda «Qirollik klubi» bilan 2026 yilgacha mo‘ljallangan yangi shartnomani rasmiylashtirgach, braziliyaliklarning barcha umidlari puchga chiqdi. Ular shu tariqa shoshilinch tarz­da bosh murabbiy lavozimiga muqobil nomzod qidirishga tushdilar. Xullas, oxir-oqibat, Braziliya milliy jamoasining boy berilgan nufuzini tiklash missiyasi Dorival Juniorga ishonib topshirildi.

«Pentakampeonlar» JCH-2026 saralashida atigi oltinchi... Tan olish kerak, Dorival terma jamoa boshqaruviga anchayin murakkab inqiroz davrida keldi. Qatar-2022 mundialidan keyin Tite iste’foga chiqqach, mutasaddilar doimiy murabbiy topolmadilar. Bu esa natijalarga salbiy ta’sir ko‘rsatdi: JCH-2022 turniridan keyingi 9ta uchrashuvda 3ta g‘alaba, 1ta durang va 5ta mag‘lubiyat. Tarixan eng nomdor jamoaga yarashmaydigan achinarli ko‘rsatkich. To‘g‘ri, KONMEBOL miqyo­sidagi JCH-2026 saralash bosqichida atigi 6-bo‘lib turgan «pentakampeonlar» yakunda navbatdagi mundial yo‘llanmasini bemalol qo‘lga kiritish imkoniyatiga egalar. Zero, Janubiy Amerikada 6-o‘rin ham keyingi mundial chiptasini ta’minlaydi. Bosh­qa tomondan, saralash bos­qichi yakuniga hali ancha bor. Xo‘sh, yangi bosh murabbiy ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirib, jamoa qudratini tiklashga qodirmi? Tushunarliki, Junior Dorival «sariq devlar»ni JCH-2026ga olib chiqish bilan cheklanib qolmasligi kerak. Uning zimmasidagi asosiy ish - bu Braziliya termasini yana har qanday raqibga dahshat uyg‘otadigan holatga keltirish. Ishoning, bu KONMEBOL hududidagi kvalifikasion chig‘iriqdan o‘tishga nisbatan anchayin murakkab vazifadir.

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:54, 03.02.2024.
O'qildi: 1557 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.