Ispaniyalik taniqli murabbiy Kike Setyen ayrim qimmatbaho futbolchilar uning g‘oyalarini tushunishda qiynalganini tan oldi.
Ispaniyalik mutaxassis 2020 yil yanvar oyida "Barselona" bosh murabbiyi etib tayinlangan, ammo o‘sha yilning avgust oyidayoq lavozimidan ozod etilgan edi.
Shundan so‘ng u "Vilyarreal" hamda Xitoyning "Beyszin Goan" klublarida faoliyat yuritdi.
"Men 80 million yevro turadigan, ammo futbolni tushunmaydigan o‘yinchilarga murabbiylik qilganman. Ular shunchaki o‘yinni tushunishmasdi.
"Barselona"da ishlagan paytimda bir futbolchi bor edi. Men u bilan uchrashuvlarni alohida tahlil qilardim, o‘yinlardan videolavhalar ko‘rsatardim.
Undan nimani ko‘rganini, nima uchun aynan shunday qaror qabul qilganini va yana qanday yo‘l tutish mumkinligini so‘rardim.
Ba’zan bittagina noto‘g‘ri harakat tufayli uch nafar futbolchining ikki raqibga qarshi hujumi raqib jamoa ustunligiga aylanib ketishi mumkin", — deya 68 yoshli mutaxassisning so‘zlarini keltiradi Barca Universal.
Kike Setyen "Betis", "Las-Palmas" va Ispaniyaning boshqa klublaridagi faoliyati bilan ham tanilgan.













