Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/12 01:30 Vilyarreal 1-1 Rayo Valyekano
19/12 01:30 Espanyol 1-1 Valensiya

Eder Militao: «Dunyodagi eng yaxshi klubdaman. Nega ketishim kerak?»

Eder Militao: «Dunyodagi eng yaxshi klubdaman. Nega ketishim kerak?»

Baho:
+ | -

Oxirgi mavsumlar «Real Madrid» mudofaasida katta hajmda ish bajargan markaziy himoyachi Eder Militao yaqinda yangi shartnoma ostiga imzo chekdi.

Unga muvofiq, braziliyalik futbolchi 2028 yilning 30 iyunigacha «Qirollik klubi» ixtiyorida qoladi. Ayni payt og‘ir jarohatdan keyingi tiklanish jarayonini o‘tayotgan Eder bitim rasmiylashtirilgach, Realmadrid TV telekanali mehmoni bo‘ldi.

- Eder, avvalo, yangi shart­noma bilan tabriklaymiz. 

- Rahmat! Klub rahbariyati men bilan hamkorlikni davom ettirishga qaror qilganidan bag‘oyat xursandman. Qolaversa, dunyodagi eng yaxshi klub safida qolayotganim o‘zgacha faxr tuyg‘usini uyg‘otmoqda. Bugun nafaqat faoliyatim, balki butun hayotimdagi eng muhim kunlardan birini boshdan o‘tkazdim. Shunday buyuk prezident yonida bo‘lish va CHLning 14ta kubogi bilan o‘ralgan holda yangi shartnomani rasmiylashtirish menga chinakam g‘urur bag‘ishladi. O‘zi dunyodagi eng yaxshi klubda qolib, tarix bitishda davom etishni xohlagandim. Zero, ketishimga hech qanday sabab yo‘q. «Real Madrid» uchun o‘ynash - katta sharaf, albatta. «Santyago Bernabeu» allaqachon ikkinchi uyimga aylanib ulgurdi. Shu kungacha barcha klubdoshlar va xodimlar bilan o‘rtamizda juda iliq munosabat shakllandi. Asosiysi, bu yerda yaqqol o‘sishga erishdim, ko‘p narsalarni o‘rgandim, bebaho tajriba to‘pladim. O‘ylaymanki, shu ruhda davom etaman, hali aytadigan so‘zlarim ko‘p. 

- Xo‘sh, og‘ir jarohatdan keyingi tiklanish jarayoni qanday ketmoqda?

- Kundan-kunga o‘zimni yaxshiroq his qilyapman. Mana, asta-sekin barchasini talab darajasida bajaryapman. Hozirgi holatda shifokor va fizioterapevtlar ko‘rsatmalariga to‘liq amal qilishim naqadar muhimligini tushunaman. Shuning uchun davolanish rejasidan aslo og‘ishmayapman. Asosiysi, sabr. Yaxshiki, klub bu masalada beminnat yordam bermoqda. Har holda, kuchli e’tibor va yaratilgan sharoitlar va g‘amxo‘rlik joyida. Maydondan chetda qolganingizda atrofingizdagilarni sizga befarq qaramasliklari ruhiya­tingizni ko‘taradi, albatta. Yana hamma bilan birdek muloqotga kirishish jamoada muhim o‘ringa egaligingizni anglatadi. Qisqasi, jamoaning o‘rinli yondashuvi o‘laroq, o‘zimni yanada tetikroq his qilyapman. Garchi o‘yinlarda qatnasholmayotgan bo‘lsamda, hayotim quvonch bilan to‘la. Oddiy aytganda, tushkun holatda yurishga qandaydir sabab yo‘q.

- «Madrid» futbolchisi sifatida ko‘p ajoyib lahzalardan bahra olishga ulgurdingiz. Qiziq, shaxsan o‘zingiz ulardan qay birini alohida qadrlaysiz?

- Yolg‘iz qolganimda, ko‘pincha Vinni (Vinisius Junior)­ ning Chempionlar Ligasi finalida urgan golini eslayman. Chunonchi Braziliyadagi uyimizdan chiqib ketganimdan buyon aynan shunday katta turnirning hal qiluvchi o‘yinida qatnashishni orzu qilganman. Ochig‘i, Vinni raqib darvozasini nishonga olganida, kuchli hayajondan o‘zimni yo‘qotib qo‘yishimga sal qolgandi. Bir umr unutilmas lahza!

- Shaxs va futbolchi sifatida rivojlanishingizda «Real»ning ta’siri nechog‘li katta?

- Bu yerdagi har bir kun va o‘yin futbolchi sifatida yuksalishimga katta yordam berdi. O‘zi dunyoning eng kuchli klubi safiga qo‘shilganingizdan keyin boshidan qayerga kelib qolganingizni to‘liq tushunasiz. Boshqacha aytganda, «Real» nimani anglatishini teran tushunasiz. Shu ma’noda aytsam, ayniqsa, ruhiy tomondan keskin o‘zgardim.

- Sizningcha, bu yerda muvaffaqiyat uchun eng zarur fazilat nima?

- Bir emas, ko‘p xususiyatlar talab etiladi. Avvalo, «Madrid»da har doim, har bir o‘yinda g‘alaba uchun intilish shartligini tushunishingiz kerak. Qolaversa, klub ramzi, libosini chinakamiga yaxshi ko‘rishingiz muhim. Aks holda, qo‘lingizdan hech narsa kelmaydi. 

- «Real» kiyinish xonasidagi muhitni ko‘p maqtashadi...

- Chunki umumiy holat chindan ham, maqtashga loyiq. Deylik, kiyinish xonamizda hamisha quvnoqlik mujassam. Doim bir-birimiz bilan hazillashamiz, ahillik yuqori darajada. Qisqasi, kiyinish xonasidagi muhit shunchaki, super! Hech qanday yomon his-tuyg‘ular yo‘q, faqat bir-biriga yordam berishga shay turadigan mehribon yigitlar bor. 

- Bunga qadar aksariyat jamoadoshlaringiz «Real» safida uzoq muddat qolishga qaror qilishdi. Endi navbat sizga keldi...

- Sababini so‘rayapsizmi? Eng kuchlilar dunyodagi eng buyuk klubda o‘ynashlari kerak. Yosh futbolchilar ham «Real»ga intilishadi, chunki bu o‘zgacha klub ekanligini bilishadi. Aytish joiz bo‘lsa, futbolchi borki, «Madrid»da o‘ynashni orzu qiladi. Bizga shunday jamoa libosini kiyish nasib etgan ekan, bor imkoniyatdan maksimal darajada foydalanishimiz va qo‘ldan kelganicha iz qoldirishimiz kerak.

- Yangilangan «Bernabeu» haqida ham ikki og‘iz...

- Ajoyib stadion, chiroyiga gap yo‘q. Muxlislarga to‘la tribunalar bizga chinakamiga energiya bag‘ishlaydi va qo‘llab-quvvatlaydi. Hammasi fantastika, go‘yo. Tribunalarga qaraganimizda, bir-birimizni qanchalik kuchli sevishimizni yaqqol his etamiz. «Bernabeu»da bunday muhit ostida o‘ynash qanchalik yoqimli ekanligini bilish uchun bevosita maydonga tushib ko‘rish kerak.

- Florentino Peresga nisbatan hurmatingiz baland ekanligi ma’lum. Bunday munosabat asosini tushuntirib bera olasizmi?

- Florentino - futbolda faxriy inson, katta shaxs. Shunchaki, ismini eshitganingizda, «Real»ning yangi tarixi ko‘z o‘ngingizga keladi. Endi aytingchi, jahonning eng kuchli klubini ustamonlik bilan olg‘a boshlayotgan insonni hurmat qilmaslik mumkinmi? Peres nafaqat «Real», balki tarkibdagi har bir futbolchi uchun ko‘p narsani anglatadi. Birinchi asos - klub rahbari barchamizga o‘ta mehribon va sevimli inson. Uning amalga oshirgan ishlari esa aqlga sig‘maydi, ochig‘i.

- «Madridchilar»ga qanday tilak bildirasiz?

- Barchaga alangali salom! Kelishuv muddatini uzaytirganimdan benihoya xursandman va sizlar bilan tez orada ko‘rishishdan umidvorman. Hala Madrid!

 MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:59, 07.02.2024.
O'qildi: 1593 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.