Kirish Ro'yxatdan o'tish
02/12 00:45 Lechche - Yuventus
02/12 01:00 Real Sosyedad 2-0 Betis
03/12 00:45 Roma - Atalanta
03/12 01:00 Sevilya 1-1 Osasuna
03/12 23:00 Malyorka - Barselona
04/12 00:30 Ipsvich - Kristal Pelas
04/12 01:15 Lester - Vest Xem

Saudiyalik jangari himoyachi

Saudiyalik jangari himoyachi

Baho:
+ | -

OK-2023 turnirining 1/8 finalida Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushgan Saudiya Arabistoni terma jamoasi himoyachisi Ali al Bulayhiy Son Xyun Minning jig‘iga tegdi.

Koreyalik afsona al Bulayhiyning nafratiga duch kelgan yagona futbolchi emas. O‘tgan yili Lionel Messi, Krishtianu Ronaldu, Robert Levandovskilarni Ali o‘zining «nordon» muomalasi bilan siylagandi.

Marhamat, jangari himoyachining keskin harakatlari bilan tanishing.

** Ali al Bulayhiy JCH-2022 turnirining guruh bosqichi doirasidagi Argentina terma jamoasiga qarshi bellashuvda futbol jamoatchiligi e’tiborini tortdi. O‘shanda himoyachi Messini zararsizlantirish vazifasini o‘z zimmasiga olgandi. Saudiyaliklar 2-golni urishganidan keyin Ali ikki marta Leoning beliga kafti bilan urdi va qichqirdi: «Menga qara!». Hayron bo‘lgan Messi raqibini tingladi va jilmaygan holda undan uzoqlashdi. «O‘shanda men uning jamoasi g‘alaba qozona olmasligini aytdim», - degandi al Bulayhiy o‘yindan keyin.

Keyinchalik saudiyalik futbolchi SBC vakiliga bergan intervyusida boshqacha ma’lumot berdi: «Quloq sol, bizga qarshi 3-4 marta o‘ynagan taqdiringda ham, hurmat bilan muomala qilmasang, g‘alabaga erisha olmaysan, dedim. Keyin bizga yaqinlashayotgan Gomes va Di Mariyani ko‘rgach, undan uzoqlashdim».

Yakunda Saudiya Arabistoni terma jamoasi guruhda qolib ketdi, Argentina esa yana bir karra jahon chempioni bo‘ldi. «PSJ» bilan saudiyalik yulduzlar o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvida ikki «qadrdon» futbolchi yana o‘zaro duch kelishdi. Al Bulayhining qo‘pol fe’l-atvoriga hatto o‘ta vazmin tabiatli Kilian Mbappe ham dosh bera olmadi va yengilgina turtish bilan Messi tomon baqirayotgan saudiyalik himoyachini tartibga chaqirib qo‘ydi. 

** O‘sha mundialda saudiyalik himoyachi Robert Levandovskiga qarshi maydonga tushdi va unga ham zo‘ravonlarga xos tabiatini namoyish etdi: «Unga uquvsiz hujumchi ekanligini, Lukaku undan saviyaliroq ekanligini aytdim». Polshalik hujumchi raqibining bema’ni qilig‘iga hakamning e’tiborini jalb etdi. O‘sha o‘yinda Levandovski saudiyaliklar darvozasini ishg‘ol etdi, Polsha 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Al Bulayhiy esa Meksika terma jamoasiga qarshi bellashuvning birinchi bo‘limida jarohat olib, maydonni tark etdi.

** Krishtianu Ronaldu bilan Ali al Bulayhiyning yo‘llari o‘tgan yil avgustida, arab davlatlari chempionlari Kubogi turnirining hal qiluvchi bellashuvida o‘zaro tutashdi. «Al-Hilol» sharafini himoya qilayotgan Abu-Bulayhiy yerda yotgan Ronalduga do‘q urdi, qo‘llarini ko‘tarib, tahdid qildi, turtib qo‘ydi. Bunga javoban Krishtianu terga botgan belini qo‘li bilan artib Alining yuziga surtgach, yanada darg‘azab bo‘lib qoldi. Oxir-oqibat, aynan Krishtianuning dubli «Al-Nasr»ga g‘alaba keltirdi. To‘g‘ri, dekabr oyida «Al-Hilol» chempionat doirasida raqibini yirik (3:0) hisobda taslim etish bilan o‘ch olgan bo‘lsada, tortishuv davom etdi. «Al-Hilol»ning golidan keyin al Bulayhiy nima uchundir maydon markaziga o‘tirib oldi va Ronalduning to‘pni o‘yinga kiritishiga xalal bera boshladi. Keyin raqib jamoa muxlislariga g‘alamislik qilgani uchun maydondan chetlatildi.

** Navbatdagi «tomosha» - yana Osiyo Kubogidagi Janubiy Koreyaga qarshi bellashuv. Nimchorak final bahsini 1:0 hisobida o‘z foydalariga hal qilayotgan saudlar qo‘shimcha vaqtning 9-daqiqasida tirishqoq koreyaliklarning aniq zarbasi oldida ojiz qoldilar va over-taym­larda to‘p surishga majbur bo‘ldilar. Aynan shu pallada al Bulayhiy o‘z «hunari»ni boshladi: to‘ppa-to‘g‘ri Son Xyun Minga yaqinlashib, uni turtdi, keyin sochidan tortib qo‘ydi. Son esa do‘stona jilmayib qo‘ya qoldi, o‘yindan keyin raqiblar xotirjam suhbatlashishdi. To‘qnashuvdan qanoat hosil qilmagan saudiyalik jangari Xvan Xi Chxanga tegajaklik qila boshladi. Biroq Xvan ham pinagini buzmay, o‘zini xotirjam tutdi. Shundan keyin al Bulayhiy raqib jamoa darvozaboniga bosim o‘tkazishga urindi - burchak zarbasi amalga oshiriladigan paytda uning oldiga turib oldi. Chjo Xyon Vu esa Alini turtib, o‘z hududidan chiqarmoqchi bo‘ldi. Yakunda to‘p ular turgan yergacha yetib kelmadi. An’anaga binoan, al Bulayhiy «dahanaki janglar»da raqiblaridan ustun kelgan bo‘lsada, maydondagi bahslarda mag‘lub bo‘ldi. Jumladan, Chjo 2ta o‘yindan keyingi penaltini bartaraf etib, jamoadoshlariga chorak final eshiklarini ochdi, Ali esa saudiyaliklar bilan uyga qaytishga majbur bo‘ldi.                                 

Mazkur kompaniyaga Neymar yetishmayapti. Lekin braziliyalik hujumchi bunday imkoniyatga ega emas: u al Bulayhiyning jamoadoshi. Endi himoyachi «Al-Hilol»ga qaytadi va yana Ronaldu bilan uchrashish imkoniyatiga ega. Eslatib o‘tamiz, bugun Toshkent vaqti bilan soat 23:00da Alining jamoasi «Al-Nasr» bilan o‘rtoqlik uchrashuvida kuch sinashadi.

Ali al Bulayhiy - «Al-Hilol» tarkibida 7-mavsumini o‘tkazayotgan 34 yoshli markaziy himoyachi. U barcha turnirlar bo‘yicha hisoblaganda 200dan ko‘proq uchrashuvlarda maydonga tushgan. Osiyo miqyosida olganda, anchayin sovrindor futbolchi - Saudiyaning 4 karra chempioni, 2ta Kubok va Superkubok sohibi, OCHLning 2 karra g‘olibi.

2018 yilda al Bulayhiy Rossiya mundialiga kelgan, lekin Artyom Zyuba bilan muloqot qilish unga nasib etmagandi. Sababi, start bellashuvida u maydonga tushmagan. Shuningdek, oxirgi o‘yinda ham zaxirada qolgani bois, Muhammad Saloh bilan ham uchrashmagan. Lekin Saudiya Luis Suares va Edinson Kavanining Urugva­yiga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berganida, Ali tarkibda edi. Xullas, Suares al Bulayhiy bilan Messi va Ronaldudan avvalroq tanishgandi. Urugvayga qarshi o‘yin haqida Ali shunday degandi: «O‘sha uchrashuvdan keyin men hatto 3 nafar Messiga qarshi bahsda ham qo‘rqmaydigan bo‘lib qoldim. Ha, u afsona, biroq har qanday holatda ham biz 11ga 11 to‘p suramiz».

O‘tgan yili Messining «Al-Hilol»ga o‘tishi xususida gap-so‘zlar avjiga chiqqanida, jangari himoyachi shunday hazillashgandi: «Men uning «5-raqamli futbolchi bilan o‘ynashni istamayman» deyishidan qo‘rqaman. Keladimi-yo‘qmi, bunisini bilmayman».

Jahongir MIRZO tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 12:27, 16.02.2024.
O'qildi: 1713 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.