Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Pelas» bag‘rida ham «o‘zga sayyoralik» bor...

«Pelas» bag‘rida ham «o‘zga sayyoralik» bor...

Baho:
+ | -

«Chelsi» yosh iqtidorlar istiqbolini to‘g‘ri baholay olmaslik odati bilan ham tanilgan.

Yorqin misollar: «aristokratlar» vaqtida Muhammad Saloh va Kevin de Bryuynedek bugungi megayulduzlarni «noshud»ga chiqarishgan, Deklan Raysni esa akademiyadanoq «badarg‘a» qilishgan. Bugungi qahramonimiz Maykl Oliseni ham «Chelsi» tomonidan qadrlanmagan iste’dodlar qatoriga qo‘shish mumkin. To‘g‘ri, hozirgi «Kristal Pelas» yetakchilaridan biri Saloh va de Bryuynedan farqli o‘laroq, nisbatan sokin faoliyati bilan sekin-asta e’tibor markaziga tushdi.

*** 

«Kristal Pelas» xavbeki 9-14 yosh oralig‘ida aynan «Chelsi» akademiyasida tahsil oladi. Uni London klubiga «ko‘klar» tizimida xususiy futbol maktabini ochgan sobiq skaut olib kelgandi. Maykl keyinchalik Kobxemdan ketadi va yarim yilcha o‘ziga yangi jamoa qidiradi. Bu orada chamasi 2 hafta «Manchester Siti» tizimida shug‘ullanadi. Nihoyat, u 2023 yilning yozida «Chelsi» sohibi Todd Bouli nazariga tushdi. Umuman, Olise futbol olamiga oddiygina e’lon bo‘yicha bosh suqqan. Gazeta orqali uylari yaqinida sport maktabi ochilganidan xabar topgan Oliselar oilasi Mayklga shunchaki, bolalik ermagi topib berishni o‘ylagan ekan. Amalda esa bu ermak professional kasbga aylandi. «Olisening «o‘zga sayyoralik» ekanligi dastlabki mashg‘ulotlardayoq tasdiqlangan edi. Yigitcha kerakli pallada yuqori tezligini ishga solib, raqiblarini yengilgina ortda qoldirardi», - deydi fransiyalik futbolchining ilk ustozi va adashi Maykl Richards. Murabbiy shuning barobarida shogirdi boshidan jamoa uchun to‘p surishni birinchi o‘ringa qo‘yganini alohida ta’kidlaydi. Aytgancha, Olise bolalar toifasida Bukayo Saka bilan raqobatlashgan. Ha, o‘shanda «Arsenal»­ning bo‘lajak yulduzi qo‘shni futbol maktabida tahsil olardi. 

Yoshlar o‘rtasidagi musobaqalarni kuzatganlar orasida bo‘lgan «KPR» skauti Shon Konlon o‘z tengdoshlaridan yaqqol ajralib turgan Olisega yuksak baho beradi: «Maykl bilan ilk marta tanishganimda, u futbolga jiddiy qaramayotgan bolakaydek taassurot qoldirgandi. Lekin shiddat, tezlik va mahorat bobida tug‘ma qobiliyati shundoq ko‘zga tashlanib turardi». Shon bilan parallel ravishda «Arsenal» vakillari ham yosh iqtidorga qiziqib qolishadi. Biroq Konlon uni o‘zining avvalgi ish joyi, ya’ni «Chelsi» klubi mutaxassislariga tavsiya etadi. Oxir-oqibat, 9 yoshli bolakay «ko‘klar» tizimidagi o‘smirlar jamoasi safiga qo‘shiladi. To‘g‘ri, Olisening «Chelsi»dagi davri xususida to‘liq ma’lumot yo‘q. Yagona fakt - u 14 yoshida klubdan ketadi. Konlonning ta’kidlashicha, o‘shanda tomonlar kelisholmay qolishgandi. Boshqa manbalarda esa, klub rahbariyati shunchaki, Olise istiqboliga ishonmay, hamkorlikka chek qo‘ygani zikr etilgan. Shon bu masalada oddiy xulosaga ega: «Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, «Chelsi» tizimidagi davr Olisening o‘zi uchun beiz ketmadi. Eng asosiysi, Maykl kerakli poydevor hozirladi, murabbiylar sabog‘i bilan professionallarga xos ishlashni o‘rgandi. Maykl shu tariqa futbol va odatiy hayot o‘rtasida uy­g‘unlik o‘rnatdi».

*** 

Olise «Chelsi»dan ketgach, ma’lum muddat «Manchester Siti» akademiyasida shug‘ullandi. Konlonning aytishicha, Mayklda futbolchilik sifatlari aynan Manchesterdagi qisqa vaqtda shakllangan. Birinchidan, u «shaharliklar» dargohida kimsan Xosep Gvardiola nazariga tushadi. Ikkinchidan, ko‘cha futboliga xos ijobiy xislatlarini to‘liqligicha saqlab qoladi. Keyinchalik yarim yilcha munosib jamoa topolmagan yosh futbolchiga yana Konlon yordam qo‘lini cho‘zadi. U bu safar Mayklni o‘zining xususiy futbol maktabiga chorlaydi. Asosiysi, bu tadbir yaxshi samara beradi. «Olisega shunchaki, amaliyot olish imkoniyatini yaratdik. Asosan yarim professionallar jamoalari bilan murakkab va tajovuzkor 7x7 tizimida kuch sinashardik. Maykl esa deyarli barcha uchrashuvlarda eng yaxshi futbolchilardan biri bo‘lardi», - deya eslaydi Konlon o‘zgacha g‘urur bilan. Ko‘pni ko‘rgan skaut Mayklni bir qator kasbdoshlariga tavsiya etishni ham unutmaydi. Ular esa yigitchaga shubha bilan qaraydilar. Binobarin, Olise yoshiga nisbatan ancha baquvvat edi va kattaroq ko‘rinardi. Qolaversa, «Chelsi»ning yosh xavbekdan voz kechgani ham murabbiylarni ikkilantirgani tayin. Konlon havaskorlarga qarshi o‘yinlarda Olisening harakatini videotasmaga tushirib yurardi va yigitcha oxir-oqibat, «Reding» skautlariga ma’qul tushadi. Shonning xulosasi bo‘yicha bu borada Mayklga omad kulib boqqandi: «Boshida kamtarinroq jamoa sharafini himoya qilish futbolchini fidoyilik va mehnatsevarlikka chorlaydi». Olise yangi jamoada chindan ham, barchani o‘ziga maftun etadi. Deylik, u «Reding»dan ketgach, jamoa futbolchilari ham, murabbiylar ham o‘z intervyularida ortidan asosan maqtovlar aytishadi. «Maykl ilk daqiqalardan yuksak salohiyatini namoyish etishga tushardi. Ayniqsa, to‘pni juda nafislik bilan olib yurardi. Yana bir tomoni, aksariyat futbolchilardan farqli ravishda, to‘pni ochiq hudud emas, balki raqiblar qurshovida qabul qilishni xush ko‘rardi» - bu «Reding» himoyachisi Tom Makintayr e’tirofi. Jamoaning yana bir vakili - Maykl Morrison esa o‘sha vaqtdayoq adashi APLga mos ekanligini aytgandi: «Olise saviya bo‘yicha APL talablariga to‘la javob beradi. Zero, hujumda ham, himoyada ham xotirjam o‘ynaydi, uzatmalarni vaqtida amalga oshiradi. Deylik, jamoamiz 2:0 hisobida oldinda borayotgan pallada ham faollikni aslo pasaytirmaydi, to‘pni imkon qadar tez egallab, dribling qobiliyatini namoyish etishni yoqtiradi».

*** 

Murabbiylar Maykl Olisedagi xudbinlik illatini uni yoshlar jamoasida himoya chizig‘iga bog‘lab qo‘ygan holda bartaraf etishadi. Lekin «Reding»da uni boshqa bir yomon xislat - tundlikdan xalos eta olishmaydi. «Oliseni shaxs sifatida tushunish juda qiyin. Ba’zan jamoadoshlari bilan qo‘l uchida so‘rashishi yoki ularni nazar-pisand qilmay, jimgina o‘tib ketishi mumkin. Muloqot chog‘i esa ko‘nglini ochmaydi. Olise shu og‘ir tabiati bilan yoshlar jamoasi murabbiylarini bezdirgandi», - deydi Tom Makintayr. Shuningdek, futbolchi g‘alaba golini nishonlamasligi yoki murabbiy ortidan baqirib yuborishi ham hech gap emas. «Reding»da bu kabi «jumboq»larga yechim topolmaydilar. Ikkinchi tomondan, Olise o‘ta vazmin tabiati bilan ham ajralib turadi. Misol uchun, Angliya kubogidan o‘rin olgan «Milluoll»ga qarshi bahsda raqib jamoa muxlislaridan biri Mayklga butilka uloqtiradi. Futbolchi shunda horg‘in holatda bezori tomon o‘giriladiyu, lom-mim demaydi, butilkani esa shu o‘yinda urgan goli va qayd etgan assistidan esdalik sifatida o‘zida olib qoladi. 

*** 

Muhimi, Olisening murakkab fe’l-atvori iqtidoriga salbiy ta’sir etmadi. Maykl APLdagi ikki mavsumda 11ta assist rasmiylashtirgach, «Chelsi» o‘tgan yilning yozida xavbekni ortga qaytarish harakatiga tushdi. Ma’lumotlarga qaraganda, «aristokratlar» Olise shartnomasida ko‘rsatilganidan ham ko‘proq tovon puli to‘lashga rozi bo‘lishgan, ammo kelishuv amalga oshmadi, baribir. Qisqasi, Olise yakunda «Kristal Pelas» bilan shartnomasi muddatini uzaytirdi. U aynan «Pelas»dagi o‘yinlari bilan yanada saviyaliroq klublar e’tiborini qozonish niyatida. Mayklni bu qarordan hozir «Chelsi» akademiyasida tahsil olayotgan ukasi Richard ham, uni «Siti» o‘smirlar jamoasiga olib borgan Jo Shilds ham qaytara olishmadi. Umuman, qahramonimizning asl maqsadi faqat o‘ziga ayon. Yakunda Olise bilan «Reding»da birga o‘ynagan Maykl Morrison so‘zlaridan yana bir iqtibos keltiramiz: «Olise uchun ideal rol - Vilfrid Zaxa». Torta olarmikan? Ehtimol, Olise hali biror top-klubga ham yo‘l olar...

 MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 11:29, 05.03.2024.
O'qildi: 1246 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.