Skandinaviyalik futbolchilar faqat murakkab familiyalari emas, balki alohida gol urish instinktiga ega ekanliklari bilan ham ajralib turishadi.
Mana, joriy mavsum Viktor Eynar Dyokeresh ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Portugaliyada «Sporting» sharafini himoya qilayotgan shvesiyalik chindan ham, raqiblar darvozabonlari uchun qo‘rquv uyg‘otmoqda. Lekin muxlislar Skandinaviya futbolida Erling Xoland va Rasmus Xoylunddan tashqari, yana bir goleador-viking borligini yaxshi bilishmaydi. Vaholanki, u Portugaliya chempionatini zabt etishga ulgurdi allaqachon.
Aynan Viktor Eynar hozirgi «Sporting»ning asosiy yulduzi hisoblanadi. Shvesiyalik hujumchi Lissabon jamoasini milliy ligada chempionlik sari tortish barobarida YELda ham o‘z so‘zini aytmoqda. Dyokeresh uchun hammasi zo‘r boshlandi. Deylik, 17 yoshida «Brommapoykarn»- (ha, Skandinaviyada nafaqat familiyalar, balki klublar nomi ham murakkab bo‘lishi mumkin)da debyut qilgan yigitcha atigi 12 kun o‘tib, kubok o‘yinida «dubl» qayd etdi. Biroq uning klubi yakunda «Superettan» ligasida oxirgi o‘rinni band etib, daraja bo‘yicha uchinchi raqamli divizionga tushib ketdi. Muhimi, bu omadsizlik yosh iqtidorga uncha salbiy ta’sir ko‘rsatgani yo‘q. Aksincha, Viktor «Brommapoykarn»da qolishni lozim topdi va keyingi mavsum 19ta o‘yinda 7ta gol urdi. Yosh futbolchi shu tariqa kamtarin klubning «Superettan» ligasiga qaytishida muhim rol bajardi.
Viktor Dyokeresh to‘laqonli ikkinchi mavsumda hammani yanada kuchli hayratlantirdi: 29ta o‘yinda 13ta gol. U bu statistika bilan divizion to‘purarlari ro‘yxatida 3-o‘ringa joylashdi. «Brommapoykarn» ham shu muvaffaqiyat bilan to‘xtab qolmadi va keyingi mavsum Shvesiya futboli elitasiga qo‘shildi. Alohida ta’kidlash kerak, Dyokeresh asosiy jamoada o‘ynash barobarida parallel ravishda U-19 va U-21 birinchiliklarida ham samarali to‘p surdi, «pachka»lab gol yig‘di. Tushunarliki, bunday mahsuldorlik bilan Yevropa klublari e’tiboriga ham tushdi. Xullas, mavsum-2017/2018 arafasida iqtidorli to‘purar «Brayton» safiga qo‘shildi. Bunda Angliya klubi Shvesiyaning kamtarin jamoasiga transfer uchun 1 million yevro to‘ladi. Ehtimol, 1 «limon» megaiqtidor uchun «sariq chaqa»dek tuyular, ammo Shvesiya klublari uchun katta summa, ayniqsa, liga autsayderlari uchun.
Aytgancha, Dyokeresh shvesiyalik professional ayol futbolchi Amanda Linden bilan yaqin aloqalarga ega. Amanda ham «Brommapoy-karn»da o‘ynagan. E’tiborli tomoni, juftlik «Brayton»ga birga ko‘chib o‘tdi. Ya’ni Viktorning mahbubasi «chaykalar» tizimidagi ayollar jamoasi bilan shartnoma tuzdi. Dyokereshning «Brayton»dagi faoliyatiga kelsak, u asosan U-23 jamoasida o‘ynadi va vaqti-vaqti bilan asosiy tarkibga jalb etildi ko‘pincha kubok bahslarida. Viktor uchun keyinchalik ijara safarlari boshlandi: «Sankt-Pauli», «Suonsi», «Koventri». Biroq skandinaviyalik Angliya va Germaniyada butunlay yo‘qolib qoldi, go‘yo. Hattoki, quyi divizionlarda ham o‘z vatanidagi kabi ta’sirchan samaradorlik ko‘rsata olmadi. Shunga qaramay, Chempionship ishtirokchisi «Koventri» tavakkal ish tutib, Viktor transferini 1,2 million yevroga sotib oldi. Qarangki, ijara muddatida aytarli hech qanday karomat ko‘rsatolmagan shsesiyalik to‘laqonli shartnoma ostiga imzo chekishi bilan Chempionshipdagi eng yaxshi hujumchilardan biriga aylandi, «Koventri»ning qutqaruvchisiga ham. Oddiy aytganda, Angliya futbol piramidasida ikkinchi o‘rinda turuvchi divizionda o‘tgan ikki to‘liq mavsum Viktor uchun shunchaki, qoyilmaqom bo‘ldi: jami 97ta o‘yinda 40ta gol va 17ta assist. Dyokeresh bunday statistikasi bilan Ruben Amorim boshqaruvidagi «Spor-ting» e’tiborini tortdi. Yakunda Lissabon klubi shvesiyalik transferiga 21 million yevro ajratishdan o‘zini tiya olmadi. Darvoqe, Portugaliya grandi o‘z tarixida biror futbolchiga bu qadar ko‘p sarflagan emasdi.
Ha, «Benfika» nishonni juda to‘g‘ri olgan ekan. Zero, Viktor Portugaliyadagi debyut mavsumidayoq xarajatni to‘liq oqladi: barcha musobaqalar hisobidan 33ta o‘yinda maydonga tushib, 30ta gol va 11ta assist rasmiylashtirdi. Shvesiyalik venger hozirda Portugaliya Primerosi to‘purarlar poygasida g‘olib chiqishga da’vogar. Asosiysi, Dyokereshning transfer qiymati qisqa vaqt ichida deyarli 47 million yevro (transfermarkt talqini)ga ko‘tarildi! Ehtimol, Portugaliyadagi 1ta muvaffaqiyatli mavsumdan so‘ng Angliyaga qaytish yoki boshqa top-ligaga yuzlanish hujumchi uchun eng to‘g‘ri qaror hisoblanmas, ammo «Chelsi» qishda uning uchun 75 million yevro (!) taklif etishga ulgurdi. Ammo «Benfika» darhol rad javobi berdi. Chunonchi, Viktor hozir 25 yoshda va hali yanada kuchayish uchun potensiali yetarli. Tushunarliki, u Angliya va Portugaliyada katta tajriba orttirdi va o‘ziga ishonchi ham mustahkamlandi. Shunday ekan, Viktorni yozda yoki yana 1 yildan keyin top-liganing qaysidir katta klubi libosida ko‘rishimiz hech gap emas.
Shvesiyalik goleadorda hammasi mujassam: dribling, zarba, bosh bilan o‘ynash. U shuningdek, «ko‘rpani o‘ziga tortmaydi», ya’ni aniq uzatma bilan sherigini hal qiluvchi zarba yo‘liga chiqarishga moyil. Ko‘pchilik shu joyda Aleksandar Isakni eslasa kerak. Xo‘sh, Shvesiya futbolining asosiy hujumchisi kim? Aleksning muvaffaqiyatini tan olish joiz, lekin Dyokeresh serqirraligi bilan mamlakatda bosh hujumchi bo‘lishga munosibroqdek ko‘rinmoqda. Har holda, Viktor oddiy taran hujumchi ham, faqat oldinda turuvchi «simyog‘och» ham emas. U faoliyati davomida hujum qanotlarida ham o‘ynadi. Hatto «10-raqam» rolini sinab ko‘rdi. Shu jihati, ya’ni ko‘pqirrali ekanligi bilan har qanday murabbiy yoki taktik chizmaga mos keladi. To‘g‘ri, Viktorni Zlatan Ibragimovich vorisi sifatida ta’riflash noo‘rin, lekin unda yaqin yillar Shvesiya milliy jamoasining asosiy hujumchisi bo‘lish imkoniyati yetarli.
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi