Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Oliyjanoblikka javoban superkambek!

Oliyjanoblikka javoban superkambek!

Baho:
+ | -

Yevropada YECHLning murosasiz bellashuvlari avjiga chiqqan kunlarning birida APL doirasida bir uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Turnir jadvalining quyi pog‘onalarida (13-chi va 18-chi) borayotgan «Bornmut» - «Luton» viveskasi muxlislarda kuchli qiziqish uyg‘otmagan bo‘lsada, o‘yinda hatto xalqaro arenalardagi eng nufuzli turnirning ayrim uchrashuvlarida kuzatilmaydigan o‘ta ibratli voqea bo‘lib o‘tdi.

Mazkur bahs dekabr oyida Bornmutda o‘tkazilgan, lekin 59-daqiqada mehmonlar sardori Tom Lukyer yiqilib tushganidan keyin to‘xtatib qo‘yilgandi. O‘shanda 29 yoshli futbolchining yuragi kutilmaganda to‘xtab qolgan, shifoxonadagi 5 kunlik muolajadan keyin o‘ziga kelgandi. Shu sababli, 1:1 hisobidagi bellashuv oxiriga yetmay qoldi. Avvaliga jamoalar o‘yinning qolgan 30 daqiqasida o‘ynash bilan yakunlab qo‘yishlari taxmin qilingandi. Lekin mutasaddilar keyinchalik to‘liq takroriy uchrashuv o‘tkazishga qaror qilishgan, o‘sha o‘yin 13 mart sanasida bo‘lib o‘tdi.

Luton unchalik badavlat shahar bo‘lmagani sababli, Bornmutga borib-kelish muxlislar uchun oson bo‘lmasligini tushunish mumkin. Angliyada jamoat transportining yo‘lkira haqi nisbatan qimmatroq ekanligi barchaga ma’lum. Takroriy bellashuvga keladigan lutonlik muxlislarning ozchilik ekanliklaridan xabardor bo‘lgan mezbon jamoa muxlislari mehmonlarga moddiy yordam ko‘rsatishga qaror qilishdi. Rejaga binoan, ular 4ta avtobus uchun 1000 funt ajratishni mo‘ljallashgandi. To‘plangan mablag‘ esa 2000dan ko‘proq bo‘ldi. Muxlislar ortiqcha mablag‘ni yurak xastaliklarini davolashga ixtisoslashgan shifoxonaga xayriya qilishdi.

«Bornmut» klubi Tom Lokyerning fotosuratini uchrashuv programmkasiga joyladi, lutonlik muxlislar esa sardorning portreti tushirilgan banner bilan tribunadan joy oldilar. Bellashuv boshlanishi arafasida salomatligini tiklash davrini o‘tkazayotgan Lokyer maydonga tushganida, ikki jamoa futbolchilari va muxlislari mamnunlik bilan kutib oldilar. Tom va uning hayotini saqlab qolgan «Bornmut» shifokorlari uchrashuvi ayniqsa, o‘ta hayajonli bo‘ldi. O‘yinning 59-daqiqasida esa (avvalgi o‘yinda falokat yuz bergan daqiqa) ikki jamoa muxlislari ularni gulduros qarsaklar bilan olqishlab turdilar.

Takroriy bellashuv ham qoyilmaqom tarzda o‘tdi. Elitadagi o‘rnini saqlab qolish uchun kurashayotgan «Luton» birinchi bo‘limda maydon egalari darvozasiga 3ta javobsiz gol urishga ulgurdi. Oqibatda, «Bornmut» futbolchilari o‘z muxlislarining hushtakbozliklari jo‘rligida tanaffusga yo‘l olishdi. Aftidan, fanatlarning haqli e’tirozlari mezbonlarga sezilarli ta’sir o‘tkazdi shekilli, 2-bo‘limda naq 4ta gol (g‘alaba keltiruvchi aniq zarba 83-daqiqada yo‘llandi) bilan javob qaytardilar. Umid qilamizki, takroriy o‘yinda lutonlik futbolchilar va muxlislar orasida yurak xuruji hodisasi kuzatilmadi. Chunki jamoa 3ta to‘p ustunligini boy bergani sababli, autsayderlar guruhidan ko‘tarila olmadi.

«Bornmut» muxlislari tomonidan ko‘rsatilgan oliyjanoblik esa munosib mukofotini oldi - futboldagi ba’zan uchrab turadigan haqiqat ro‘y berib, bellashuv maydon egalarining 4:3 hisobidagi g‘alabasi bilan nihoyasiga yetdi. 

E’tiborli jihati shundaki, «Bornmut»ning mazkur zafari APL tarixida qayd etilgan 5-superkambek maqomida tarixdan joy oldi. 3ta to‘p farqi bilan ortda qolayotgan jamoaning yakunda maydonni g‘olib sifatida tark etishi bundan avval «Lids», «Uimbldon», «MYU» va «Vulverxempton»ga nasib etgan, oxirgi superkambek 2003 yilda amalga oshirilgandi.

«Luton» esa jon saqlab qolish uchun kurashni davom ettiradi. Albatta, biz bu kamtarin, lekin o‘ta tomoshabop o‘yin namoyish etayotgan jamoa o‘z faoliyatini elitada davom ettirishi tarafdorimiz. Darvoqe, 18-o‘rindagi autsayder sermahsullik bobida 6-pog‘onadagi «MYU»dan oldinda 42ga 39.

Ha, aytgancha, Tom Lokyer xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, yaqinda sardor iloji boricha tezroq maydonga qaytish orzusida ekanligini bayon etdi. Biroq yakuniy qaror uni davolayotgan shifokorlar ixtiyorida. Bu borada Lokyerga omad yor bo‘lishiga tilakdoshmiz.

A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 08:15, 30.03.2024.
O'qildi: 928 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.