Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

La Liganing moliyaviy og‘ir talablarini "Barsa" qanday qilib bajaryapti?

La Liganing moliyaviy og‘ir talablarini "Barsa" qanday qilib bajaryapti?

Baho:
+ | -

Fevral oyi oxirida Ispaniya La Ligasi joriy mavsum uchun moliyaviy limitlarini o‘zgartirdi.
Asosiysi: “Barselona”ning maksimal ko‘rsatkichi hozirda 204,2 million yevro, bu “Real”nikidan (727,5 million) uch yarim baravar kam.

Bu nima degani?

La Ligada moliyaviy chegara qancha?

Xarajatlar chegarasi La Ligada 2013 yildan beri amal qiladi. Bu moliyaviy feyr-pleyning ispancha versiyasi - klublarning to‘lov qobiliyatini va raqobat rejimini ta’minlaydigan iqtisodiy nazoratning asosiy elementidir. Ba’zida bu noto‘g‘ri tarzda faqat ish haqi chegarasi sifatida tushuniladi, lekin qoidalar kengroq: ish haqi (futbolchilar va murabbiylar shtabi), ijtimoiy sug‘urta, jamoaviy va individual bonuslar (naqd pul yoki naqd to‘lovlar, masalan, uy, mashina yoki ta’til), shartnomani buzganlik uchun kompensasiya, agentlarga komissiyalar va transfer amortizasiyasi (o‘yinchining narxini shartnomaning butun uzunligi bo‘ylab teng qatlamda taqsimlash). O‘rinbosarlar jamoasi, akademiya va klubning boshqa bo‘limlari uchun sarflangan xarajatlar hisobga olinadi. Shunday qilib, bu cheklovlar to‘g‘riroq "xarajat chegaralari" deb ataladi.

Hisoblash formulasi murakkab: jamoaning kelgusi mavsum uchun byudjet daromadi (jumladan, televideniye huquqlari, reklama, chiptalar sotish, transferlar va yevrokuboklardagi prognoz to‘lovlari) o‘tgan mavsumdagi yo‘qotishlar bilan hisoblangan sportga oid bo‘lmagan xarajatlarni chiqarib tashlagan holda. Oddiy so‘zlar bilan aytganda: klub qanchalik ko‘p pul topish va sportdan tashqari ehtiyojlarga kamroq sarflashni rejalashtirsa, chegara shunchalik katta bo‘ladi. Bu albatta, sog‘lom yo‘nalishdagi klubning sxemasiga kiradi.

Mavsum boshida har bir klub o‘z sarf-xarajat limitini klub byudjetlarini tuzish qoidalariga muvofiq hisoblab chiqadi, u tekshiriladi (kerak bo‘lsa, tuzatiladi) va liga tomonidan tasdiqlanadi. Qishki transfer oynasidan keyin xarajatlar smetasini qaytadan sozlash mumkin. Mavsum davomida klublar prognoz qilingan ko‘rsatkichlardan chetga chiqib ketsa, muammolar paydo bo‘ladi.

Mana bu mavsum uchun fevral oyidagi raqamlar!

Eng katta o‘zgarishlar "Barselona"ga tegishli. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilgi "Barsa" limiti hozirgidan 3 baravar yuqori edi - 648,8 million yevro edi.

Moliyaviy barqarorlik rejasi haqida nima deyish mumkin?

2021/22 yilgi mavsumda qishki smetadan so‘ng "Barselona"ning limiti minus 144 millionga yetdi. Bu o‘tgan mavsumdagi yo‘qotishlarni hisoblagan holda transfer xarajatlari hisobini unutib qo‘ygan taqdirda ham "Barsa"dek gigant uchun achinarli holat. Shuning uchun, 2022 yil yozida byudjet bilan hiyla-nayranglar talab qilindi - Laporta richagi haqidagi memlar shunday paydo bo‘ldi.

Misol uchun, "Barca" televideniye huquqlaridan tushgan daromadning 25 foizini 25 yil davomida (2047 yilgacha) "Sixth Street" amerikalik investorlarga 647 million yevroga sotdi. Jamoa uchun xarajatlar chegarasi salbiydan ijobiy 656,4 million yevroga ko‘tarildi.
O‘sha yozda klub Robert Levandovski, Rafinya, Jyul Kunde va Frank KessYE, Ektor Bellerin, Markos Alonso va Andreas Kristensenning transferlari uchun 153 million yevro sarfladi. Shu bilan birga, kataloniyaliklar o‘yinchilarni sotishdan atigi 35 million yevro ishlab oldi. Shu bilan birga, klubning tarkibiy qarzlari taxminan 1,3 milliard yevroni tashkil qildi.
La Liga prezidenti Xavyer Tebas 2023/24 yilgi mavsumdan boshlab bunday manevrlar endi yordam bermasligini ma’lum qildi. Yangi kelganlarni ro‘yxatga olish bilan bog‘liq muammolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun klublarga ish haqi va sportga oid bo‘lmagan faoliyatga sarflanadigan xarajatlarni kamaytirish, shuningdek, transferlar, reklama va homiylar orqali olinadigan daromadlarni oshirish tavsiya etildi.

Yozda "Barsa" yangi kelganlarni ro‘yxatga olishda jiddiy muammolarga duch keldi. Iyun oyi boshida Marca nashri liga "Barselona"ning ikki yillik "moliyaviy barqarorlik rejasi"ni ma’qullagani haqida xabar berdi. Eng muhim shart - maoshlar miqdorini kamaytirish edi.

Quyida "Barsa"dan ketgan va kelgan futbolchilarga to‘lanadigan maoshlar bo‘yicha balansni solishtirib ko‘ramiz.

Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, bu mavsumda "Barsa"ning transfer balansi 62,4 million yevroni tashkil etadi. Juda soddalashtirilgan hisob-kitob bilan ham yomon raqamlar emas (masalan, eskirgan yoki mavjud shartnomalarni uzaytirish hisobga olinmagan). Shu tariqa, Antuan Grizmanning «Atletiko»ga sotilishi, maoshdan tashqari, shartnomaning oxirgi yili uchun (120 million/5 yil = yiliga 24 million) qo‘shimcha 24 million yevro amortizasiyani tejab qoldi.

Ammo bu yetarli emas edi. La Liga rahbari Xavyer Tebas mavsum boshida: "Ular topshiriqlarni bajarishmadi" dedi. Ammo klub hali ham 400 million yevrodan ko‘proq bo‘lgan ish haqi fondini kamaytirish uchun katta harakat qildi. Eslatib o‘tamiz, endilikda liga tomonidan joriy mavsum uchun ma’qullangan maksimal chegara ikki baravar ko‘p - 204,2 million yevroni tashkil etadi. Mart oyida "Barsa" iqtisodiy masalalar bo‘yicha vise-prezident Eduard Romeuning iste’fosini e’lon qildi.

Demak, "Barsa" endi chegarani buzyaptimi?

Aniq emas, lekin katta ehtimol bilan, ha. Darhol aniqlik kiritamiz: fevralda chegaraning 65 millionga kamayishi hech qanday qoidabuzarlikdan dalolat bermaydi - "Barsa" rejalashtirilgan daromadning bir qismini o‘tkazib yuborganligi aniq. Ushbu moliyaviy chegaralardan oshib ketilgan taqdirda qoida buzish sodir bo‘ladi.

Tebasning hisob-kitoblariga ishonmasangiz ham, klubning ish haqi to‘lovlari maksimaldan yuqori ekanligi aniq. Shunday qilib, Sapology resursining xabar berishicha, "Barsa" endi faqat asosiy shartnomalar bo‘yicha limitdan 10 million yevro ko‘proq - yiliga 214,7 million yevro sarflamoqda. Shuni esda tutingki, bu yerda akademiya o‘yinchilari va barcha sport xodimlarining maoshlari, shuningdek, transferlarning qadrsizlanishini qo‘shishimiz kerak (masalan, 58 million yevrolik Rafinya uchun har yili 11,6 million uning shartnoma muddati tugaguniga qadar hisoblab boriladi).

Demak, 400 million katta ehtimol bilan umumiy xarajatlarni tashkil etadi. 

Kiritildi: 22:00, 31.03.2024.
O'qildi: 956 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.