Aleksandar Pavlovich so‘nggi oylar yosh iste’dod maqomidan Germaniya rekordchisi - «Bavariya»ning asosiy tarkib futbolchisiga aylandi.
Myunxenlik 19 yoshli futbolchi oktyabr oyi oxiridan buyon professional darajada 17ta o‘yin o‘tkazdi, shundan 10tasida boshlang‘ich tarkibdan joy oldi. Mart oyida esa Pavlovich ilk marta Germaniya milliy jamoasi yig‘iniga chaqirildi, to‘g‘ri, betobligi tufayli debyuti kechiktirildi. Muhimi, iqtidorli yarim himoyachi safga qaytgach, darhol «Bavariya»ning «Kyoln»ga qarshi o‘yinida maydonga tushdi. Myunxen superklubi rasmiy sayti esa umidli futbolchini maxsus suhbatga chorlab, u bilan hayotining eng qizg‘in davri, milliy jamoaga nomzod ekanligi va maqsadlari yuzasidan gurunglashdi.
«Bavariya» rahbariyati Aleksandar Pavlovich o‘yinidan mamnun. Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, Germaniya grandi futbolchiga yaxshilangan shartlar asosida yangi bitim taklif etishga tayyor. Pavlovich va «Bavariya» o‘rtasidagi ayni shartnoma esa 2027 yilning yozida yakuniga yetadi. Yosh yarim himoyachi joriy mavsum Myunxen jamoasining 17ta o‘yinida qatnashib, 2tadan gol va uzatma rasmiylashtirdi.
- Salom Aleks, xavotirli betoblikdan keyin maydonga xotirjam qaytdingiz. Hozir ahvolingiz qanday?
- Mutlaqo yaxshiman! Mana, «Kyoln»ga qarshi bahsda maydonga qaytdim va bundan benihoya xursandman. Endi o‘z ustimda qattiq ishlashda davom etaman, albatta. Muhimi, bemalol shug‘ullanishga xalaqit beradigan qandaydir muammoni sezmayapman.
- Tabiiyki, xastaliklikdan keyin asosiy maqsadingiz tayin - imkon qadar sport formasini tiklash. Umuman, «Bavariya»dagi rolingizni qanday ko‘ryapsiz?
- Ha, bosh vazifam - har doim jamoaga imkon qadar sifatli tarzda yordam berish. Qaysi pozisiyada o‘ynashim, maydonda yoki tashqarida bo‘lishimdan qat’iy nazar, bu yondashuv o‘zgarmaydi. Xullas, kamolot sari yurishda bor kuchimni sarflayman. «Bavariya»ning boshlang‘ich tarkibidan muqim joy olishning boshqa yo‘li yo‘q.
- Agar kutilmagan xastalik xalaqit bermaganida, katta ehtimolki, mart oyida Germaniya milliy jamoasidagi debyutingizni nishonlardingiz. Yulian Nagelsmann chorlovini qanday qabul qildingiz? Salomatlikka bog‘liq muammo tufayli debyutingiz kechikkanidan siqilmadingizmi?
- Germaniya terma jamoasiga nomzod futbolchilar qatoriga kirishning o‘zi katta sharaf hisoblanadi. Janob Nagelsmann men bilan bog‘langanida, ochig‘i, o‘zgacha g‘urur hissini tuydim. O‘sha holatimni to‘liq tasvirlolmayman. Ehtimolki, hech qachon o‘zimni bundan yaxshiroq his qilmagandirman. Asosiysi, murabbiy bilan samimiy suhbatlashdik va aytishim mumkinki, bir-birimizni yetarlicha yaxshi bilib oldik. Binobarin, mavsumoldi yig‘inlarida Yulianning qo‘l ostida bir necha marta mashg‘ulot o‘tagandim. Tushunarliki, xalqaro yig‘inga borish imkoniyati topilmaganidan qattiq asabiylashdim, biroz achchiqlandim ham. Zero, jomadonni tayyorlab qo‘ygan va o‘zimni ko‘rsatishdan umidvor edim. Xullas, ancha qiynaldim, lekin keyinchalik bor diqqatni imkon qadar tezroq tiklanish va qaytishga qaratish zarurligini teran angladim. Hozir esa xotirjamman, bor e’tiborim «Bavariya» bilan oldimizda turgan vazifalarni bajarishga qaratilgan. Mavsum finishida o‘zimni ko‘rsatish uchun qo‘ldan kelganicha harakat qilishim o‘z-o‘zidan tayin.
- Terma jamoa nomzodlari qatoriga kirish - bu so‘nggi bir necha oy davomidagi mehnatingiz uchun o‘ziga xos mukofot. Zero, dekabr oyi o‘rtalaridan e’tiboran muntazam ravishda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdingiz, bu orada gollaringiz hisobini ochishga ulgurdingiz, yana CHL 1/8 finalida ishtirok etdingiz. Hayotingizning eng hayajonli va qaynoq nuqtasi shumi?
- Nafaqat qaynoq va hayajonli, balki eng ajoyib davr ham. Hozir klubdagi har bir daqiqadan boricha zavqlanyapman. Axir o‘zim sevgan klubdaman, ajoyib jamoadoshlar bilan maydonda birga bo‘lish - juda qiziqarli va yoqimli.
- Ortga nazar tashlasak, taxminan 1 yilcha oldin Mintaqaviy ligada, ya’ni havaskorlar darajasida debyut qilgandingiz. Hammasi shu qadar tez rivojlanishi mumkinligini hech o‘ylab ko‘rganmidingiz?
- To‘g‘risi, bunday tezlikni anglash qiyin. Axir atigi 1 yil oldin «Gryunvalder» stadionida ilk marta maydonga tushgandim, endi esa «Bavariya»dek jamoaning 17ta o‘yinida qatnashishga ulgurdim. Bunaqasini aqlga sig‘dirish oson emas. Qisqasi, faoliyatim shunday rivojlanishini sira o‘ylamagandim. O‘zi tabiatan o‘yindan o‘yinga qadam bosishga moyilman. Ya’ni kelajakka ko‘p ham qarayvermayman.
- Havaskorlar ligasidagi sobiq jamoadoshlaringiz va murabbiylaringiz bilan aloqa saqlanib qolganmi yoki...?
- Hozirgacha sobiq jamoamning barcha o‘yinlarini imkon doirasida kuzatishga harakat qilaman. Ekran qarshisida bo‘ladimi yoki «Gryunvalder» arenasida - buning farqi yo‘q. Masalan, haligacha yigitlardan Matteo Peres Vinlyof bilan muntazam gaplashib turibman. Shuningdek, yordamchi murabbiy Teshke va fizioterapevtlar bilan ham tez-tez aloqaga chiqib turibman. Zebenerda uchrashib qolsak yoki telefonda aloqa o‘rnatsak, har doim yoqimli suhbat ketadi. O‘zaro biroz hazillashamiz ham.
- Mavsum davomida professional futbolga ko‘nikish jarayonida aynan qaysi jamoadoshlaringizga ko‘proq e’tibor qaratdingiz?
- Hammaga, chunki tarkibdagi barcha yigitlar jahon darajasidagi futbolchilar hisoblanishadi. Bunday yuqori aqliy va texnik saviya ichida hali ko‘p narsalarni o‘rganishim kerak. Umuman, jamoada barcha yigitlar va murabbiylar meni juda yaxshi qabul qilishdi, o‘z yordamlarini ayashmadi.
- O‘yin uslubingizni qanday tavsiflaysiz, eng kuchli tomoningiz qaysi?
- Odatda yarim himoya markazida o‘ynashni afzal ko‘raman, chunki kurash doirasida bo‘lishni yoqtiraman. Kuchli jihatim haqida esa boshqalar gapirishgani ma’qulroq.
- Kattalar futbolida tajribangiz ko‘p emas. Qiziq, bunday xotirjamlik, erkinlikni qayerdan olasiz?
- Shunchaki, futbolni yaxshi ko‘raman va tashqi sharoitlar ta’siriga yo‘l qo‘ymayman. Maydonda o‘z ishimni sifatli bajarsam, bas.
- «Bavariya» muxlislari yanvar va fevral oylarida sizni jamoaning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olishdi. Ushbu e’tirof nimani anglatadi?
- O‘yinim muxlislar tomonidan qadrlanayotganidan minnatdorman. Bu o‘z navbatida mas’uliyatni oshiradi. Umid qilamanki, kelajakda yanada tez-tez oy laureati bo‘laman.
- Mavsumning qolgan qismi uchun aniq shaxsiy maqsadingiz bormi? Jumladan, Germaniya milliy jamoasiga qayta chaqirilishni o‘ylayapsizmi?
- Qaytaraman, terma jamoaga nomzod bo‘lishning o‘zi ajoyib his-tuyg‘ularni taqdim etdi. Ammo hozirgi holatda to‘liq e’tiborim «Bavariya» bilan oldinda turgan vazifalarni bajarishga qaratilgan. Qisqasi, klubga iloji boricha yordam berishni xohlayman. Agar buni uddalasam, ya’ni barqaror ravishda yaxshi o‘ynab tursam, o‘z-o‘zidan Nagelsmann nazariga tushaman ertami-kech.
MUHAMMADXON tayyorladi