2011 yilda Qatari Sports Investment (QSI) «PSJ» aksiyalar paketini o‘z tasarrufiga olganidan keyin klub qariyb 2 mlrd. yevro sarfladi.
Biroq jamoa hanuzgacha o‘zining bosh maqsadi bo‘lgan YECHL kubogini qo‘lga kirita olmadi, sermahsul superjamoani shakllantirishning iloji topilmayapti. Tarkibni Kilian Mbappe atrofida tashkil etish rejasi ham naf bermadi. Bu yog‘iga Parij grandining holi qanday kechadi?
Kilian mavsum yakunida klubni tark etishini rasman e’lon qildi. Demak, shu tariqa nafaqat loyiha, butun bir davr poyoniga yetadi. Yangi davr yaxshiroq bo‘ladimi? O‘ta dolzarb va hal bo‘lmagan masala. Iqtisodiy nuqtai-nazardan qaraganda, QSI 13 yil ichida «PSJ» bilan ulkan ishlarni amalga oshirdi. Atigi 70 mln. yevroga xarid qilingan klub hozir 4,25 mlrd.ga baholanmoqda. Shiddatli o‘sishda klub prezidenti Nosir al Xelayfiy muhim rol o‘ynadi. Uning sa’y-harakatlari tufayli klub Deloitte Football Money League reytingida 3-o‘ringa ko‘tarildi.
Homiylar bilan imzolanadigan yirik kontraktlar va «Park de Prens» VIP-hududini taomlar bilan ta’minlaydigan mutaxassisni shaxsan funksionerning o‘zi hal qiladi. Shuningdek, maydondagi muvaffaqiyat loyihaga bo‘lgan ishonchni oshirishini ham al Xelayfiy yaxshi tushungani bois, YECHLdagi g‘alabani o‘zining bosh maqsadi, deb hisoblaydi. 2014 yildagi intervyusida u 4 yil ichida klub Yevropani zabt etishini va’da qilgandi. Biroq tarixiy g‘alaba hanuzgacha yuz bergani yo‘q. Buning uchun poytaxtliklar faqat o‘zlaridan xafa bo‘lishlari lozim.
«PSJ» prezidenti maqomidagi ilk intervyusida al Xelayfiy klub oldiga Messiga o‘xshagan superyulduzlarni emas, noyob iqtidorlarning yangi avlodini taklif etish talabini qo‘ygandi. Lekin yillar davomidagi omadsizlikdan keyin, jamoa 34 yoshli daho bilan ulkan kontraktni imzoladi.
Klubning yulduzlar salohiyatini yuzaga chiqara olmaslik illati yoki tarkibni shakllantirishdagi uquvsizligi hatto muxlislarda ham nafrat hissini uyg‘otdi. Chunki Messidek buyuk iste’dod maydonda jamoaning barcha muammolarini amalda namoyish etdi. «Messining xaridi sportdan ko‘ra ko‘proq marketing manfaatlarini ko‘zlagan kelishuv. Yakunda hujumchi so‘nggi 3-4 yil ichida QSI loyihasidagi kamchiliklarni ochib tashladi», - degandi klub manbalaridan birining vakili.
Hammasi «PSJ» transfer bozorini portlatishga qaror qilgan 2017 yilda boshlandi. O‘shanda klub Neymar va Mbappeni xarid qilish orqali futbol olamini 2ta eng yirik shartnoma bilan lol qoldirgandi.
Yulduzli hujumkor duet jamoani tarixiy g‘alabaga juda yaqin olib keldi. Biroq 2020 yildagi hal qiluvchi bahsda «PSJ» Tuxelning «Bavariya»siga imkoniyatni boy berdi. Shundan keyin shiddatli pasayish boshlandi. Avvaliga Neymar va Mbappe loyihaning bosh roli uchun o‘zaro raqobatchilarga aylanishdi. Asta-sekin raqobat chinakam g‘animlik darajasiga chiqdi. Natijada kiyinish xonasida keskin ixtilof yuzaga keldi va 2021 yil yozida Messi bilan erkin agent maqomida kelgan Donnarumma, Ramos va Veynaldumlar o‘yiniga salbiy ta’sirini ko‘rsatdi. Shu sababli klub xalqaro arenada yana hech narsaga erisha olmadi.
«PSJ» sobiq sport direktori Leonardo kechikib bo‘lsada, Kilian muammoning yechimi emas, bir qismi ekanligini ta’kidlab o‘tdi: «Klub uchun har qanday vaziyatda ham Mbappening ketgani yaxshiroq. «PSJ» Kilian Mbappedan avval ham bor edi, keyin ham bo‘ladi. U 6 yildan beri Parijda. Bu vaqt ichida 5ta turli klublar YECHLda zafar quchdilar, lekin ularning birortasida Mbappe yo‘q. Bu esa nufuzli turnirda Kiliansiz g‘olib chiqish mumkinligini anglatadi. O‘zining so‘nggi 2 yildagi tabiati bilan Mbappe avvalgi yetakchi emasligini oshkor etmoqda. Ha, u ajoyib o‘yinchi, lekin yetakchi emas. Uning atrofida sermahsul jamoani shakllantirish juda qiyin».
Hukmronlik uchun Neymarga qarshi kurashda klub doimo Kilian tomonida bo‘ldi, Neymarni Saudiyaga jo‘natdi. Mbappening transferlarga ta’sirini klub doimo inkor etib kelmoqda. Biroq o‘tgan yildagi ayrim xaridlar uning fikrini inobatga olgan holda amalga oshirilganiga Usmon Dembele va Rendal Kolo-Muani misol bo‘la oladi. Lekin yangi strategiya ham naf keltirmadi.
Jamoa yana nufuzli sovringa erisha olmagach, Kilian Parijda qolishdan voz kechdi. Bir paytlar hujumchi «PSJ» «Kilian Sen Jermen» emasligini ta’kidlab o‘tgandi. O‘shanda u klubdan ustun ko‘ringan, ish beruvchi amaldorlar uni shunday maqomga ko‘tarib yuborishgandi. O‘sha paytda jamoa YECHLdan tushib ketganidan keyin al Xelayfiy shunday degandi: «Biz Yevropaning eng navqiron jamoasini yaratish loyihasi ustida ishlayapmiz, porloq kelajakka erishamiz». Biroq buning uchun dunyoning eng yaxshi futbolchilari safiga ko‘tarilgan Mbappe Parijda yangi davrning namunasi bo‘lishi kerak edi. Biroq endi undan forig‘ bo‘lish klub uchun ijobiy siljish bo‘lib qoldi.
Boshqa tomondan, «QSI»-ning tijorat orqali topgan daromadlari ham barbod bo‘lishi mumkin. 1-Ligada boshqa top-chempionatlardagidek ulkan daromadlar yo‘q. Buning asosiy sababchisi ham ligani raqobatchilardan va qizg‘in bellashuvlardan xoli bo‘lgan turnirga aylantirgan poytaxt grandi sababchi. Homiylar va muxlislarni o‘ziga jalb etish uchun u doimo Zlatan Ibragimovich va Devid Bekxem kabi yorqin yulduzlarni jalb etgan.
Klubning ijtimoiy tarmoqlardagi mashhurligi Neymar, Mbappe va Messilar davriga to‘g‘ri keldi. Biroq yangi mavsumda ularning birortasini «Park de Prens»da ko‘rmaysiz. Bu yog‘iga «PSJ»ning holi qanday kechadi? Barcha yulduzlaridan judo bo‘lgan jamoaga bo‘lgan qiziqish qay darajada bo‘ladi? Nosir al Xelayfiydan ana shu savollarga yechim topish talab etiladi.
A.AHMEDOV tayyorladi