Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Peter Gulachi: «Chorlovni kutayotgandim, ammo hayajon yo‘q emasdi...»

Peter Gulachi: «Chorlovni kutayotgandim, ammo hayajon yo‘q emasdi...»

Baho:
+ | -

Xabaringiz bordir, hisob bo‘yicha 17-marta o‘tkaziladigan Yevropa chempionati 14 iyun kuni Germaniya yashil maydonlarida start oladi.

34 yoshli Peter Gulachi faoliyatida 3-marta Anri Delone nomidagi qit’a kubogi uchun kurashga kirishadi (u bundan oldin Yevro-2016 va Yevro-2020da qatnashgan). «RB Leypsig» klubining bo‘ydor (192 santimetr) faxriysi fevral oyidan jamoaning asosiy darvozaboni Yanis Blasvixni zaxiraga «o‘tqizib qo‘yish» asnosida yana Vengriya milliy jamoasidan chaqiruv oldi. Endi u Yevropa chempionatida «Ferensvarosh» kiperi Denesh Dibusga ham qat’iy raqobat taqdim etsa, ajabmas. «RB Leypsig» rasmiy sayti esa Peter Vengriya termasiga yo‘l olishi arafasida uni suhbatga tortdi. Faxriy darvozabon shu tariqa o‘z «uy»ida bo‘ladigan qit’a birinchiligidan nima kutayotgani haqida gapirdi va guruhdagi raqiblarga ham to‘xtaldi.

- Peter, Vengriya termasining Yevro-2024ga doir asosiy maqsadi tayinmi?

- Albatta. Birinchi navbatda, bo‘lajak turnirda kuchli taassurot uyg‘otishimiz kerak. Qaysi bosqichgacha borishimiz esa, boshqa masala. Mana, oxirgi yillar ba’zi «syurpriz»lar taqdim etdik, bir qator yaxshi o‘yinlar namoyish etdik va kutilmagan natijalarga erishdik. Har bir kvartetdan 1-2-pog‘onalar sohiblaridan tashqari, 3-o‘rinni egallaganlar orasida yaxshiroq natijaga erishgan jamoalar ham «pley-off» bosqichiga yo‘l olishlarini bilamiz. Shunday ekan, har bir ishtirokchida guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlash imkoniyati bor, faqat buning uchun to‘g‘ri reja bo‘yicha o‘ynash talab etiladi. Xullas, dastlabki maqsad - guruh bosqichidan o‘tish uchun 3ta o‘yinda kerakli natijani ta’minlash. «Pley-off»ga chiqib olsak, qolganini vaqt ko‘rsatadi. Oddiy aytganda, avvalo, guruh doirasidagi 3ta o‘yinga e’tibor qaratish lozim, shunda 4-uchrashuv ham bo‘ladi. Umid shu. 

- Vengriya milliy jamoasi joy olgan guruhda turnir mezboni - Germaniya termasi ham bor. Bundesligada o‘ynayotgan futbolchi sifatida bundestim natijalarini taxmin qila olasizmi?

- Menimcha, bu yerda mezbonlik faktori ham katta rol o‘ynaydi. Umuman, Germaniya milliy jamoasi tarkibidagi aksariyat futbolchilarni yaqindan bilaman, axir ayrimlari bilan birga o‘ynaganman, qolganlariga ko‘p martalab raqib sifatida qarshi turganman. Aytish shart emas, Germaniya termasi oxirgi yirik turnirlarda omadsizlikka yo‘liqqan bo‘lsada, jamoada sifat bor, baribir, ijrochilari darajasi juda baland. Endilikda bundestim individual tomondan kuchli futbolchilari bilan yaqqol ajralib turibdi. Har holda, germaniyaliklar oxirgi mavsumlar yetakchi klublarda aynan individuallik evaziga o‘z yo‘llarini topmoqdalar. Fikrimcha, terma jamoaning hozirgi muhiti ham ijobiy tomonga o‘zgargan. Yulian Nagelsmann - fantastik murabbiy! Mana, u Germaniya termasi falsafasini asta-asta takomillashtirdi, uslub bo‘­yicha o‘yin jozibadorligini yanada oshirdi. To‘g‘ri, nemislar chempionatda qaysi o‘rinni egallashlarini bashorat qilolmayman, bilganim shuki, ular o‘ta kuchli turnir o‘tkazishadi. Mezbondan boshqacha o‘yin kutish mumkinmi? Bundan nima chiqishini esa vaqt ko‘rsatadi, albatta. 

- Qiziq, Vengriya terma jamoasidan yana chaqiruv olishni kutganmidingiz? Chorlovni qanday qabul qildingiz? 

- Terma jamoamiz bosh murabbiyi avvaliga menga shu mazmunda SMS-xabar yubordi. Keyin esa matbuot anjumanida e’lon qilgan yakuniy tarkibidan menga ham joy berdi. Tabiiyki, bundan bag‘oyat xursandman. Binobarin, xalqaro maydonda Vengriya bayrog‘i ostida o‘ynash katta sharafdir. Umuman olganda, murabbiyning menga ham e’tibor qaratishi va yakunda aynan shunday qaror chiqarishini kutayotgandim. Garchi jamoaga chaqirilishimni ich-ichimdan his qilgan bo‘lsamda, o‘ziga xos hayajon yo‘q emasdi.  Bu - odamni hamisha to‘lqinlantiruvchi ajoyib tuyg‘u. Axir mamlakat milliy jamoasida o‘ynash har bir futbolchi uchun o‘zgacha cho‘qqi hisoblanadi. Mana, Gulachini yana Vengriya termasiga chaqirishdi va endi faoliyatimda 3-marta Yevropa chempionati final raundida qatnashaman. Buyo­g‘iga bo‘shashishga sira haqqim yo‘q - bor e’tiborni turnirga to‘g‘ri tayyorlanish va butun xal­qimiz ishonchini oqlashga qarataman, albatta. Oddiy ifoda etganda, Vengriya termasiga chorlovni xalqimiz ishonchi sifatida qabul qildim. O‘zi milliy jamoaga hamisha shunday yondashib kelganman.

- Xo‘sh, Vengriya milliy jamoasi libosida maydonga tushish siz uchun avvalo, nimani anglatadi?

- O, buni ta’riflashga ojizman. Mamlakat sharafini himoya qilish - futbolchilik fao­liyatim mazmuni. Agar terma jamoada o‘ynamaganimda, futboldagi yo‘lim nisbatan xiralashardi. Ayniqsa, katta turnirlarda vatan bayrog‘i ostida maydonga tushish - eng yuqori tuyg‘u. Hozirda faoliyatimdan to‘liq qoniqish hissi bor, Veng­riya farzandi ekanligimdan ham faxrlanaman. Qisqasi, terma jamoa bilan jiddiy turnirlar aro sayohatga chiqish hamisha cheksiz g‘urur va rohat bag‘ishlaydi. Albatta, Germaniya maydonlarida ham ortimizdan stadionlarga keladigan muxlislarimiz va Vengriyada teleekranlar qarshisidan joy oladigan minglab yurtdoshlarimiz bilan birga Yevropa chempionatini muvaffaqiyatli o‘tkazishdan umidvorman.

- Turnirga aynan Germaniya mezbonlik qilishi shaxsan sizga qo‘shimcha ustunlik bag‘ishlasa, ajabmas. Har holda, bu yerda o‘zingizni xuddi uydagidek his qilsangiz kerak...

- Ha, bo‘lajak turnir men uchun «uy»dagi Yevropa chempionatidek. Zero, bu yerdagi stadionlarni juda yaxshi bilaman, har birida ko‘p martalab o‘ynab chiqqanman. Qolaversa, 9 yildan buyon oilam bilan Germaniyada istiqomat qilyapmiz. O‘ylaymanki, Germaniyada shaxsiy muxlislarim ham yetarli. Bu faktorlarning barchasi men uchun alohida voqelik yaqinlashayotganini anglatadi, albatta. Taqdirimdan aslo nolimayman. Hozirga qadar Germaniyada o‘ynash va muxlislar e’tirofidan bahra olish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Endi Vengriya termasi safidagi o‘yinlarda ham olqish olishni istayman. Bu men uchun ko‘p narsani anglatadi. Umid qilamanki, yana bir necha yillardan keyin Yevro-2024ni qoniqish va tabassum bilan esga olish uchun zamin hozirlayman.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 16:01, 31.05.2024.
O'qildi: 775 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.