Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Olivye Jiru: «SI GIRATO GIROUD qalbimda mangu yashaydi»

Olivye Jiru: «SI GIRATO GIROUD qalbimda mangu yashaydi»

Baho:
+ | -

Italiya «A» seriyasi 38-turidan o‘rin olgan «Salernitana»ga qarshi o‘yin (3:3) «Milan» hujumchisi Olivye Jiru uchun «rossonerlar» safidagi oxirgisi bo‘ldi.

Hakamning final hushtagi yangrashi bilan milanlik muxlislar Si Girato Giroud qo‘shig‘ini baralla kuylagancha fransiyalik faxriyni chiroyli tarzda kuzatib qo‘yishdi. «Milan» matbuot xizmati esa shu ham yoqimli, ham qaysidir ma’noda g‘amnok xayrlashuvdan so‘ng Olivyedan klub rasmiy sayti uchun alohida intervyu oldi.

- Uyga qaytgach, o‘zingizga atalgan qo‘shiqni takrorlaysizmi?

- Ushbu qo‘shiq yuragimda abadiy qolishi aniq. Bugun gol urdim va muxlislarning qo‘shiqni yana jo‘r ohangda kuylashganini ko‘rish juda yoqimli bo‘ldi. Hozir mislsiz darajada xursandman, nafaqat o‘zim, balki jamoadan ketayotgan Kaldara, Mirante, Simon va murabbiy uchun ham.

- O‘yindan keyin ota-onangizni bag‘ringizga bosdingiz...

- Tabiatan shundayman, yaqinlarim bilan iliq munosabat - hayotim mazmuni. Afsuski, bugun ikki akam va singlim stadionga kelolmadi, xayriyatki, farzandlarim ham, turmush o‘rtog‘im ham shu yerda edilar. Har kuni menga yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor turadigan insonlar bor, ular men uchun juda ko‘p narsani anglatishadi. Qisqasi, hamisha yaqinlarimga muhtojman. Mana, bugun ham ular bilan his-tuyg‘ularimni baham ko‘rdim - bu esdan chiqmaydigan holat.

- «Arsenal» va «Chelsi»da orttirilgan boy tajribadan so‘ng «Milan»da ham shunday ajoyib davrni boshdan o‘tkazishni o‘ylaganmidingiz?

- Ochig‘ini aytaman, jamoa safiga qo‘shilganimda, naq 3 yil shu darajada yayrab o‘ynashim mumkinligi xayolimga ham kelgan emasdi. Shukrki, tanam imkon berdi va meni iliq kutib olgan ajoyib yigitlar davrasida maroq bilan to‘p surdim. Asosiysi, futbolga ishtiyoqim yanada oshdi, natijada «Milan» libosi va muxlislariga nisbatan kuchli muhabbat topdim. E’tiborlisi, hamjihatlik bir zumda shakllandi. Chunonchi, hayotda va futbol maydonida bir xilman. Har qanday holatda ham, o‘zligimni yo‘qotmaslikka harakat qilaman.

- Mana, «Milan»dan ket­yapsiz. jamoaning hozirgi holati qanday? Cho‘qqiga chiqish uchun nima yetishmayapti?

- Aytishim kerak, klubda ko‘p yo‘nalishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan. Lekin murabbiy yoki klub direktori emasman, shuning uchun natijalarni muhokama qilishim noo‘rin. Menimcha, Ibragimovichning rahbariyat tizimiga qo‘shilgani katta turtki beradi. Zlatanning boy tajribasi har tomonlama qo‘l kelishi tayin. Qolaversa, unutmaslik kerak, yakunlangan mavsum birgina «Inter»dan ortda qoldik. Hozirgi «neradzurralar» esa qanday holatda ekanliklari hammaga ma’lum. Yana nima derdim, «Milan» kelasi mavsum skudetto uchun chinakamiga kurashishidan umidvorman. To‘g‘ri, maqsadni yanada yuqori olish uchun tarkib raqobatbardoshligini oshirish kerak. Ha, jamoada sifatli futbolchilar ko‘p, faqat ba’zi nuqtalarni kuchaytirish talab etiladi. Umuman, «Milan»ning yaqin kelajagidan xotirjamman, tashvishlanish uchun sabab yo‘q. Faqat Pioli o‘rniga munosib murabbiy jalb etilsa, bas.

- Maydonda qisqacha xayr­lashuv nutqi so‘zladingiz. Nima, bu «San Siro» bilan abadiy vidolashuvmi?

- Yo‘q, stadionga hali yana qaytaman, faqat endi tomoshabin sifatida. Kelajakda klub tizimida ishlashim mumkinmi? Hayotda sizni loaqal ertaga nimalar kutayotganini ham bilolmaysiz. Shunday ekan, vaqtdan ilgarilab ketish yaramaydi. To‘g‘ri, butsalarimni mixga ilganimdan keyin futbolda qolishni istasam, o‘ylaymanki, «Milan» men uchun eng yaxshi variant bo‘ladi.

JIRUNING XAYRLASHUV NUTQI

- Xayrli kech, «San Siro»! Avvalo, meni «Milan» oilasiga qabul qilgan barcha menejerlarga yuksak ishonch uchun minnatdorchilik bildirishim kerak. Ayniqsa, murabbiyga rahmat - u eng qiyin daqiqalarda ham menga ishonch bag‘ishladi, qo‘llab-quvvatladi. Og‘ir pallalarda birlashish naqadar  muhimligini yaxshi bilaman. Birinchi mavsumni qoyilmaqom tarzda o‘tkazganim, faoliyatimdagi eng yaxshi his-tuyg‘ularni boshdan kechirganimni aslo unutmayman. Barcha jamoa­doshlarim va muxlislarga eng yaxshi tilaklarimni yo‘llayman. «Milan» yaxlit jamoa va ahil oila edi va shunday bo‘lib qoladi. Rahmat yigitlar. Bu nutq va Si girato Giroud qo‘shig‘i yuragimda abadiy qoladi. Simon bilan bolalik chog‘idan «Milan»da o‘ynashni orzu qilganmiz. Mana, birgalikda g‘ururlanishga arziydigan sayohat yo‘lini bosib o‘tdik. «Milan»dagi 3 mavsumni hech qachon unutmayman. Forza Milan!

MUHAMMADXON tayyorladi.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:45, 05.06.2024.
O'qildi: 982 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.