Kirish Ro'yxatdan o'tish
21/12 00:45 Verona 0-1 Milan
21/12 01:00 Jirona 3-0 Valyadolid
21/12 17:30 Aston Villa 2-1 Manchester Siti
21/12 18:00 Xetafe 0-1 Malyorka
21/12 19:00 Torino 0-2 Bolonya
21/12 20:00 Brentford 0-2 Nottingem Forest
21/12 20:00 Ipsvich 0-4 Nyukasl
21/12 20:00 Vest Xem 1-1 Brayton
21/12 20:15 Selta 2-0 Real Sosyedad
21/12 22:00 Jenoa 1-2 Napoli
21/12 22:30 Kristal Pelas 1-5 Arsenal
21/12 22:30 Osasuna 1-2 Atletik Bilbao
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma - Parma
22/12 18:00 Valensiya - Alaves
22/12 19:00 Fulhem - Sautgempton
22/12 19:00 Lester - Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted - Bornmut
22/12 19:00 Everton - Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya - Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid - Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem - Liverpul
22/12 22:00 Atalanta - Empoli
22/12 22:30 Leganes - Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas - Espanyol
23/12 00:45 Monsa - Yuventus
23/12 01:00 Betis - Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze

Tibo Kurtua: «Menga bunday bosim, asabiylashish yoqadi aslida...»

Tibo Kurtua: «Menga bunday bosim, asabiylashish yoqadi aslida...»

Baho:
+ | -

Chempionlar Ligasi finalidan oldin gapirish Kurtua uchun odatiy holga aylandi.

 Desimokuarta arafasida u «tarixning to‘g‘ri tomonida» ekanligini ayt­di va bu mashhur iboraga aylandi. Navbatdagi final arafasida Tibo AS nashriga bergan intervyusida: «Men avvalgidekman, hech narsa o‘zgarmadi», demoqda. Suhbatdan roppa-rosa 293 kun oldin u futbolchi olishi mumkin bo‘lgan eng yomon jarohatlarga duch keldi: chap tizza xochsimon ligamentlarining yorilishi. Bu oylar jahannamning o‘zginasi edi va 19 mart kuni, endi-endi o‘ziga kela boshlagan paytda o‘ng tizzasida ham muammo paydo bo‘ldi. Hamma uning uchun mavsum tugaganini aytayotgandi. Ammo Tibo tinimsiz ishladi va mana, Chempionlar Ligasi finalida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi («Real» «Borussiya Dortmund»ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi va 15-ECHL kubogini qo‘lga kiritdi). «Mo‘’jiza-odam»ning o‘zgacha mo‘’jizasi!

- 10 avgust, Valdebebas. Chap tizzangizdagi xochsimon ligmentlar, bir necha oydan keyin esa o‘ng meniskusingiz yorilib ketdi. Sizning o‘rningizda boshqa istalgan kishi taslim bo‘lar va mavsumni erta yakunlardi...

- Ha, birinchi kunlar juda va juda og‘ir kechdi. Doktor mavsum men uchun deyarli tugaganligini aytgandi. Meniskusni tikishga majbur bo‘lish juda og‘riqli, chunki bu tizzangizni 90 darajadan ko‘proq egishga imkon bermaydi... va bu holda tiklanish yana 3-4 oy davom etadi. Shunday vaziyatda ham doimo ijobiy munosabatda bo‘ldim, hech qachon umidimni yo‘qotmadim va bu mavsum hali o‘ynashimga ishondim. Nazariy jihatdan, tiklanishim 8-10 oyga mo‘ljallangandi va faqat 8-oyda shifokorlar o‘ynashga rozi bo‘lishadi, chunki bundan oldin ular ma’lum bir xavf hali ham mavjud deb o‘ylashadi...

- Va ayni o‘sha paytda kutilmagan - ikkinchi jarohat paydo bo‘ldi...

- Mart keldi va men o‘zimni juda yaxshi his qilayotgandim. Yuqori darajada mashq qilishga ham kirishgandim... Ammo keyin o‘ng tizza, meniskus yirtilishi... «Chelsi»da ham aynan shu jarohatni boshdan kechirgandim; o‘shanda ham tizzamni tikishgandi. Esimda, doktor Leyes o‘shanda 8 yildan keyingina iplar bo‘shashi mumkinligini aytgandi, bu normal holat... O‘sha paytda o‘zimni juda yomon his qilardim, lekin o‘sha kuni kechqurun shifokorga bu 3 yoki 6 oydan keyin emas, balki hozir sodir bo‘lganligi yaxshi ekanini aytdim. Ko‘pchilik men uchun mavsum tugadi, deb o‘ylardi, lekin men umidimni yo‘qotmadim. «Kadis»ga qarshi o‘yin shaxsiy g‘alabam bo‘ldi. O‘shandan beri avvalgidek hech narsa o‘zgarmaganligini isbotlash uchun qattiq mashq qilishni davom ettirmoqdaman. Men o‘zimni o‘yinga 100 foiz tayyor holatda his qilyapman va «Uembli»da maydonga tushishga tayyorman.

- Kris Ramos bilan qarama-qarshilikdagi o‘sha seyv, yana «Granada» bilan o‘yinda ikkita, «Alaves» bilan «Stad de Frans»dagiga o‘xshash bir seyv, 4ta «quruq» o‘yin... Odamlar qanday qilib bunday yaxshi holatda qaytishga muvaffaq bo‘lganingizni tushunishmayapti.

- Men o‘zimni yaxshi bilaman, ko‘p narsaga qodir ekanligimni, bundan ham yaxshiroq bo‘lishimga bo‘lgan ishonchimni hech qachon yo‘qotmaganman. Tanamning yuqori qismidagi, shuningdek tizzalarimni himoya qilish uchun oyoqlarimdagi mushaklarni kattalashtirdim. Bu darhaqiqat menga ko‘proq kuch berdi. Shuncha vaqtni kuchliroq bo‘lish uchun ishlatdim (tanasini ko‘rsatadi). «Kadis» bilan o‘yinda mavhumlik bor edi, lekin o‘yindan o‘yinga o‘tganim sari o‘zimni avvalgidek his qildim. Murabbiy va jamoadoshlarimga bunday ishonch va xotirjamlik baxsh etishni yaxshi ko‘raman.

- Zidanning so‘zlariga ko‘ra, kimdir uni yuqoridan kuzatayotganini his qilgan ekan. Taqdir Londonda baxtli yakunni xohlayotganga o‘xshaydi!

- Umid qilamanki, shunday bo‘ladi! Ayniqsa, butun mavsum davomida kurashgan klubim va jamoadoshlarim uchun. Va buning uchun ular qanday kurashganliklarini bilaman, chunki men jamoada edim va qo‘limdan kelganicha yordam berdim. Ular finalga chiqish uchun juda katta ish qilishdi. «Borussiya» ham yo‘l izlayotgandir, albatta, lekin mening jamoadoshlarim Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonishga loyiqroq. Men ko‘p narsalarga ishonavermayman, lekin mening buvim juda dindor va u har doim nabiralariga g‘amxo‘rlik qilishga harakat qiladi... Shunday qilib, ha, bizni kuzatib turadigan va hayotda boshqaradigan kimdir bor deb o‘ylaymiz...

- Mane va Saloh hali ham o‘sha to‘plarni qanday «olib chiqqan»ingizdan hayratda. Finalda bosimni qanday yengasiz?

- Ilk professional o‘yinimni atigi 16 yoshimda, hamma narsa menga qarshi bo‘lganida o‘tkazganman... va men baribir yaxshi harakat qildim. «Genk»da, klub chempionlikni qo‘lga kiritgan oqshomda ham bir nechta sayvlarni amalga oshirdim. Niderlandiyada «muzli quyon» deb ataladigan bu sovuqqonlik bilan siz bunday bosimda tushkunlikka tushmaysiz, aksincha o‘sasiz. Bundan tashqari, Simeone yoki Mourinyo kabi murabbiylar qo‘l ostida o‘ynash ham bu jihatni yanada mustahkamlaydi va finalda siz kuchli bo‘lasiz. Menga bunday bosim, asabiylashish yoqadi aslida - adrenalin meni yaxshiroq o‘ynashga majbur qiladi.

- Karvaxalning aytishicha, «Real» o‘rtada YECHL kubogi turganda raqiblarini qo‘rqitadi. Siz qanday fikrdasiz?

- Ha, ishonchim komilki, shunday. «Atletiko» bilan 2013 yii biz Qirol Kubogini qo‘lga kiritdik, bu qo‘rquv biroz yo‘qoldi, chunki «Real» sizni tinimsiz ta’qib etishi haqiqat. Bu jamoadan tashqarida seziladi... ammo uning ichida bo‘lganingizda ham buni his qilasiz. «Bernabeu»da ta’mirlash ishlari ketgan so‘nggi yillar - men futbol olamida boshdan kechirgan eng ajoyib kechalardir. Va bu avtomatik ravishda har safar stavkalarni oshiradi va oshiradi... Buni tushuntirib berishning imkoni yo‘q. Biz unvonni allaqachon naqd deb o‘ylay olmaymiz. «Borussiya»ga katta hurmat bilan qarashimiz kerak, chunki bu ajoyib raqib. Ular «Atletiko»ga qarshi qanday raqib ekanliklarini ko‘rsatishdi: nafaqat gol urishlari, balki himoyalanishda ham zo‘r ekan. Buni «PSJ» bilan to‘qnashuvda ko‘rdik. Xullas, o‘yin oson bo‘lmaydi.

- Ikki yil oldin, «Desimokuarta» arafasida mashhur: «tarixning to‘g‘ri tomoni» iborasini o‘rtaga tashladingiz. Buni «Real» so‘nggi 10 yilda YECHLning 6-finaliga chiqishi bilan tasdiqlaydi. Ushbu gegemonlikni qanday tushuntirish mumkin, chunki «Real Madrid» «klub-davlat» emasku?

- Bu uning prezidenti, atrofidagilari va o‘yinchilarning vakolatli boshqaruvi bilan bog‘liq bo‘lib, siz ko‘rishingiz mumkinki, ular suyak-suyaklarigacha haqiqiy madridistlardir. Muxlislar bilan birdamlik esa juda ta’sirli. Biz g‘alaba uchun kurashamiz va aynan shu klubning buyukligi. O‘shanda Parijda aytganimdek, «Real Madrid» men uchun shunday: u deyarli har doim finallarda o‘ynaydi va g‘alaba qozonadi. «Dortmund»ga hurmatni saqlagan holda aytamanki, hikoyamizni to‘ldirishdan umidvormiz. Futbolda favorit bo‘lish yo‘q, men uchun final 50x50.

- «Uembli»da g‘alaba qozongan taqdirda, keyingi mavsum «Madrid» naq 7ta unvon uchun kurashishi mumkin: La Liga, Chempionlar Ligasi, Qirol Kubogi, Yevropa Superkubogi, Ispaniya Superkubogi, klublar o‘rtasidagi JCH va qit’alararo kubok...

- Mavsumni iloji boricha ko‘proq unvonlarni qo‘lga kiritish istagi bilan boshlash biz uchun har doim muhimdir. Bu ochlik bo‘lishi uchun. O‘yinlar yanada ko‘payadi. Chempionlar Ligasidagi ikkita kubokka yana bir turnir (qit’alar­aro) qo‘shildi, iyun oyida yangi formatdagi klublar o‘rtasidagi mundial... qachon dam olishimizni bilmayman, lekin ayni paytda bu qiyin. Bu jamoa unvonlarga och, hatto ba’zi o‘yinchilar allaqachon qopni to‘ldirganiga qaramay (kuladi).

- Hozir ko‘pchilik Kurtuani Yevropa chempionatida ko‘rmasligimiz haqida gapirishmoqda...

- Hozir bu haqda gapirish unchalik to‘g‘ri emas, lekin, albatta, men o‘z mamlakatim va jamoadoshlarim uchun kurashaman. Ularning ajoyib Yevroni o‘tkazishidan umidvorman.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 00:28, 12.06.2024.
O'qildi: 1057 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.