Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Kimdadir motam, qo‘shnida bayram

Kimdadir motam, qo‘shnida bayram

Baho:
+ | -

Nihoyat, 2-Bundesligada ham mavsum nihoyasiga yetdi.

Elita yo‘llanmasini naqd qilgan ikki baxtiyor klub ma’lum, uchinchi debyutantni esa afsuski ko‘rmaymiz. Sababi, «Boxum»ni «pley-off»ning mehmondagi dastlabki o‘yinida 3:0 hisobida tor-mor keltirgan Dyusseldorfning «Fortuna» klubi, kutilmaganda o‘z maydonida xuddi shunday holatga tushdi. Penaltilar seriyasida esa omad boxumliklarga kulib boqdi - 6:5.

Oltinchi omadsiz urinish

Ancha yillardan beri «Gamburg» muxlislari suyukli jamoalari biror marta elitani tark etmaganligi bilan faxrlanib yurishgandi. Chunki maqtanishga arziydigan boshqa sabab qolmagan, buyuk klubning yorqin damlari o‘tmishga aylanib ulgurgandi. «Gamburg» o‘zining so‘nggi chempionligiga 1983 yilda erishgan, o‘sha yili YECHKda g‘olib chiqishni ham uddalagandi. Keyinchalik jamoa autsayderlar safiga tushib qoldi, 2018 yilda esa 2-Bundesligaga tushib ketdi. «Hech kimga yoqmaydigan omadsizlik, lekin fojia emas. Bir yildan keyin qaytamiz» - hech bo‘lmaganda, «Gamburg» muxlislari shunday fikrda edilar. Biroq 6 yil ortda qoldi, «dinozavrlar» esa hamon ikkinchi diviziondalar. Qatorasiga uch marta jamoa naf bermaydigan 4-pog‘onani band etdi, ikki marta 3-o‘rinni egalladi, lekin to‘qnash bellashuvlarida mag‘lubiyatga uchradi.

Yakuniga yetgan mavsumda «Gamburg»ning peshqadamlik qilgan, 2-3-o‘rinlarda yurgan paytlari ham bo‘ldi. Lekin bahorda Germaniyaning 6 karra chempioni negadir o‘z o‘yinini yo‘qotib qo‘ydi va yana 4-o‘rin bilan qolib ketdi. Xullas, jamoaning jafokash muxlislarida yettinchi urinish omadli bo‘lishiga umid qilishdan o‘zga chora yo‘q.

Hilpirayver, «QuvnoQ Rojer»

Biroq Gamburg bayram qilmoqda. Boisi, shaharning «Sankt-Pauli» nomli jamoasi 13 yillik tanaffusdan keyin 2-Bundesliga g‘olibi maqomida elitaga qaytmoqda. Ajabtovur vaziyat. 114 yillik faoliyatida Gamburg Kubogidan boshqa hech narsaga erisha olmagan «qaroqchilar» yangi mavsumni Bundesligada boshlaydilar! Aslida, jamoa nafaqat Gamburg, butun Germaniyada juda mashhur. Unga hatto «Bayer» ham havas qilishi mumkin, tribunalar ustidan qaroqchilarning mashhur qora bayrog‘i - «quvnoq Rojer» hilpirab turadi. Bezorinamo tabiatli, lekin ashaddiy muxlislari esa xayriya tadbirlari uyushtirish orqali klubni bankrotlikdan saqlab qolishdi.

2011 yilda so‘nggi bor elitani tark etgan «Sankt-Pauli» asosan, o‘rtamiyonalar safida yurdi. Lekin «Gamburg»ning 2-divizionga tushishi «qaroqchilar» uchun ijobiy turtki bo‘ldi. Endi ular uchun qo‘shnilarini mahv etish va turnir jadvalida yuqoriroqda bo‘lish birinchi galdagi vazifaga aylandi. Taajjubki, dastlabki 5 mavsumda derbida g‘olib chiqqan bo‘lsalarda, yakunda finishga «Gamburg»dan keyinroq kelishdi. Oxirgi mavsumda esa aksincha, o‘zaro qarama-qarshilikda atigi 1 ochko (2:2, 0:1) olgan holda, marraga 11 ochkolik ustunlik bilan yetib kelishdi va elita yo‘llanmasini naqd qilishdi.

Yana bir ajablanarli jihati shundaki, «qaroqchilar» o‘ta kamtarin tarkib bilan g‘alaba qozonishdi. Bosh murabbiy - 31 yoshli xyustonlik Fabian Xyurseler. Uning o‘z faoliyatini davom ettirishiga kafolat yo‘q, hozircha, amaldagi shartnomasi muddati uzaytirilmagan. Taniqli o‘yinchilari ham ko‘p emas. Eng yaxshi to‘purar Marsel Xartel «Kyoln», «Union» va «Arminiya»da o‘ynagan. Sardor Irvin Jekson esa Shotlandiya va Angliyaning o‘rtamiyona klublarida to‘p surgan. Kelib chiqishi nigeriyalik bo‘lgan «Chelsi» tarbiyalanuvchisi Oladapo Afolayan hujum chizig‘ida sermahsul o‘yin ko‘rsatgan bo‘lsada, Bundesligada cho‘kib ketmaslik uchun «Sankt-Pauli»dan tarkibni kuchaytirish talab etiladi.

Tomdagi «laylak»

Kil shahrining «Xolshtayn» klubi «Sankt-Pauli»dan atigi 1 ochkoga ortda qoldi. «Laylaklar» 124 yillik faoliyatlarida birinchi marta elitada qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritdilar. Bundesliga u yoqda tursin, hatto ikkinchi divizion ham ular uchun orzuning cho‘qqisi edi. Faqat 2018 yilda «laylaklar» 2-Bundesligaga ko‘tarilishdi va debyut mavsumni 3-o‘rin bilan nishonlashdi. Biroq o‘tish bellashuvida «Volfsburg»ni yenga olishmagandi. 2020/21 yillar mavsumida jamoa muvaffaqiyatni takrorladi. Biroq safarda «Keln»ni mahv etgan jamoa o‘z uyida 1:5 hisobida imkoniyatni boy berdi. To‘g‘ri, «laylaklar» Germaniya Kubogi doirasida «Bavariya» va «Bayer» ustidan g‘alaba qozongan davrlar ham bo‘lgan. Endi jamoa shunday saviyani elitada namoyish etishi lozim.

Qiziqarli fakt. So‘nggi 25 yil ichida Bundesliga musobaqalarida asosan quyi divizionlarda to‘p surgan bir qator jamoalar - «Volfsburg», «Xoffenxaym», «Paderborn», «Augsburg», «Ingolshtadt», «RB Leypsig», «Xaydenxaym»lar ishtirok etishdi. Qaysidir jamoa elitada omadsizlikka uchradi. Lekin ijobiy natijaga erishganlar ko‘proq. Ayrim provinsiyalar vakillari hatto yevrokubok musobaqalariga, «Volfsburg» chempionlikkacha ko‘tarildi.

Bir paytlar qisqa muddat «Xoffenxaym»ni boshqargan Marsel Rapp hozir «Xolshtayn» bosh murabbiyi lavozimida ishlamoqda. Uning shogridlari orasida Lyuis Xoltbi va Stiven Sjibski kabi tajribali yarim himoyachilar to‘p surishmoqda. «Gamburg»dan «Bavariya»ga o‘tgan, lekin talab darajasida o‘ynay olmagan hujumchi Yann-Fite Arp ham hozir «laylaklar» safida to‘p surmoqda. Umuman, jamoa barqaror tarkibga ega, elitada u «Sankt-Pauli»ga nisbatan yaxshiroq natijaga erishishi taxmin qilinmoqda.

Yo‘llanmani boy  bergan «Fortuna»

Dyusseldorf shahrining jamoasi urushdan avvalgi davrda Germaniya chempioni bo‘lgan, ikki marta mamlakat Kubogini qo‘lga kiritgan va yevrokubok finalida ishtirok etgan. Lekin so‘nggi yillarda o‘yin saviyasi pasayib, ligadan ligaga ko‘chib yuradigan daydi jamoaga aylanib qolgan. 2019/20 yillar mavsumida «Fortuna» so‘nggi bor elitada to‘p surgandi. Endi u yana oliy divizionga ko‘tarilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Buning uchun jamoadan Bundesliga mavsumini 16-o‘rinda yakunlagan «Boxum»dan ikki o‘yinlik duelda ustun kelish talab etiladi. Elita vakili maydonida o‘tgan dastlabki bellashuv «Fortuna»ning sensasion g‘alabasi (3:0) bilan nihoyasiga yetdi. Biroq javob uchrashuvida nisbatan tarkibi kuchliroq bo‘lgan «Boxum» avval dastlabki o‘yindagi mag‘lubiyatni yo‘qqa chiqarib, yakunda elitadagi o‘rnini saqlab qoldi. Qisqasi, fortuna bu safar futboldagi nomdoshidan yuz o‘girdi.

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:50, 12.06.2024.
O'qildi: 2238 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.