Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/11 00:45 Parma 1-3 Atalanta
24/11 01:00 Selta 2-2 Barselona
24/11 15:00 Metallurg 1-0 Surxon
24/11 16:30 Jenoa 2-2 Kalyari
24/11 17:15 So‘g‘diyona 2-0 Lokomotiv
24/11 18:00 Osasuna 2-2 Vilyarreal
24/11 19:00 Sautgempton 2-3 Liverpul
24/11 19:00 Torino 1-1 Monsa
24/11 19:00 Komo 0-2 Fiorentina
24/11 20:15 Sevilya 1-0 Rayo Valyekano
24/11 21:30 Ipsvich 1-1 Man. Yunayted
24/11 22:00 Napoli 1-0 Roma
24/11 22:30 Leganes 0-3 Real Madrid
25/11 00:45 Lasio 3-0 Bolonya
25/11 01:00 Atletik Bilbao 1-0 Real Sosyedad
25/11 22:30 Empoli - Udineze
26/11 00:45 Venetsiya - Lechche
26/11 01:00 Nyukasl - Vest Xem

Koke: «Atletiko»ni faqat cho‘qqida ko‘rsam edi...»

Koke: «Atletiko»ni faqat cho‘qqida ko‘rsam edi...»

Baho:
+ | -

Xorxe Resureksyon Merodio yoxud Koke «Atletiko» akademiyasida shug‘ullana boshlaganida, atigi 6 yoshli bolakay edi.

U hozir 32 yoshda va dunyo futboliga allaqachon «Los-Kolxoneros» sardori sifatida tanilgan. Binobarin, 2011 yili asosiy jamoaga qo‘shilgan Koke ortda qolgan vaqt davomida qizil va oq tusli mashhur futbolkada 600tadan ortiq o‘yin o‘tkazib, «matraschilar»ning chin afsonalari qatoriga kirdi. Umuman, futbol olamida muayyan klubga yuksak sodiqlik evaziga uning muxlislari bilan juda chuqur aloqa o‘rnatgan yulduzlar sanoqli. 32ta jamoa ishtirokida yangi format bo‘yicha o‘tkaziladigan Klublar o‘rtasidagi JCH-2025 boshlanishiga 1 yildan ko‘proq vaqt qolgan bir pallada FIFA rasmiy sayti Kokeni maxsus suhbatga tortdi. «Matraschilar» sardori shu asnoda butun faoliyat yo‘lini birrov eslash barobarida hali ham g‘alaba qozonish ishtiyoqi pasaymagani haqida gapirdi.

- Koke, 2025 yil taqvimiga kiritilgan Klublar o‘rtasidagi JCHga borish nechog‘li yoqimli? «Atletiko»ning turnirga reyting bo‘­yicha yo‘llanma olgani yuzasidan nima deya olasiz?

- Tabiiyki, jahon darajasidagi turnir o‘ta muhim va unga yo‘llanma olganimiz - ko‘plab futbolchilarning uzoq yillik mehnatlari samarasi. Bunga hissa qo‘shgan ba’zi yigitlar hozir biz bilan birga emaslar. Shuningdek, murabbiylar shtabi ishini ham alohida e’tirof etish kerak. Qaytaraman, «Atletiko» uchun bunday musobaqalarda ishtirok etish juda muhim. Boz ustiga, gap barcha muxlislarni qiziqtirayotgan yangi turnir haqida ketmoqda. Shunday ekan, «Atletiko»ning bunday bayramdan chetda qolishi muxlislarimizga ham yoqmasdi. Qolaversa, oxirgi yillarda yirik musobaqalarda qatnashish borasida yuzaga kelgan uzluksizlikni saqlab qolishimiz ham muhimdir.

- Oxirgi yillar davomida «Atletiko» vakillari chindan ham, Yevropa futbolida katta mashhurlikka erishishdi, jumladan, siz...

- Darhaqiqat, necha mavsumki Yan Oblak, Antuan Grizmann va Alvaro Morata kabi yigitlar bilan birga «Atletiko» raqobatbardoshligini ta’minlashga urinib kelyapmiz. Qolaversa, Pablo Barrios, Rikelme, Samu Lino va joriy yil kelgan Artur Vermeren kabi navnihollar ham katta hajmda ish bajarishdi. Ular yosh bo‘lishlariga qaramay, katta ishtiyoqqa ega ekanliklarini amalda isbotlashdi. Umuman, biz hamisha kurash markazida bo‘lishga intilamiz, zero, jamoa fanatlarining ishonchini oqlashimiz shart. Yangi avlod ham bu yo‘lda dadil qadam bosishidan umidvorman, albatta. Umuman, «Atletiko»da o‘ynab, dunyo yulduzlari qatoriga qo‘shilish imkoniyati yetarli. 

- Klublar o‘rtasidagi JCH-2025 vaqti 33 yoshni qarshi olasiz. Demak, sizni oldinda uzoq va sehrli faoliyat yo‘lingizda yana bir sahifa kutmoqda...

- Ha, bo‘lajak turnir men uchun qandaydir yangilik, o‘zgacha tajriba bo‘lishi tayin. Bunga qadar Ispaniya terma jamoasi bilan jahon chem-pio­natida qatnashish baxtini tuydim. Endi bir umrlik qadr­don klubim safida ham JCHga borsam, faoliyatim yanada to‘kislashadi. Umid qilamanki, AQSH maydonlarida qandaydir karomat ko‘rsata olamiz. Ishonchim komil, yangi turnir ham futbolchilar, ham muxlislar uchun chiroyli va hayajonli onlarni taqdim etadi.

- 2011 yildan buyon Diyego Simeone qo‘l ostida o‘ynab kelyapsiz. Yillar davomida murabbiy bilan o‘zaro munosabatingiz nechog‘li o‘zgardi?

- Ha, anchadan buyon birgamiz, shunday ekan, oddiy nigoh tashlash bilanoq bir-birimizdan nima xohlayotganimizni tushunamiz. Lekin bu Diyego bilan xohlagan payt deylik, kechki ovqatga borishim mumkinligini anglatmaydi. Demoqchimanki, har doim murabbiy va futbolchi o‘rtasidagi masofani saqlab kelganmiz. Futbolda esa murabbiy va futbolchi o‘rtasida sog‘lom munosabat shakllanishi uchun chegarani bilish muhim sanaladi. Asosiysi, bir qarashda murabbiy aynan nima istayotganini bilib olaman. Murakkab va og‘ir davrlarni birga boshdan kechirganimiz munosabatimiz mus­tahkamlashishiga xizmat qilgani aniq. Shuningdek, quvonchli lahzalar ham birligimizni kuchaytirdi, jamoaviy kuchimizga kuch qo‘shdi.

- Unda aytingchi, Simeone «Atletiko»ni qay yo‘sinda faqat sovrinlar uchun kurashadigan jamoaga aylantirdi?

- Murabbiy klubda ish boshlaganidan keyin hammasi juda tez rivojlandi. Birin-ketin sovrinlar yutganimiz va CHLning doimiy ishtirokchisiga aylanganimiz tizim to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani samarasidir. Natija kelyaptimi, ishingizdan qoniqish hosil qilasiz, ishtiyoqingiz o‘z-o‘zidan ortib boradi. CHLda muvaffaqiyat qozongan, ichki turnirlarda sovrinlar yutgan xohlagan jamoani oling, unda barqarorlik shakllanganini ko‘rasiz. Qisqasi, bizda aqlga sig‘mas darajada izchillik bor. Agar ortga qarab, obdon tahlil qilsak, Simeone shu 12 yil davomida kuchli va raqobatbardosh jamoa tuzish yo‘lida tinmay izlangani, ulkan ishlarni amalga oshirgani oydinlashadi.

- 6 yoshida «Atletiko» tizimiga qo‘shilgan bolakay vaqti kelib, asosiy jamoada o‘ynashi, sardorlik bog‘ichi ostida maydonga tushishi va eng yirik turnirlarda mardonavor qatnashishini tasavvur qilganmidi?

- Bolalikda faqat o‘zingiz yoqtirgan jamoa libosida to‘p surish orzusi bilan yashaysiz. Mana, menga shunday orzuni ro‘yobga chiqarish, butun faoliya­timni sevimli jamoamga bag‘ishlash, uni sardor sifatida maydonga boshlab tushish baxti nasib etdi. Savolingizga kelsak, aslida bunaqasi xayolimdan ham o‘tmagandi boshida. Ha, hozir «Atletiko» safida eng ko‘p o‘ynagan futbolchiman, lekin ochig‘i, bolalikda bu qadar uzoqqa borishni o‘ylash qiyin...

- AQSHda tashkillashtirilgan mavsumoldi turnelarida qatnashgan futbolchi sifatida aytingchi, u yerda muxlislik darajasi qanday ekan?

- Shtatlardagi o‘yinlardan katta zavq olganimizni aytishim mumkin. Muxlislarda sport tadbirlariga intilish juda yuqori. To‘g‘ri, mavsum­oldi o‘yinlarni rasmiylari bilan taqqoslash qiyin, lekin mahalliy muxlislar har doim «Atletiko»ni faol qo‘llab-quvvatlashgan va bu yoqimli bo‘lgandi. Xullas, AQSH - rasmiy turnirlar uchun munosib hudud. Ishonchim komil, kelasi yili muxlislar sovrin uchun kurashadigan ajoyib jamoalarning betakror o‘yinlaridan bahra olishadi.

- AQSHda keng ommalashgan sport turlari ko‘p. Eshitishimizcha, xuddi Grizmann kabi Amerika futboliga alohida qiziqish bilan qarar ekansiz...

- Ha, bu sport turiga mehrim baland. Xususan, «Patriot» klubi muxlisiman. Bu jamoa Tom Bredi, Amendola, Edelman, Gronkovski kabi chinakam jangchilar tufayli tarixga kirganini ham bilaman. Darvoqe, Antuan va boshqa yigitlar bilan fantaziya ligada o‘zaro bahslashamiz ham. 

«Atletiko» uchun yangi formatdagi turnirning ilk chempioniga aylanishdan ko‘ra, mavsum-2024/2025ga bog‘liq yaxshiroq yakun varianti ham bormi?

- Agar AQSHdan kubok bilan qaytsak, chindan ham, tarixiy voqea bo‘ladi. Umuman, «Atletiko»ni hamisha har qanday turnir shohsupasida ko‘rishni xohlayman. Jumladan, Klublar o‘rtasidagi JCHda g‘olib chiqish ham katta orzu, albatta.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 15:33, 22.06.2024.
O'qildi: 570 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.