Yarim himoyachi Orelyen Tchuameni shu yozda «Real»ni tark etishi mumkin.
Jurnalist Ramon Alvaresning xabar berishicha, madridliklar klubiga bosh murabbiy etib tayinlanishga yaqin turgan Joze Mourinyo, agar fransiyalik futbolchi ketishga qaror qilsa, rahbariyatdan «Vest Xem» yarim himoyachisi Mateush Fernandeshni sotib olishni so‘ragan.
Mateush Fernandesh 2025 yilda 44 million yevro evaziga «Sautgempton»dan «Vest Xem»ga o‘tgan edi. Uning London klubi bilan shartnomasi 2030 yilning 30 iyunigacha mo‘ljallangan. 2025/26 yilgi mavsumda portugaliyalik futbolchi «bolg‘achilar» safida barcha turnirlarda 42 ta o‘yinda maydonga tushib, 5 ta gol urdi va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt portali Fernandeshni 50 million yevroga baholamoqda.













