So‘nggi yillar natijalaridan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, qatorasiga ikkinchi marta chempionlikka erishish mavsumni birorta mag‘lubiyatsiz yakunlagan...
Va 2016 yildagi «Lester», 2017 yildagi «Monako» singari tasodifiy g‘oliblar safidan joy «Bayer»ga ham oson bo‘lmaydigandek ko‘rinadi. Muvaffaqiyatni mustahkamlash hammaga nasib etavermaydi. Ehtimol, «dorishunoslar» buni uddalashar, Xabi Alonso jamoani tark etmoqchi emas. Biz esa sensasion zafarlar ijodkorlarining keyingi mavsumdagi natijalarini yodga olamiz.
«VERDER»
Bundesliga-2003\2004 - 1-o‘rin
Bundesliga-2004\2005 - 3-o‘rin
Baqaloq Ailton yodingizdami? Braziliyalik mergan 1980-yillardagi Karl-Xayns Rummeniggedan keyin birinchi bo‘lib Bundesligada 28ta gol urgan va «musiqachilar»ning 4-chempionliklari va Germaniya Kubogini qo‘lga kiritishlariga munosib hissa qo‘shgandi. Oliver Kan, Mixael Ballak va Roy Makay kabi afsonalari bo‘lgan «Bavariya» naq 6 ochkoga ortda qolgandi. Ailton va serbiyalik himoyachi Mladen Krstaichni ilib ketgan «Shalke» keyingi mavsumda chempiondan o‘zib ketdi, «kumush tovoq» esa Myunxenga yo‘l oldi. Biroq bremenliklar ham bo‘sh kelishmadi va 2008\2009 yillar mavsumiga qadar sovrindor uchlikda yurishdi.
«SHTUTGART»
Bundesliga-2006\2007 - 1-o‘rin
Bundesliga-2007\2008 - 6-o‘rin
O‘sha yilning eng ajabtovur voqeasi «Shtutgart»ning tasodifiy chempionligi emas, «Bavariya»ning yetakchi uchlikda yo‘qligi bo‘ldi. Grand o‘yinidagi pasayishdan «Shalke» va «Shtutgart» unumli foydalandi.
Biroq keyingi mavsumda amaldagi chempion 6-o‘rinni band etdi. Boz ustiga, startdagi 10ta o‘yinning 6tasida mag‘lubiyatga uchradi va oktyabr oyidayoq chempionlik vakolatidan judo bo‘ldi. Qo‘shimchasiga, YECHLda «Barselona», «Lion» va «Reynjers» bo‘lgan guruhda 4-o‘rinda qolib ketdi.
«VOLFSBURG»
Bundesliga - 2008\2009 - 1-o‘rin
Bundesliga - 2009\2010 - 8-o‘rin
«Shtutgart»ning zafaridan keyin sovrinni yana «Bavariya» qaytarib oldi, lekin uzoq muddatga emas. Keyingi yilda «kumush tovoq» ilk marta «Volfsburg»ga nasib etdi. Vaholanki, 26-turgacha «bo‘rilar» jadvalning o‘rtasida edilar. Biroq keyin Edin Jeko - Grafite - Zvezdan Misimovich uchligi Bundesligadagi eng yaxshi sermahsullikni namoyish etib, jamoani shohsupaga olib chiqishdi.
Keyingi mavsumda toplar tarkibda qolgan bo‘lsalarda, mo‘’jizakor sermahsullik takrorlanmadi. Ayniqsa, noyabr-fevral oralig‘ida jamoa 10ta o‘yinni g‘alabalarsiz o‘tkazdi. Qo‘shimchasiga, YECHLda SSKAdan yengilib, pley-off bosqichi yo‘llanmasini «armiyachilar»ga hadya etdi.
«VALENSIYA»
La Liga-2001\2002 - 1-o‘rin
La Liga-2002\2003 - 5-o‘rin
La Liga-2003\2004 - 1-o‘rin
La Liga-2004\2005 - 7-o‘rin
«Ko‘rshapalaklar» avvaliga YECHLda qatorasiga 2 marta finalga chiqib, shov-shuv ko‘tarishdi. Keyin navbat ichki chempionatdagi raqiblarini yanchishga keldi. Santyago Kanisares, Pablo Aymar, Roberto Ayyala, Karlos Marchena kabi afsonalar navqiron va izzattalab Rafa Benites rahbarligida yorqin o‘yinlarni namoyish etishdi. Na Ronalduning «Reali», na Messining «Barselonasi» ularga to‘siq bo‘la oldi. Diyego Simeonening yigitlari esa boshqacha fikrda edilar: navqiron Kurtua, qoyadek mustahkam Diyego Godin, Koke - Gabi - Raul Garsiya - yarim himoya uchligi Diyego Kosta - David Vilya hujumchilar dueti bilan hamkorlikda sovrinni tortib olishdi.
Biroq «matraschilar» ham navbatdagi zafarga 7 yildan keyin erishdilar. Lekin qatorasiga 11 yil ichida faqat 1 marta sovrindor uchlikdan chetda qoldilar.
«MONPELYE»
Liga 1-2011\2012 - 1-o‘rin
Liga 1-2012\2013 - 9-o‘rin
Bu jamoa elitadagi ikkinchi mavsumida chempion bo‘lgandi. Tasavvur qiling-a, keyingi yilda «Baltika» RPLda g‘olib chiqsa, nima bo‘ladi? Fantastika, to‘g‘rimi? Rene Jirar jamoasi shunday muvaffaqiyatga erisha oldi. Eng yaxshi to‘purar Olivye Jiru, Mapu Yanga-Mbiva, Yunus Belanda va Remi Kabellalar jamoasi «PSJ»dan kuchliroq ekanligini isbotladi.
Jiru «Arsenal»ga ko‘tarildi, Mapu «Nyukasl»ga. Shundan beri «Monpelye» - o‘rtamiyona jamoa.
«MONAKO»
Liga 1-2016\2017 - 1-o‘rin
Liga 1-2017\2018 - 2-o‘rin
Bu o‘ta ishonchli g‘alaba edi. Monegasklar 95 ochko bilan taxtni egalladilar - hatto «PSJ» ham bunchalik ko‘p ochko jamg‘ara olmagan. 18 yoshli Kilian Mbappe, hamon yuksak saviyadagi Radamel Falkao, Fabinyo, Joau Moutinyu, Bernardu Silva, Tyemue Bakayokolar...
«Monako» YECHLda ham zo‘r o‘yin ko‘rsatib, yarim finalgacha yetib borgandi. Tabiiyki, klub «boss»larining ovi yurib qoldi, axir jamoa ko‘proq oldi-sotdiga ixtisoslashgan. To‘g‘ri, keyingi mavsumni 2-o‘rinda yakunladi. Lekin undan keyingisida 17-o‘rinni egallab, elitada arang jon saqlab qolgandi.
«LILL»
Liga 1-2020\2021 - 1-o‘rin
Liga 1-2021\2022 - 10-o‘rin
Eden Azar va Yoann Kabay yetakchiligida «doglar» 2010\2011 yillar mavsumida ham g‘olib chiqishgandi. Biroq u paytda «Lion» zaiflashib qolgan, «PSJ» esa hozirgidek kuchli emasdi. 10 yildan keyin qo‘lga kiritilgan oltin - o‘zgacha.
«Lill» Mik Menyan, Sven Botman, Renatu Sanshesh Reynildu va boshqa iqtidorlar bilan chempionlikka erishdi. Keyin jamoa o‘yinchilar sotuvidan 79 mln. yevro ishladi va o‘rtamiyona jamoaga aylandi. Lekin YECHLda «Zalsburg», «Sevilya» va «Volfsburg»ga qarshi bahslarda 1-o‘rin bilan guruhdan chiqdi. Biroq 1\8 finalda «Chelsi»ni yenga olmadi.
«RUBIN»
RPL-2008 yil - 1-o‘rin
RPL-2009 yil - 1-o‘rin
Ro‘yxatimizdagi chempionlik unvonini himoya qila olgan yagona jamoa! Qozon klubining oltin medallarni olishiga muxlislar mavsum yakunida, Peterburg va Moskvadagi favoritlar «Rubin» bilan tenglasha olmasliklari ayon bo‘lganidan keyin ishonishdi. Qurbon Berdiyevning himoya qo‘rg‘onini vayron qila oladigan qurol hech kimda topilmadi. Qolaversa, Berdiyev shogirdlari orasida anoyi o‘yinchilar deyarli yo‘q edi: Sergey Rijikov, Roman Sharonov, Sergey Semak, Sergey Rebrov, Kristian Noboa va boshqalar.
«Rubin» keyingi oltin medalni ham ortiqcha qiyinchiliksiz, «Spartak»dan 8 ochkoga olislab ketgan holda nishonlagandi. YECHLda esa qozonliklar «Barselona»ni «Kamp-Nou»da taslim etib, tarixiy g‘alabaga erishdilar. Keyingi yillarda jamoa bunchalik yorqin o‘yinni ko‘rsata olmadi.
«LESTER»
APL-2015\2016 - 1-o‘rin
APL-2016\2017 - 12-o‘rin
«Rubin», «Monako» va «Valensiya» - hammasi ajoyib, albatta. Biroq, chinakam ertak - «Lester»ga tegishli. Tasavvurga sig‘maydigan raqobat tufayli. Barcha top-klublar inqirozga yuz tutgan, elita ikkinchi mavsumini o‘tkazayotgan «tulkilar» esa ayni qirchillama pallada. Kasper Shmeyxel, N~Golo Kante, Riyod Mahrez, Jeymi Vardi - bu yigitlar nimalarga qodir ekanliklarini ko‘pchilik hali bilmasdi. «Lester» yakunda chempionlikni qaytarib olish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo‘lgan «Arsenal»ni naq 10 ochkoga ortda qoldirgandi. Tabiiyki, sut ichib og‘zi kuygan jamoalar yangi mavsumda autsayder jamoaga erkin berishmadi, faqat Kantedan judo bo‘lgan «tulkilar» esa sovrin tugul, yetakchi uchlikka ham ilina olmadi. Fevralda esa klub mutasaddilari chempion-murabbiy Klaudio Ranyeriga chiqish eshiklarini ko‘rsatishdi. Ha, o‘shanda jamoa YECHLda chorak finalgacha ko‘tarilgan bo‘lsada, ichki chempionatda o‘rtamiyonalar safiga tushib qoldi va o‘tgan yili Chempionshipga tushib ketdi. Intihosi g‘amgin ertak. Xo‘sh, «Bayer»ning ertagining davomi qanday bo‘ladi? yangi mavsumni intiqlik bilan kutamiz.
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi