Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/12 01:30 Vilyarreal 1-1 Rayo Valyekano
19/12 01:30 Espanyol 1-1 Valensiya

Futboldagi nohaqliklar

Futboldagi nohaqliklar

Baho:
+ | -

Ko‘pincha xavbeklarni maydondagi ishlariga yarasha mukofot berishmaydi.

 Sneyder borasida bahslashish mumkin, 2010 yilda fantastik o‘yin ko‘rsatib, keyin uni takrorlay olmadi. To‘g‘ri, «Oltin to‘p»ni barcha saviyali o‘yinchilarga berish shart emas. Biroq Inyesta va Xavidek buyuk afsonalarni ochiqchasiga rag‘batdan chetda qoldirishdi. Modrichning JCH-2018dan keyingi g‘olibligiga ham savol yo‘q. Fransiyadan birorta futbolchi xorvatiyalik kasbdoshi kabi yaqqol ko‘zga chalinmadi. Shuningdek, Luka «Real»da ham ajoyib edi. Xoland va Mbappening oila a’zolari agar Erling va Kilian «Oltin to‘p»ga erishishni istasa, uni Madridda amalga oshirish osonroq bo‘lishiga ishonadilar.

«Barselona» esa Messi tez-tez g‘olib chiqishi uchun barcha sharoitni yaratdi. Shuningdek, Leo «PSJ»da ham nufuzli sovringa sazovor bo‘ldi. O‘yinchini tanlashda siyosiy vaziyat ham, reklama ham muhim o‘rin tutadi. Misol uchun, Infantino dunyoning turli burchaklaridagi xizmatchilariga braziliyalik Vinisius uchun ovoz berishni tavsiya etishi mumkin. Chunki katta futbolda irqchilikka oid mojarolar ko‘payib ketdi.

Aytingchi, mavsumni binoyidek o‘tkazgan YECHL g‘olibini ulushidan mahrum qilib, «Manchester Siti»dagi yevropalik o‘yinchi foydasiga hal qilish mumkinmi? Axir «Oltin to‘p» faqat hujumchilar uchun belgilangan mukofot emasku. Futbol tarixida bu sovringa sazovor bo‘lgan himoyachi va xavbeklar juda oz. Ronaldu va Messining sermahsul o‘yinlari evaziga hujumchilar plankani ko‘tarib yuborishdi. Biroq bir qadam ort­ga qaytib, «Oltin to‘p»ni yuksak saviyadagi ishbilarmon xavbekka berish mumkin ekanligini tan olish vaqti kelmadimikan?

Rodri boshqa ko‘pchilik kasbdoshlaridan ziyoli va o‘qimishli ekanligi bilan farq qiladi. U universitetda tahsil olgan. Shunchaki, ota-onasining talabini bajarish uchun o‘qigan emas. Kursdoshlaridan ajralib qolmaslik niyatida yotoqxonada yashadi, menejer diplomiga ega bo‘ldi. Gap-so‘zlari va yurish-turishidan, Rodri aqlli va ishbilarmon yigit. U bir talay mojarolarga sabab bo‘lgan Mbappe emas, o‘ta kamtar futbolchi.

Vinisius va Bellingemga hozircha, barqarorlik yetishmayapti. Rodriga yo‘llangan maqtovlar Jud yoki Vinisiusning fazilatlariga putur yetkazmaydi, barqarorlikka erishsalar, mukofotlar o‘zi keladi. Gvardiola Rodriga o‘zgacha futbolchi maqomini bergani bejiz emas, unda bema’ni tatiurovkalar ham, qimmatbaho avtomobillar ham yo‘q, ko‘pchilik qatori, do‘stlari bilan samimiy suhbatlashadi, o‘z o‘yinlarini qaytadan ko‘rib chiqishni kanda qilmaydi. Shu tarzda to‘p suradigan futbolchilardan malakali murabbiylar shakllanadi.

Endi «Oltin to‘p» mukofotini to‘liq klub mavsumi uchun beriladi. Ya’ni, o‘tgan yildagi UYEFA Superkubogidan Amerika Kubogining finaligacha bo‘lgan davr inobatga olinadi. Braziliya hal qiluvchi bahsga chiqa olmadi. Vinisius jarohati tufayli Urugvayga qarshi maydonga tusha olmadi, lekin bungacha yetakchi futbolchi maqomida bo‘ldi. U 2ta gol urdi, lekin bu gollar Bellingemning Yevrodagi gollaridan farq qilmaydi. Ular, shunchaki, epizodlar qahramoni bo‘lishdi.

Shuningdek, Yevro-2024da Foden va Mbappening beqarorliklari ham pand berdi. Navqiron Yamal ulardan yaxshiroq o‘ynadi, biroq kamchiliklari ham yo‘q emas. Lamin «Barselona»da muvaffaqiyatga erisha olmadi. Bu yog‘iga sovrinlar, shaxsiy natijalar va nomzodning fe’l,atvori hisobga olinadi. Darvoqe, bu borada Vinisius va Bellingem Rodridan zaifroqlar. Jud Slovakiyaga urgan golini nishonlashda beadablikka yo‘l qo‘ydi, Junior esa doimo raqiblari va muxlislar bilan janjallashish niyatida. Mojarolarga moyil bo‘lgan Ronaldu va Benzema o‘z vaqtida «Oltin to‘p»ga ega bo‘lishgan. Biroq mezon o‘zgargan ekan, nomzodning obro‘sini albatta inobatga olish lozim. Rodri o‘tmishdoshi Buskets kabi simulyasiyachi emas, Karvaxal kabi raqiblariga g‘alamislik qilmaydi, Uilyams va Yamalni qora tanli bo‘lganlari uchun tahqirlamaydi.

Oldinda o‘ta qizg‘in futbol saylovlari. UYEFA va FIFA prezidentlari diktatorlarni eslatadilar, ko‘pincha, nomzod ham xuddi «Oltin to‘p» kabi yagona va Ronaldu yoki Messiga nasib etgan. Hatto Riberi va Sneyderning «xo‘ja ko‘rsin»ga amalga oshiriladigan saylovga qarshi e’tirozlari ham samara bermadi. Faqat Krishtianu va Leo keksayib qolishgach, yirik turnirlarda yoqimsiz o‘yin ko‘rsatishdi. Bu «Oltin to‘p»ga arziydigan futbol emasdi.

Shunday ekan, g‘olib xususida bahs-munozaralar bo‘lishi aniq. Biz aynan Rodri xususida mulohaza yuritishni lozim topdik. Markaziy yarim himoyachilarga futboldagi shon-shuhrat daqiqalari juda kam nasib etadi. Vaholanki, Rodri o‘tgan mavsumda YECHL finalida g‘alaba golining muallifi bo‘ldi. Yangi mavsumda esa nufuzli turnir g‘olibi bo‘ldi, Yevro-2024da aynan u Kukurelyaga, Le Normanga, Ruis va Olmoga o‘zlarini ko‘rsatish imkoniyatini berdi. Ularning barchasi munoosib da’vogarlar, lekin g‘oliblik maqomi yagona. Rodri kamtarin yigit, ijtimoiy tarmoqda sahifasi yo‘q. U o‘z ma’shuqasini ham jamoatchilikdan rashk qiladi, uzoqroqda olib yurishga intiladi. Laura - yosh jarroh. Agar u tibbiyotda kamolga yetishni istasa, juftini Ispaniyaga qaytishga ko‘ndirishi kerak.

Ayni pallada Anchelotti va Peres Rodrining transferini muhokama qilishmoqda. «Siti» xavbeki «shaharliklar»ning sud ishlaridan yaxshi xabardor. Agar huquqshunoslar moliyaviy qonunbuzarliklar uchun jamoani jiddiy jazo kutayotganini klub yetakchilariga yetkazishsa, Gvardiolani yangi yilning yozida Angliya terma jamoasi kuting. Xoland va boshqa yulduzlar ham Manchesterni tark etishadi. Agar Rodri avgustda «Real»ga o‘tsa, ulardan o‘zib ketadi. Tchuameni esa bir yil avval «Liverpul»ga o‘tmagani uchun pushaymon bo‘lishi aniq. Peres Rodrini olib kelish maqsadida Rauldan voz kechdi, «Real»ga muvozanatni tiklaydigan o‘yinchi kerak. Mbappe Yevro-2024da omadsizlikka uchradi. Anchelottini esa Vinisius va Kilian ikkovlon risoladagidek hujum chizig‘ini shakllantira olish-olmasligi masalasi tashvishga solmoqda.

Asosiy tarkibida Kroos va Modrich bo‘lmagan jamoa chinakam yetakchiga muhtoj. Rodri esa «Oltin to‘p» da’vogarlari ro‘yxatida peshqadam bo‘lib oldi. Garchi Rodrini o‘z tarkibiga jalb etish g‘oyasi «qirollik klubi»da Yevrodan avvalroq tug‘ilgan bo‘lsada, yulduzlar endi uchrashdilar. Ernandes Kaskantes dunyodagi eng yaxshi futbolchilarning biri ekanligi shubhasiz bo‘lsada, maqtovlarni tasdiqladi.

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:40, 05.08.2024.
O'qildi: 3781 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.