Tyago Alkantara uchun juma kuni uning "Barselona" murabbiylar shtabidagi so‘nggi kuni bo‘ldi. Bu haqda Kataloniya klubi rasmiy sayti xabar berdi. "Blaugrana" bir oy oldin Tyagoning Xans-Diter Flikning murabbiylar shtabiga kirishini e’lon qilgandi. Qayd etilishicha, ish vaqtinchalik bo‘lgan.
Endi Alkantara o‘rniga "Barselona" murabbiylar shtabida avval 16 yoshgacha bo‘lgan yoshlar toifasida yoshlar jamoasini boshqargan Arnau Blanko ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Tyago Alkantara shu yilning yozida 33 yoshida faoliyatini yakunlagandi. Ispaniyalik futbolchi tez-tez jarohat olgani uchun shunday qarorga kelgan.