Superligada 16-tur yakunlandi. "Bunyodkor" klubi bu tur safarda "Navbahor" bilan kuch sinashdi va 2:2 hisobida durang o‘ynadi. Bellashuvdan so‘ng jamoa murabbiyi Ilyos Zeytullayev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
O‘yin tomoshabop bo‘ldi. Bugun jamoalarini qo‘llab-quvvatlagani kelgan ishqibozlarga minnatdorchilik bildiraman. Yigitlarimga achindim. 10 sekund qolganida bo‘lib o‘tgan ishga ortiqcha to‘xtalmoqchi emasman.
Bugungi durang siz uchun g‘alabaga tengmi?
To‘g‘risi, 3 ochko biz uchun oltinga teng bo‘lgan bo‘lar edi. 10 kishi bo‘lib "Navbahor"dek kuchli jamoa bilan o‘yinda jang qildik. Ko‘rganingizdek, yigitlarim bugun ko‘prog‘iga loyiq edi.
Bugun "Bunyodkor" yaxshi ko‘rindi. Jamoa qo‘shayotgani ko‘rinmoqda. Bu nimaning effekti?
Bunday progress kuzatilsa, bu barchaning hizmati bo‘ladi. Albatta, yigitlarning mehnati. To‘g‘ri, shtabim ham yordam bermoqda, lekin jamoaga alohida tashakkur bildiraman. "Paxtakor", "Andijon" va "Navbahor" singari jamoa bilan tengma-teng jang qildik. Bugun zaxirada o‘tirganlar ham maydondagilar singari birdek hayajonlandi. Bu umumiy g‘alaba.
Bugun jamoangizdagi legionerlaringizni o‘yini haqida fikringiz qanday?
To‘g‘risi, ularning o‘yinidan qoniqdim. Bunday vaziyatda elitada jon saqlab qolish uchun kurashish oson emas. Futbolchi bo‘lganim uchun buni yaxshi his qilaman. Ular yaxshi qo‘shilib ketishdi. Bugun jamoa uchun mehnat qilishdi. Legionerlarning barchasidan ko‘nglim to‘ldi.
Italiyadan nimanidir "Bunyodkor"ga olib kirishni reja qilganmisiz?
Ko‘p yillar o‘tgan bo‘lsa ham, vatanimni unutganim yo‘q. Italiyadagi 20 yildan ortiq vaqt davomida o‘rgangalarimizni sekin-astalik bilan jamoaga singdirishni boshlayapmiz. Menga yordam berish uchun Italiyadan jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy kelgan. Video darslar, mashg‘ulotlar yordamida ishlayapmiz. Futblchilarimga ko‘p aytaman. O‘yinning 30 foizi taktika bo‘lsa, qolgani ruhiyat va boshqa aspektlarga suyanadi. Aynan bugungi uchrashuvdagi hamjihatlik ko‘mak berdi.
"Navbahor"ning o‘yinlarini o‘rganganingiz aniq. Jamoani qanday kuchli tomonlarini ayta olasiz?
Juda kuchli jamoa. Ajoyib ijrochilardan iborat tarkib. Bugun bizga qiyin bo‘lishi aniq edi. Shu bois, ko‘proq pastroqda qarshi hujumga suyanib harakat qildik. "Navbahor"ga bugungi bahs bilan baho berib bo‘lmaydi. Sergey Lushchanning uslubi raqibni o‘z jarima maydonchasi ichida to‘psiz qoldirib jazolashga urinadi. Yaxshi jamoa.
"Navbahor"ga bugun vaziyatlardan foydalanishda nimalar yetishmadi?
Menimcha, yigitlar bugun oxirgacha jang qilishdi. Ularga so‘nggi zarbani berishga imkon bermadik. "Nasaf" bilan bir kishi kam bo‘lib ochko oldik. Bugun ham bu ishni uddaladik. Shu bois, "Navbahor"ga muammo tug‘dirdik. Bu futbol. Hech qanday boshqa narsa yo‘q. Muxlislar oldida ular shoshilishdi chog‘i. Boshqa hech narsa ayta olmayman.
Italiya va o‘zbek futboli nima bilan farq qiladi?
Biroz farq qiladi. Taktika va detallar borasida tafovut bor. Bizda tezkor va kurashlarga boy futbol. Yevropa futboli boshqacha, ammo buni yaxshi yoki yomon deb bo‘lmaydi. Farq qiladi.
Bu mavsumda kim chempion bo‘ladi? Kubokda kim g‘olib chiqadi?
"Nasaf" kurashib ko‘radi. Shuningdek, OKMK ham jang qiladi. To‘g‘risini aytsam, "So‘g‘diyona"ning o‘yini ham manzur kelmoqda. Kichik autsayderni bor ekanligi yoqimli. Shuningdek, "Paxtakor"ni ham hisobdan chiqarish kerak emas. Kubok haqida nimadir deyish qiyin. Hech bir jamoaga muxlislik qilmayman. Kuchli jamoa yengani to‘g‘ri bo‘ladi.