Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Chinakam iroda timsoli

Chinakam iroda timsoli

Baho:
+ | -

16 yoshli paytida Rikkardo Kalafyori «Roma» bilan dastlabki professional shartnomasini imzolaganida, ko‘pchilik uning faoliyatini ochilmay so‘lgan gulga qiyoslagandi...

UYEFA o‘smirlar ligasi doirasidagi «Viktoriya» (Plzen) klubiga qarshi uchrashuvning 82-daqiqasida uning o‘ng oyoq tizzasi Vaslav Svoboda tomonidan berilgan kuchli zarba ta’sirida shunchalik shishib ketdiki, chap tizzasidan 3 baravar katta bo‘lib qolgandi.

Shikastlanish darajasini aniqlashga kirishgan ayrim mutaxassislar ko‘zlariga ishonmay qolishdi: tizza bo‘g‘imlari to‘la-to‘kis parchalanib ketgandi. Oqibatda, Kalafyori 347 kunga safdan chiqdi va 2019/20 yillar mavsumini «Roma»ning yoshlar jamoasi tarkibida boshladi. Tabiiyki, o‘ta og‘ir jarohatdan keyin Rikkardoning avvalgidek to‘p sura olishiga kafolat yo‘q, hamma gumondor edi.

Rimliklar klubida ko‘pchilik Kalafyorini bilardi. Hatto asosiy tarkib o‘yinchilariga ham yosh iqtidor yaxshi tanish edi. Rikkardo shifoxonaga yotqizilganidan keyin bir necha soat o‘tgach, Edin Jeko yuqorida zikr etilgan «Viktoriya» darvozasiga gol urgach, zaxira o‘rindig‘i tomon chopib ketdi va Kalafyorining raqami tushirilgan futbolkani baland ko‘targandi. Oradan 2,5 yil o‘tgach, italiyalik himoyachi «Ayaks»ga qarshi bellashuvda bosniyalik jamoadoshini golli vaziyatga olib chiqib, hisobning tenglashishiga va jamoaning YEL yarim finaliga chiqishiga yordam berdi.

O‘shanda «bo‘rilar» muxlislari jamoa Franchesko Totti va Daniele De Rossidek afsonalar o‘rniga munosib nomzod topa olganini mamnuniyat bilan ta’kidlashni boshlab yuborishgan, biroq o‘sha paytdagi bosh murabbiy bu masalaga ancha ehtiyotkorlik bilan yondashgan, navqiron Rikkardo ulg‘ayib olishi uchun vaqt kerak ekanligi, hozir uning zimmasiga kuchli bosim bo‘ladigan vazifalarni yuklamaslik lozimligini aytgandi. Yigitchani porloq kelajak kutayotganiga hamma ishonch hosil qilgandi. Biroq bu yuksalish poytaxtdan tashqari hududda namoyish etildi.

2021 yil yozida Fonsekaning «Roma»ni tark etishi Kalafyori uchun o‘ta kuchli zarba bo‘ldi va u «Stadio Olimpiko»ning doimiy o‘yinchisiga aylanish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Chunki jamoa yosh iqtidorlarga ortiqcha imkoniyat bermaydigan Joze Mourinyo tasarrufiga o‘tgandi. Kutilganidek, portugaliyalik murabbiy tez orada italiyalik iqtidor bilan hamkorlikni to‘xtatdi.

O‘sha yil oktyabrida Joze o‘zining yangi mutasaddilariga tarkibning kuchsizlanib borayotgani xususida ma’lumot berishni rejalashtirgan bo‘lsa, oradan 3 oycha vaqt o‘tar-o‘tmas, Rikkardoni «Jenoa»ga ijaraga berib yuborildi. 2021/22 yillar mavsumi nihoyasida esa atigi 10 mln. yevro evaziga «Bazel»ga sotib yuborildi. Yaqinda Daniele De Rossi hanuzgacha Kalafyorining ketishini «tushunish qiyin bo‘lgan yo‘qotish», deb hisoblashini ta’kidlab o‘tdi. Yanvar oyida «Roma»ga bosh murabbiy maqomida qaytgan va Mourinyo o‘rnini egallagan mutaxassis shunday kelajagi porloq o‘yinchini arzimas bahoga, keyinchalik qaytarib olish yoki keyingi transferdan foiz olish shartini qo‘ymagan holda sotib yuborishgani qattiq xafa ekanligini takrorladi.

Yangi bosh murabbiy Rikkardo yoshligi sababli o‘sha paytda jamoaning boshlang‘ich tarkibda muntazam o‘ynay olmasligini, lekin undagi yuksak salohiyatni to‘liq his etganligini tan oldi.

Kalafyori Rimni tark etishni istamagan bo‘lsada, boshqa yo‘l yo‘q ekanligini ham tushundi: «Mourinyo davrida ozroq to‘p surdim, lekin ko‘proq o‘ynashni istadim va Genuyaga yo‘l oldim. Biroq u yerda ham ishlarim qovushmadi - «Jenoa»da ham o‘rin berishmagach, «Bazel»ga o‘tishga majbur bo‘ldim».

O‘tgan yil fevralida Xayko Fogel «Bazel»da Aleksandr Fray o‘rnini egallagach, Rikkardo markaziy himoyachi pozisiyasida tobora ko‘proq o‘yin amaliyotini ola boshladi. Uni sinchkovlik bilan kuzatib yurgan «Bolonya» 24,5 mln. yevro evaziga Italiyaga olib ketgani tufayli, Kalafyori Shveysariyada yagona mavsum bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi. Italyan klubining o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Tyago Motta aynan uning 4-3-3 taktik sxemasiga mos keladigan o‘yinchi ekanligiga amin bo‘lgandi. Kelishuv jarayonida «Bazel» «Roma»ning xatosini takrorlamadi va keyingi transferning 40 foiz unga tegishini shartnomaga kiritib qo‘ydi. Yakunda Shveysariya klubi anchadan beri top-klublar nishonida yurgan himoyachi tufayli binoyidek foydaga ega bo‘ldi.

2023|24 yillar mavsumida muxlislar Kalafyorining yorqin parvoziga guvoh bo‘ldilar. Rikkardo «A» Seriyada mavsumni 5-pog‘onada yakunlash va YECHLda saralash bosqichidan o‘tish bilan Italiya futbol jamoatchiligini lol qoldirgan «Bolonya»ning muhim o‘yinchisi ekanligini isbotladi. O‘yinni o‘qiy olish va to‘pni xotirjam olib yurish fazilatlari evaziga u jamoaga katta manfaat keltira boshlagandi. Mavsum yakuniga yaqinlashgan sari, Rikkardoni Luchano Spalletti jamoasi tarkibida Yevropa chempionatida ishtirok etishini talab qiluvchilar soni ko‘payib bordi. Bu borada ayrim gumondorlar ham bo‘lsada, Franchesko Acherbi va Jorjio Skalvinining jarohat olishgani Kalafyoriga Yevroga yo‘l oladigan asosiy terma jamoa eshiklarini ochdi.

Rikkardo o‘zining uzatmalari bilan raqib to‘siqlarini osonlikcha bartaraf etishi va jamoadoshlari uchun bo‘shliq yaratish xususiyatlari bilan tanildi. O‘tgan mavsumda u 2ta gol va 5ta samarali uzatmani amalga oshirdi. Himoyachi uchun risoladagidek ko‘rsatkichlar. «Yuventus» bilan qayd etilgan jangovar (3:3) durangdan so‘ng uning jamoadoshi va nomdoshi bo‘lmish Rikkardo Orsolini adashini afsonaviy Paolo Maldiniga qiyosladi. Chunki Kalafyori xuddi Paolo kabi markazda ham, chap qanotda ham ishonchli to‘p suradi. Fabrisio Ravanelli esa aprelda Rikkardoni «Manchester Siti»da Jon Stounzning ideal o‘rinbosari bo‘lishini tasdiqlagandi.

Darhaqiqat, italiyalik himoyachi Angliyaga yo‘l oldi, lekin «Siti»ga emas, balki «Arsenal» safiga o‘tdi. Kelishuv qiymati 45 mln. yevroga teng bo‘ldi. Agar «shaharliklar» unga qiziqish bildirishganida, Rikkardo o‘yin nuqtai-nazaridan, jiddiy yo‘qotishga duch kelmasdi. Chunki Mikel Arteta - Pep Gvardiolaning shogirdi va ustozi kabi, u ham universal himoyachilarni xush ko‘radi. Mazkur transferdan hamma ulkan muvaffaqiyatni kutmoqda. Bunga Rikkardoning o‘zi sababchi. 6 yil avval faoliyati «Roma»da boshlanib, o‘sha mavsum o‘sha yerning o‘zida poyoniga yetishi taxmin qilingan o‘yinchini endi «Arsenal»dagi porloq kelajak kutmoqda.

Sodiq SOBIR tayyorladi.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 22:51, 03.09.2024.
O'qildi: 1000 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.